Alimova Nodira Batirdjanovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Foto- va injeksiya-vol`taik effektlar qo‘llanilishi asosida radiotexnik elementlar, tugunlar va qurilmalarning tuzilish tamoyillari va usullari», 05.04.02–Radiotexnika, radionavigatsiya, radiolokatsiya va televidenie tizimlari va qurilmalari. Mobil`, tolaoptik aloqa tizimlari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/T305.
Ilmiy maslahatchi: Aripov Xayrulla Kabilovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.28.12.2017.T.07.02.
Rasmiy opponentlar: Radjabov Tel`man Dadaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik; Raximov Baxtiyorjon Ne’matovich, texnika fanlari doktori; Tashmanov Erjan Baymatovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: foto- va injeksiya-vol`taik effektlarni qo‘llashga asoslangan radiotexnik elementlar, tugunlar va qurilmalarning tuzilish tamoyillari va tadqiqot usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
foto- va injeksiya-vol`taik effektlar qo‘llanilishi asosida radiotexnik elementlar, tugunlar va qurilmalarni yaratishning sxemotexnik ortiqchalik, egizaklik, teskari aloqa, duallik tamoyillari ishlab chiqilgan;
radiotexnik qurilmalarning ishchi holatlarini barqarorlashning foto-vol`taik, injeksiya-vol`taik hamda kombinatsion (foto- va injeksiya-vol`taik) usullari ishlab chiqilgan;
injeksiya-vol`taik rejimda ishlovchi, foydali ish koeffisienti yuqori bo‘lgan yagona tuzilmaga ega tok va kuchlanish generatori ishlab chiqilgan;
kontakt potensiallar farqi 0,7 V ga teng miqdordagi ishchi kuchlanishda ishlovchi, komplimentar bipolyar tranzistorlarda bajarilgan invertor asosida mantiqiy elementlar tayyorlash usuli isbotlangan;
komplimentar bipolyar tranzistorlarda bajarilgan invertor parametrlarining haroratga turg‘unligi va simmetrik uzatish tasnifga ega ekanligi bilan ajralib turishi isbotlangan;
ko‘p bo‘g‘inli gomoo‘tishli, geteroo‘tishli tarkibiy va kaskodli tranzistorlarda kollektor tokining o‘z-o‘zini barqarorlash usuli asoslangan;
gomoo‘tishli va kaskodli kuchaytirgichli fotoo‘zgartirgichlar spektral sezgirlik va kuchaytirish koeffisienti bo‘yicha tuzish imkoniyati bilan farq qilishi hamda yuklamaga uzatilayotgan quvvat, kollektor-emitter kuchlanishi, harorat bo‘yicha keng ishlash diapazoniga ega bo‘lishi isbotlangan;
foto- va injeksiya-vol`taik effektlar qo‘llanilishi asosida ishlovchi quvvat kuchaytiruvchi fotoo‘zgartirgichning tinch holatdagi tokini barqarorlash va qo‘shimcha sozlash talab etilmaslik asosi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Foto- va injeksiya-vol`taik effektlar qo‘llanilishi asosida ishlovchi radiotexnik elementlar, tugunlar va qurilmalarining tuzilish tamoyillari va usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ishchi kuchlanishlar va harorat o‘zgarishlarida barqaror ishlashi bilan farqlanuvchi komplimentar bipolyar tranzistorlarda bajarilgan invertor “O‘zeltexsanoat” assotsiatsiyasining “Foton” AJda joriy etilgan (“O‘zeltexsanoat” assotsiatsiyasining 2019 yil 31 maydagi 04-4/615-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni qo‘llash elektron sanoat texnologiyalarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish imkonini bergan;
ishchi kuchlanish 0,7 V gacha pasaygan kichik qiymatlarda ishlaydigan komplimentar bipolyar tranzistorlar asosidagi invertor elektronika, mikroelektronika va raqamli texnika laboratoriya komplekslari element bazasi “Sank-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universiteti qoshidagi o‘quv-uslubiy markaz” MChJda hamda telekommunikatsiyaning radiotexnik va optoelektron qurilmalari element bazasi “Broadband Solution” MChJga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2019 yil 1 noyabrdagi 33-8/7784-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalarini qo‘llash ishchi kuchlanishni 0,7 V gacha kamaytirish, radiotexnik va telekommunikatsiya qurilmalarining importi o‘rnini bosuvchi qurilmalar yaratish imkonini bergan;
sxemotexnik ortiqchalik, egizaklik tamoyillari va injeksiya-vol`taik usul asosida ishlatish jarayonida ishonchlilik va parametrlar barqarorligini oshirish imkonini beruvchi ko‘p bo‘g‘inli gomoo‘tishli, geteroo‘tishli va kaskodli tarkibiy tranzistorlar “Smart vision” MChJ qo‘shma korxonasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2019 yil 1 noyabrdagi 33-8/7784-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalarini qo‘llash kollektor toki o‘z-o‘zini turg‘unlashni ta’minlagan;
sxemotexnik ortiqchalik, egizaklik tamoyillari va kombinatsion (foto- va injeksiya-vol`taik) usul asosida ishlatish jarayonida ishonchlilik va parametrlar barqarorligini oshirish imkonini beruvchi quvvat kuchaytiruvchi fotoo‘zgartirgichlar “Smart vision” MChJ qo‘shma korxonasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2019 yil 1 noyabrdagi 33-8/7784-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalarini qo‘llash qurilmaning tinch holatdagi tokini turg‘unlash va qo‘shimcha sozlashlarsiz ishlatish imkonini bergan.