Ochilov Saloxiddin Qulmuratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qashqadaryo vohasi sug‘oriladigan tuproqlarining kimyoviy xossalari, gumusli holati va unumdorligini oshirish yo‘llari», 03.00.13–Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/V260.
Ilmiy rahbar: Toshqo‘ziev Maruf Mansurovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.29.12.2018.B.05.03.
Rasmiy opponentlar: Jabbarov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Xoldarov Davronbek Madaminovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qashqadaryo vohasi bo‘z mintaqa asosiy sug‘oriladigan tuproqlarining kimyoviy tarkibi, fizik-kimyoviy xossalari, gumusli holatini aniqlash hamda tuproq unumdorligini tiklash, oshirish, organik moddaga boyitishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy echimlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hududning asosiy sug‘oriladigan tuproqlarini morfologik, morfogenetik xususiyatlari, kimyoviy xossalari hamda ulardagi gumus, oziqa moddalari va karbonatlar miqdorini sug‘orish ta’sirida o‘zgarishi aniqlangan;
sug‘oriladigan tuproqlarda gumus miqdori bilan azot orasidagi hamda gumus bilan asosiy ekinlar hosildorligi orasidagi korrelyativ bog‘liqlik aniqlangan;
tuproqlar biologik faolligi asosiy ko‘rsatkichlarining mexanik tarkib, gumus va oziqa moddalari miqdori, sho‘rlanganlik hamda sug‘orish davomiyligi bilan bog‘liqligi ochib berilgan;
asosiy, takroriy va oraliq (to‘qsonbosti) ekinlarini etishtirish tizimining tuproqda organik modda to‘planishi va unumdorligiga ta’siri aniqlangan;
bo‘z tuproqlar mintaqasi sug‘oriladigan o‘tloqi-bo‘z tuproqlarini organik moddaga boyitish, unumdorligini va ekinlar hosildorligini oshirish agrotexnologiyasini ilmiy-amaliy echimlari ishlab chiqilib, iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qashqadaryo vohasi sug‘oriladigan tuproqlarining kimyoviy xossalari, gumusli holati va unumdorligini oshirish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
hududda keng tarqalgan sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlar sharoitida Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani “Xusniddin Jo‘ra bobo nabirasi” fermer xo‘jaligi erlarining 1:5000 masshtabli gumus, harakatchan fosfor va kaliy elementlari bilan ta’minlanganlik kartogrammalari fermer xo‘jaliklarning 50 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 18 oktyabrdagi 02/027-3114-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu kartografik ma’lumotlar qishloq xo‘jalik ekinlarini to‘g‘ri joylashtirish, agrotexnologik tadbirlarni ishlab chiqish, mineral va organik o‘g‘itlardan to‘g‘ri foydalanishda ilmiy asos sifatida xizmat qilgan;
tuproq unumdorligini saqlash, oshirish va uni organik moddaga boyitish agrotexnologiyasi Yakkabog‘ tumanidagi sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlari sharoitida moslashtirilgan va 5 ta fermer xo‘jaliklarining 182 gektar er maydonida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 18 oktyabrdagi 02/027-3114-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqlarning organik moddaga boyishi, oziqa rejimining yaxshilanishi hisobiga paxtadan 2,2–4,0 s/ga; kuzgi bug‘doydan 10,8–12,5 s/ga; makkajo‘xoridan 14,0–20,0 s/ga, moshdan 1,0–1,6 s/ga qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan;
mineral o‘g‘itlar me’yorini 15–20% kamaytirib, asosiy, takroriy va oraliq (siderat) ekinlari etishtirish agrotadbiri Yakkabog‘ tumani “Xusniddin Jo‘ra bobo nabirasi” fermer xo‘jaligining 50 gektar maydonida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 18 oktyabrdagi 02/027-3114-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqda gumus miqdori 0,135–0,325%, fosfor 24,0–105,8 mg/kg ga, kaliy 202,1–381,2 mg/kg ga ortishiga hamda paxtadan 1,2–5,0 s/ga, kuzgi bug‘doydan 6,1–12,4 s/ga, makkajo‘xoridan 9,2–24,8 s/ga qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish