Norov Nusiratjon Nuralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Quyosh nuri bilan passiv tizimda isitiladigan fazoviy tuzilmali kam qavatli turar-joy binolarining konstruktiv echimi”, 05.09.01–Qurilish konstruksiyalari, bino va inshootlar (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/T825.
Ilmiy rahbar: Zaxidov Mansur Maxmudovich, arxitektura fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Samarqand Davlat arxitektura-qurilish instituti va Namangan muhandislik-qurilish instituti, DSc.27.06.2017.T.11.01.
Rasmiy opponentlar: Xodjaev Abbos Agzamovich, texnika fanlari doktori, professor; Shaumarov Said Sanatovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: quyosh nuri bilan passiv tizimda isitiladigan binoning issiqlik turg‘unligini xonadagi haroratning o‘zgarishiga ta’sirini o‘rganish va O‘zbekiston Respublikasidagi qishloq sharoitida quriladigan energiyatejamkor kam qavatli turar-joy binolarining funksional modelini yaratishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotning ilmiy yangiligi:
quyosh nuri bilan isitiladigan binolarni loyihalashda quyoshli va bulutli kunlarda quyosh issiqligining davriy o‘zgaruvchanligini hisobga olgan holda kerakli harorat rejimini ta’minlashda xonadagi haroratni pasayish jadalligini belgilovchi “binoning issiqlik turg‘unligi” tushunchasi kiritilgan;
har xil ob-havo sharoitida quyosh issiqligining davriy o‘zgarishi xonadagi harorat rejimiga bog‘liqligini ifodalovchi matematik model` ishlab chiqilgan;
odatiy davriy isitish tizimli (isitish pechi) uchun o‘rnatilgan me’yoriy harorat rejimini quyosh isitish tizimlarida ta’minlovchi sutkalik harorat pasayishi jadalligining miqdoriy chegaralari aniqlangan;
passiv quyosh isitish tizimli kam qavatli qishloq uylarining fazoviy-hajmiy echimlari shakllanish prinsiplari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Quyosh nuri bilan passiv tizimda isitiladigan fazoviy tuzilmali kam qavatli turar-joy binolarining konstruktiv echimi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
quyosh issiqligini vaqt bo‘yicha o‘zgarishi ta’sirida xona harorati rejimi shakllanishining matematik modeli «O‘ZTIBLOYIHA» MChJ loyihalash institutida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2019 yil 26 apreldagi 2918/09-07-son ma’lumotnomasi). Natijada, energiyatejamkor binolarni loyihalash jarayonida hisoblash ishlarini 1,2 martaga qisqartirish, loyihalash ishlari samaradorligi va aniqligini 10–15% ga oshirish imkonini bergan;
binoda harorat rejimi shakllanishining matematik modeli, xonada harorat ruxsat etilgan me’yorining dastlabki parametrlarini hisoblash usullari va turar-joy uylarida fazoviy-hajmiy strukturalar shakllanishi qoidalari «QISHLOQQURILISHLOYIHA» MChJ tomonidan loyihalangan 184-32s-10 seriyali namunaviy uylarda tatbiq qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2019 yil 26 apreldagi 2918/09-07-son ma’lumotnomasi). Natijada energiyatejamkor binolarni loyihalash jarayonida hisoblash muddatlarini 1,2 martaga kamaytirish, loyihalash ishlari samaradorligini va aniqligini 10–12% ga oshirish imkonini bergan;
quyoshli uylarni loyihalash uchun xonalarda qish sharoitida kerakli harorat rejimini ta’minlovchi issiqlikka turg‘unlik xarakteristikasi va haroratning kun davomida me’yoriy chegeradagi pasayish parametrlarini aniqlash usuli «FARG‘ONA AGROLOYIHA» MChJ loyihalash institutida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2019 yil 26 apreldagi 2918/09-07-sonli ma’lumotnomasi). Natijada energiyatejamkor binolarni loyihalash ishlarida hisoblash muddatlarini 1,2 martaga kamaytirish imkonini bergan.