Shavkat Mirziyoev koronavirus aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha topshiriq berdi.
Prezident qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Hozirgi pandemiya paytida ishsizlar, yordam va ko‘makka muhtoj aholi soni ortishi tabiiy. Turli mamlakatlar kasallikka qarshi kurashish barobarida ish joylarini saqlab qolish va iqtisodiyotni keskin tanazzulga uchramasligi uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda.
▪️Butun dunyoda bo‘lgani kabi bu murakkab jarayon O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Albatta, xalqimizni ta’minlash uchun ham, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ham mamlakatimizning zaxiralari va imkoniyatlari etarli.
Shu bois Prezidentimiz xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.
— Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq, — dedi davlatimiz rahbari.
Mavzuni davom ettirar ekan, davlatimiz rahbari Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.
Faoliyati tiklanadigan ob’ektlarda ishlar sanitariya-gigiena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etiladi.
Manba: https://t.me/koronavirusinfouz