Mardonov Sherzod Xalilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Nishabli dalalarga ishlov berishda qo‘llaniladigan yumshatkich sferik diskining parametrlarini asoslash”, 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/T1389.
Ilmiy rahbar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSs.27.06.2017.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: Nuriev Karim Katibovich, texnika fanlari doktori, professor; Ergashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nishabli dalalarni suv eroziyasidan himoya qilishni ta’minlashda qo‘llaniladigan yumshatkichning shudgor yuzasida o‘rkach hosil qiladigan sferik diski parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nishabli dalalarga ag‘darmasdan ishlov berish bilan bir vaqtda shudgor yuzasida suv eroziyasiga qarshi o‘rkach hosil qilish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
nishabli dalalarda suv eroziyasiga qarshi o‘rkach hosil qiladigan ish organining konstruktiv sxemasi ishlab chiqilgan;
sferik diskning tuproq bilan ta’sirlashish jarayonini ifodalovchi analitik bog‘lanishlar olingan va ular asosida uning ratsional parametrlari aniqlangan;
yumshatkich agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlarini diskli ish organning parametrlari va harakat tezligiga bog‘liq ravishda o‘zgarish qonuniyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nishabli dalalarga ag‘darmasdan asosiy ishlov beradigan yumshatkich ishlab chiqish va uning sferik diskli ish organi parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
nishabli dalalarda suv eroziyasiga qarshi ishlov beradigan plug-yumshatkichga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan («Plug-yumshatkich», №IAP 05784 – 2019 y.). Natijada nishabli dalalarga suv eroziyasiga qarshi ishlov berish texnologiyasi va uni amalga oshiradigan yumshatkichning konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
nishabli dalalarda suv eroziyasiga qarshi ishlov beradigan plug-yumshatkichga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan («Plug-yumshatkich», №FAP 00701 – 2012 y.). Natijada qiya tutqichli yarusli yumshatkichning konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
nishabli dalalarda suv eroziyasiga qarshi ishlov beradigan plug-yumshatkichga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan («Plug-yumshatkich», №FAP 00850 – 2013 y.). Natijada nishabli dalalarda suv eroziyasining oldini olish va tuproqdagi namni saqlanishini ta’minlash imkoni yaratilgan;
nishabli dalalarda ishlov berishda qo‘llaniladigan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarida, jumladan, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 19 sentyabrdagi 02/023-2435-son ma’lumotnomasi). Natijada nishabli dalalarda ishlov berishda yonilg‘i sarfi 27,3 foizga, mehnat sarfi 19,5 foizga va foydalanishdagi xarajatlar 21,9 foizga kamaygan.