Davlonov Xayrulla Allamurotovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Piroliz qurilmalari asosida gelioissiqxonalarning energiya samarador isitish tizimini ishlab chiqish”, 05.05.06–Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/T606.
Ilmiy rahbar: Uzoqov G‘ulom Norboevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA Fizika-texnika instituti, DSc.30.05.2018.FM/T.34.01.
Rasmiy opponentlar: Abduraxmonov Abdujabbor, texnika fanlari doktori, professor; Avezov Rabbonaqul Raxmonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: piroliz qurilmalaridan foydalanib gelioissiqxonalarning energiya samarador isitish tizimini ishlab chiqish va parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy biomassadan muqobil yoqilg‘i olish uchun tutun gazining resirkulyasiyasi hisobiga qiziydigan, issiqlik almashinuvini faollashtiradigan quvursimon reaktorli piroliz qurilmasi ishlab chiqilgan;
biomassa pirolizi mahsulotlarining chiqish miqdori jarayonning harorati, yuklanadigan xom ashyoning namligi va granulometrik o‘lchamlariga bog‘liqligi aniqlangan;
piroliz qurilmali gelioissiqxona isitish tizimining issiqlik yuklamasi, harorat rejimi, reaktordan utilizatsiya qilinadigan issiqlik miqdori va asosiy issiqlik–texnik parametrlarini aniqlash imkonini beruvchi issiqlik balansining matematik modeli ishlab chiqilgan;
gelioissiqxonaning isitish tizimini bir vaqtda issiq suv va yoqilg‘i bilan ta’minlaydigan “quvur-quvurda” tipidagi kombinatsiyalashgan qurilma ishlab chiqilgan;
piroliz qurilmalari asosida gelioissiqxonalar isitish tizimining takomillashtirilgan “piroliz reaktori–isitish qozonli” prinsipial issiqlik sxemalari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Piroliz qurilmalaridan foydalanib gelioissiqxonalarning energiya samarador isitish tizimini ishlab chiqish asosida:
bir vaqtda gelioissiqxonaning isitish tizimini issiq suv va yoqilg‘i bilan ta’minlaydigan “quvur-quvurda” tipdagi kombinatsiyalashgan qurilma ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan (“Issiqxonalarni isitish uchun qurilma”, № FAP 20180200-2018 y.). Natijada organik chiqindilarni piroliz qilish orqali qayta ishlash, issiqxonani isitish va suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan;
Qashqadaryo viloyatining fermer xo‘jaliklari issiqxonalarida piroliz qurilmali energiya samarador isitish tizimi joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 24 sentyabrdagi 02/023-2546-son ma’lumotnomasi). Natijada 100 m2 maydonli issiqxonaning isitish tizimida piroliz qurilmalari qo‘llanilishi asosida an’anaviy isitish tizimi uchun mavsum davomida talab etiladigan 8100 m3 tabiiy gaz tejalishiga va energiya xarajatlari 38% ga kamayishiga erishilgan.