Tadjibaeva Diloromning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Milliy iqtisodiyotda institutsional o‘zgarishlar samaradorligini oshirishning nazariy asoslarini takomillashtirish (O‘zbekiston Respublikasi agrar sohasi misolida)», 08.00.01-Iqtisodiyot nazariyasi (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Iqt96.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.01.11.
Rasmiy opponentlar: G‘ulomov Saidahror Saidahmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, akademik; To‘xliev Nurislom, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Altiev Abdurashid Sultonovich, iqtisodiyot fanlari doktori. 
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Institutsional o‘zgarishlar sharoitida iqtisodiy samaradorlikni oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy-nazariy, amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
samaradorlik kategoriyasiga klassik, neoklassik, neoinstitusional ta’riflarning mohiyatini o‘rganish asosida uning mazmuniga jamiyat tomonidan qo‘yilgan maqsad, faoliyat hamda uni amalga oshirish uchun resurslarni oqilona taqsimlash va foydalanish evaziga erishilgan ijobiy iqtisodiy va ijtimoiy natija ekanligini ifodalovchi mualliflik ta’rifi ishlab chiqilgan; 
iqtisodiy samaradorlikka nazariy yondashuvlar evolyusiyasi va konseptual asoslarini tadqiq etish orqali unga yondashishning mezonlarini belgilash asosida agrar sohaning o‘ziga xosligi aks etgan konseptual jadval ishlab chiqilgan va rasmiy institutlarni tashkil etish va o‘zgartirishda ularni hisobga olish zarurligi asoslangan; 
samaradorlikning umumiy jihatlari va konseptual farqlari, jumladan “mulk huquqi dastasi” va uning taqsimlanishi hamda transaksion xarajatlar ekanligi, ular asosida xo‘jalik yuritish shakllari, iqtisodiy munosabatlarning shakllanishi va o‘zgarishini, evolyusion taraqqiyot yuz berishini aks ettiruvchi jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tizimi modeli ishlab chiqilgan; 
institutsional nuqtai-nazardan samaradorlikni oshirishda mehnatga nisbatan motivatsiyaning alohida o‘rin tutishi va uni “mulk huquqi dastasi”ning taqsimlanishi orqali amalga oshirilishi, jumladan, daromad, ish haqi va ijtimoiy to‘lovda aks etishi asoslangan hamda soha xususiyatlarini hisobga olgan holda ijtimoiy to‘lovni 2 baravar pasaytirish zarurligi bo‘yicha taklif berilgan; 
renta munosabatlarini korrelyasion-regression tahlil qilish asosida o‘rganilganda bonitet ball evaziga olinayotgan hosilning pasayib borayotganligi aniqlangan va er rentasini taqsimlash mexanizmini yagona er solig‘i stavkalari va xarid narxlari orqali takomillashtirish taklif etilgan; 
 mikrodarajada, institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirish jarayonida shakllangan, agrar sohadagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning asosiy muammolari aniqlangan, shuningdek chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va davlat shartnomasi asosida tayyorlanadigan maxsulotlar narxining bozor hamda tarmoqqa investisiya jalb etish talabiga mosligini ta’minlash darajasida bo‘lishi zarurligi borasidagi takliflar ishlab chiqilgan;
agrar sohada asosiy kapitalni yangilashga yo‘naltirilgan investisiyalar barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan darajadan 8-10 marta kamligi va investisiya kiritish evaziga olingan mahsulot xissasi esa o‘rtacha iqtisodiyotdagi darajadan 3 marta ko‘pligini hisobga olib, agrar sohadagi sertifikatlash, standartlashtirish tizimlarini mukammallashtirish, klaster ishlab chiqarish tizimini va agrobiznesni rivojlantirish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish kabi muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Milliy iqtisodiyotda institutsional o‘zgarishlar samaradorligini oshirishning nazariy asoslarini takomillashtirish  bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
samaradorlik kategoriyasiga klassik, neoklassik, neoinstitusional ta’riflarning mohiyatini o‘rganish asosida uning mazmuniga jamiyat tomonidan qo‘yilgan maqsad, faoliyat hamda uni amalga oshirish uchun resurslarni oqilona taqsimlash va foydalanish evaziga erishilgan ijobiy iqtisodiy va ijtimoiy natija ekanligi nuqtai nazaridan qarash zarurligi bilan bog‘liq taklif O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat va vazirligida mamlakatimiz rivojlanishining strategik maqsadlarini amalga oshirish jarayonini tahlil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 1 noyabrdagi 5-1/20-60-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy qilinishi transaksion xarajatlarni hisobga olgan holda real samaradorlikni aniqlashga, jamiyatning pirovard maqsadini qanday darajada amalga oshirilayotganini baholashga xizmat qilgan;
iqtisodiy samaradorlikka nazariy yondashuvlar evolyusiyasi va konseptual asoslarini tadqiq etish orqali unga yondashishning mezonlarini belgilash asosida agrar sohaning o‘ziga xosligini aks ettiruvchi ishlab chiqilgan konseptual jadval, rasmiy institutlarni tashkil etish hamda o‘zgartirishda bu xususiyatlarni hisobga olish zarurligi bo‘yicha berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligida 2018 yil yakunlarini va mamlakatda institutsional o‘zgarishlarni qiyosiy tahlil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 1 noyabrdagi 5-1/20-60-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif yordamida institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirishda iqtisodiyot va uning tarmoqlari, jumladan agrar sohadagi rasmiy institutlarni takomillashtirishga imkon yaratilgan; 
samaradorlikning umumiy jihatlari va konseptual farqlari, jumladan “mulk huquqi dastasi” va uning taqsimlanishi hamda transaksion xarajatlar ekanligi, ular asosida xo‘jalik yuritish shakllari, iqtisodiy munosabatlarning shakllanishi va o‘zgarishini, evolyusion taraqqiyot yuz berishini aks ettiruvchi “jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tizimi” modeli sifatida yondashish lozimligi bo‘yicha bergan takliflari institutsional o‘zgarishlarni tahlil qilish hamda samarasiz institutlarni aniqlash va mutanosiblikni ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 1 noyabrdagi 5-1/20-60-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarni amaliyotga joriy etilishi natijasida rasmiy, norasmiy institutlarni va ularga rioya qilishni ta’minlovchi mexanizmlarni takomillashtirishga hamda optimal xo‘jalik yuritish shakllarini rivojlantirishga erishilgan; 
institutsional nuqtai-nazardan samaradorlikni oshirishda mehnatga nisbatan motivatsiyaning alohida o‘rin tutishi va uni “mulk huquqi dastasi”ning taqsimlanishi orqali amalga oshirilishi, jumladan, daromad, ish haqi va ijtimoiy to‘lovda aks etishi, soha xususiyatlarini hisobga olgan holda ijtimoiy to‘lovni 2 baravar pasaytirish zarurligi bilan bog‘liq takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 4 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-2270-son qaroriga asosan amaliyotga joriy qilingan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi PF-5468-son farmoni bilan belgilangan soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqishda ham foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 19 noyabrdagi 1012-33158-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarni amaliyotga joriy etish natijasida respublikamizda mehnat motivatsiyasini kuchaytirishga va unumdorligini oshirishga erishilgan; 
renta munosabatlarining korrelyasion-regression tahlili asosida o‘rganilganda bonitet ball evaziga olinayotgan hosilning pasayib borayotganligi va er rentasini taqsimlash mexanizmini yagona er solig‘i stavkalari va xarid narxlari orqali takomillashtirish zarurligi bo‘yicha bergan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi 959-son “Boshoqli don etishtirishni yanada rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqishda, 2019 yildan boshlab sug‘oriladigan erlarda boshoqli don etishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga yagona er solig‘ini hisoblashda tabaqalashtirilgan koeffisientlarni qo‘llashda amaliyotga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 19 noyabrdagi 1012-33158-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarni joriy etilishi er maydonlaridan samarali foydalanishga va yuqori hosildorlikka erishishga, fermer xo‘jaliklari mas’uliyatini yanada oshirishga hamda soliq tushumini ortishiga xizmat qilgan; 
xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va davlat shartnomasi asosida tayyorlanadigan maxsulotlar narxining bozor va tarmoqqa investisiya jalb etish talabiga mosligini ta’minlash darajasida bo‘lishi zarurligi borasidagi takliflari “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining: byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish tizimini yanada takomillashtirish; chorvachilik va parrandachilik ozuqa bazasini mustahkamlash loyihalarini ishlab chiqishda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi 149-son “Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 27 noyabrdagi 959-son “Boshoqli don etishtirishni yanada rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 1 noyabrdagi 5-1/20-60-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 noyabrdagi 02/032-3630-son ma’lumotnomalari). Ushbu ilmiy takliflarning amaliyotga joriy etilishi natijasida respublikada narxlar bilan bog‘liq xolda kelib chiqqan qator muammolarni bartaraf qilinishiga erishildi. Bu takliflar istiqbolda ham qishloq xo‘jaligini rivojlanishiga xizmat qilgan. 
agrar sohada asosiy kapitalni yangilashga yo‘naltirilgan investisiyalar barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan darajadan 8-10 marta kamligi va o‘z navbatida investisiya kiritish evaziga olingan mahsulot xissasini o‘rtacha iqtisodiyotdagi darajadan 3 marta ko‘pligini hisobga olib, agrar sohadagi sertifikatlash, standartlashtirish tizimlarini mukammallashtirish, infratuzilmani, klaster ishlab chiqarish tizimini va agrobiznesni rivojlantirish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, fermerlarni iqtisodiy bilimlarini oshirish zarurligi kabi muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bergan takliflari 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari bilan bog‘liq Yo‘l xaritasining “Tarmoqlar faoliyati samaradorligi va iqtisodiyot samaradorligini oshirish. Qishloq xo‘jaligi” bo‘limini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 1 noyabrdagi 5-1/20-60-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 noyabrdagi 02/032-3630-son ma’lumotnomalari). Ushbu takliflar respublika agrar sohasidagi qator muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va joriy etishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish