Igamberdiev Kerimberdi Abdullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mashinalar gidrotizimlari tebranishlarini stabillashtirish jarayonlarini matematik modellashtirish», 05.01.07–Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/T696.
Ilmiy rahbar: Annakulova Gulsara Kuchkarovna, fizika-matematika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.27.06.2017.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Qabulov Anvar Vasilovich, texnika fanlari doktori, professor; Tuxtanazarov Dilmurod Solijonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mashinalar gidravlik tizimlarining tebranishi harakatlarini stabillashtirish dinamik jarayonlarini hisoblashning matematik modellari va sonli algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gidravlik tizim gidrotsilindridagi dempferlash va tashqi yuk qarshiligi chiziqsiz bo‘lgan hollar hisobga olinib, chiziqsiz yuklamali gidravlik yuritmani stabillashtirishning matematik modeli asosida sonli algoritmi ishlab chiqilgan;
ko‘chish va tezlik bo‘yicha teskari bog‘lanishga ega bo‘lgan, chiziqsiz xarakteristikali gidravlik tizimni stabillashtirishning matematik modeli Lyapunov funksiyalari usuli asosida echilgan va echish algoritmi ishlab chiqilgan;
Runge-Kutta usuli asosida g‘ildirakli mashinalar gidravlik uzellaridagi murakkab tebranish jarayonlarini tadqiq qilish uchun sonli hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan;
Brokett stabillash muammosi, stoxastiklik haqidagi Sinay mezoni va stabillash bo‘yicha Lyapunov usuli birlashtirilishi orqali g‘ildirakli transport vositalarining gidravlik tizimlari tebranma harakatlarini umumlashtirilgan sifat jihatdan tadqiq qilishning yangi usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘ildirakli mashinalar gidravlik tizimlaridagi jarayonlarni o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar ilmiy natijalari asosida:
g‘ildirakli mashinalar konstruksiyalaridagi murakkab tebranishlarni hisoblash tizimi bo‘yicha matematik model, algoritm va dasturiy ta’minot ob’ektning optimal amortizatsiya jarayonini ta’minlaydigan g‘ildirakli mashina osmasining zarbda stabillashtirish jarayonining matematik modeli va sonli algoritmi «Traktor» Maxsus konstruktorlik byurosi unitar korxonasiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 24 sentyabrdagi 33-8/6671-son ma’lumotnomasi). Natijada traktor gidrotizimining ishlab chiqishda loyihalash sifati va samaradorligini oshirish, tajriba-konstruktorlik mashinalarining zavod sinovlarini o‘tkazish harajatlarini kamaytirish, ishlab chiqarish mehnat unumdorligini oshirish hisobiga bir yilda 7% samaradorlik olish imkonini bergan;
gidrotaqsimlagichning boshqaruv kanali, boshqaruv gidravlik zarbning paydo bo‘lishi jarayonini tadqiq qilishning matematik modeli va hisoblash algoritmi «Xonqa Agroservis mashina traktor parki va integrallashgan servis markazi» MChJda joriy etilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 24 sentyabrdagi 33-8/6671-son ma’lumotnomasi). Natijada gidravlik taqsimlagichlarning ishonchli ishlashini 6-7% oshirish imkonini bergan;
g‘ildirakli mashinalar konstruksiyalaridagi murakkab tebranishlarni hisoblash tizimi matematik modeli, algoritmi va dasturiy ta’minoti «Qishloq xo‘jaligi injiniringi» MChJda joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 24 sentyabrdagi 33-8/6671-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqotlar natijasida turli xil fizik parametrlarga ega ma’lumotlar bazasini tashkil etish bilan stabillashtirish jarayonini sifatli boshqarishga erishilgan va ushbu ma’lumotlar bazasi hisob ishlarini 7-8% ga qisqartirish imkonini bergan.