G‘iyosov Ilhom Karimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Boshqaruv hisobini tashkil qilish va samaradorligini oshirish yo‘nalishlari”, 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Iqt950.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01. 
Ilmiy rahbar: Pardaev Abdunabi Xoliqovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Rasmiy opponentlar: Pardaev Mamayunus Qarshiboevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Abdusalomova Nodira Baxodirovna, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Korxonalarda boshqaruv hisobini tashkil qilish borasidagi muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish yo‘nalishlarini belgilash, boshqaruv hisobini takomillashtirish orqali uning iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy-uslubiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir. 
III .Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
korxonani samarali boshqarish uchun zarur bo‘ladigan axborot ta’minotida boshqaruv hisobining qaror qabul qilish, rejalashtirish va joriy qilish bosqichlari taklif etilgan;
ilk marotaba hisob ma’lumotidan foydalanuvchilarning qoniqish indeksini o‘lchash usulini kiritish asosida boshqaruv hisobi samaradorligini baholash tizimi ishlab chiqilgan va uni amalga oshirish mexanizmi ko‘rsatib berilgan;
boshqaruv hisobning ob’ektlari guruhlarga ajratilib ular tarkibida me’yoriy-ma’lumotli axborotlar (MMA)ni tashkil etuvchi axborot ta’minoti bazasini shakllantirish zarurligi asoslangan;
korxonaning strategik maqsadlariga erishish darajasini baholash ko‘rsatkichi tizimi “Benchmarking”ni kiritish asosida takomillashtirilgan va uning ishlash mexanizmi taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Boshqaruv hisobini tashkil etish va samaradorligini oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
korxonalarda boshqaruv hisobini tashkil qilish borasidagi ijobiy xorijiy tajribalar, turli maktablar qarashlari umumlashtirilib, amaliyotda uning samarali tizimini tashkil qilish bosqichlari bo‘yicha taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2019 yil 1 sentyabrdagi 97-sonli buyrug‘i ilovasi bilan tasdiqlangan “Auditor malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ishlab chiqishda hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida boshqaruv hisobini tashkil qilish va yuritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 12 noyabrdagi 06/04-02-01-32/3542-son hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2020 yil 13 fevraldagi 01/634-20-son ma’lumotnomalari). Natijada, korxonalarda boshqaruv hisobini tashkil qilish jarayonida uchraydigan xatarlarni aniqlashga va ularni bosqichma-bosqich echishga erishilgan hamda samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkoniyatlari yaratilgan, xusuan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida boshqaruv hisobini tashkil qilish va yuritish samaradorligi 2018 yilga qaraganda 2019 yilda 22,5 foizga ortishiga erishilgan;
xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda boshqaruv hisobi samaradorligini baholash bo‘yicha taklif qilingan tizim hamda uning ishlash mexanizmini ta’minlash maqsadida monitoring o‘tkazish va samaradorlikni aniqlashtirishga doir takliflardan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan boshqaruv hisobining me’yoriy-huquqiy asoslariini ishlab chiqishda foydalanilgan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2020 yil 13 fevraldagi 01/634-20-son ma’lumotnomasi). Natijada, boshqaruv hisobi tizimini uzluksiz tarzda monitoring qilib borish va pirovardida vujudga kelayotgan xatarlarni oshig‘ich bartaraf qilish va samaradorligini oshirishga erishilgan;
boshqaruv hisobi moddalarini guruhlarga ajratish hamda ular bazasida me’yoriy-ma’lumotli axborotlar (MMA) asosini tashkil etuvchi fond shakllantirish va uning tuzilish chizmasi bo‘yicha berilgan takliflardan Moliya vazirining 2019 yil 4 martdagi 29-son buyrug‘i ilovasi bilan tasdiqlangan “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi to‘g‘risida”gi Nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 12 noyabrdagi 06/04-02-01-32/3542-son ma’lumotnomasi). Natijada, boshqaruv hisobining me’yoriy-ma’lumotli axborotlar bazasini shakllantirish va uning tufayli ma’lumotlar tezkorligi, zarur vaqtda taqdim etilishi va keng ko‘lamli bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan; 
korxonada “Benchmarking”ni amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan  tartib va uning ishlash mexanizmi doirasidagi takliflardan Moliya vazirining 2017 yil 26 dekabrdagi 182-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan davriy moliyaviy hisobotlarni tuzish, tasdiqlash hamda taqdim qilish” bo‘yicha qoidalarni ishlab chiqishda, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining strategik maqsadlarga erishish darajasini prognozlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 12 noyabrdagi 06/04-02-01-32/3542-son hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2020 yil 13 fevraldagi 01/634-20-son ma’lumotnomalari). Natijada, korxonalarning zaif hamda kuchli tomonlarini belgilab olish imkoniyati kengaygan, shuningdek, korxonaning strategik maqsadlarga erishish darajasini real vaziyatdan kelib chiqib baholash imkoniyatiga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish