Bozarov Oybek Odilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qishloq xo‘jaligi iste’molchilari uchun reaktiv gidroagregatli mikro-GES qurilmasini yaratish», 05.05.06 - Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2019.3.PhD/T773.
Ilmiy rahbar: Aliev Raimjon Usmanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Fizika-texnika instituti, DSc.30.05.2018.FM/T.34.01.
Rasmiy opponentlar: Urishev Boboraim, texnika fanlari doktori, professor; Majidov Taxirjon Shadmanovich, texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: past bosimli suv manbalari energiyasi hisobiga ishlovchi reaktiv gidroturbinali mikro-GES konstruksiyasini ishlab chiqish va uning asosiy parametrlarini maqbullashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
katta-kichik daryolar va ularning irmoqlari, sharsharali ariq-soylar hamda irrigatsiya tizimlaridagi suv manbalarida ishlovchi mikro-GES qurilmasining reaktiv gidroturbinasi ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan reaktiv gidroturbinaning texnik va energetik parametrlari orasidagi funksional bog‘lanishlar hamda maksimal FIKga erishish shartlari analitik modellashtirish asosida aniqlangan;
gidroturbinaning ichki qismlaridagi qarshiliklar evaziga bosim yo‘qotilishini kamaytirishning analitik va texnik echimlari ishlab chiqilgan;
mikro-GESlarda qo‘llashga mo‘ljallangan past chastotali elektrogenerator asinxron faza rotorli elektrodvigatel` negizida ishlab chiqilgan;
reaktiv gidrotrubinali mikro-GESning avtomatik boshqaruv tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Suv bosimi katta bo‘lmagan anhor, irrigatsiya tizimlari va daryolarda qo‘llashga mo‘ljallangan reaktiv gidroturbinali mikrogidroelektrostansiyaning texnik parametrlarini maqbullashtirish va samarador qurilmani ishlab chiqarish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ishlab chiqilgan qurilma Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Innovatsion tajriba-ko‘rgazma maydoni”da joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 iyuldagi 02/021-1080-son ma’lumotnomasi). Natijada 5 kVt quvvatli mikro-GES qurilmasi yordamida qishloq xo‘jalik iste’molchilari uchun yiliga 34 MVt*soat elektroenergiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan qurilma Namangan viloyati Norin tumani Toshkent jamoa xo‘jaligida joylashgan “Zulxumor Foziljon qizi” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 iyuldagi 02/021-1080-son ma’lumotnomasi). Natijada 10 kVt quvvatli mikro-GES qurilmasi yordamida qishloq xo‘jalik iste’molchilari uchun yiliga 54 MVt*soat elektroenergiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.