Qodirov Uchqun Ilxomovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tuproqni kartoshka ekishga tayyorlaydigan mashina ishchi organlarining parametrlarini asoslash», 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/T214.
Ilmiy rahbar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSs.27.06.2017.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Ismoil Toshkentovich, texnika fanlari doktori, professor; Norchaev Davron Rustamovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tuproqni kartoshka ekishga sifatli tayyorlash va energiya-resurstejamkorlikni ta’minlash uchun tuproqqa ishlov berish bilan bir vaqtda pushta shakllantiradigan mashinani ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kartoshka ekish uchun tuproqqa ishlov berib pushta shakllantiradigan mashinaning konstruktiv sxemasi ishlab chiqilgan va texnologik ish jarayoni asoslangan;
mashina ishchi organlarining tuproq bilan o‘zaro ta’sirlashish jarayonlarini ifodalaydigan analitik bog‘lanishlar asosida ularning maqbul parametrlari aniqlangan;
mashinaning agrotexnik va energetik ko‘rsatkichlari ishchi organlarning parametrlari va agregat harakat tezligiga bog‘liq ravishda o‘zgarishini ifodalaydigan bog‘liqliklar asosida aniqlangan;
kartoshka ekish uchun tuproqni pushtaga ekishga tayyorlashda o‘qyoysimon yumshatkich panja, chuquryumshatkich, chap va o‘ngga ag‘daradigan korpuslar va g‘altakmoladan tashkil topgan mashina ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kartoshka ekish uchun tuproqni pushtali ekishga tayyorlaydigan mashinani ishlab chiqish va uning ishchi organlari parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
dalalarni pushtali ekishga tayyorlashning yangi usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan («Qishloq xo‘jalik ekinlarini pushta va jo‘yaklarga ekish uchun tuproqni tayyorlash usuli», №IAP 04832-2014 y.). Natijada agregatning bir o‘tishida hosil qilinadigan pushta ostini chuqur yumshatish, pushta shakllantirish va uni kartoshka ekishga tayyorlash texnologiyasini yaratish imkoni yaratilgan;
dalalarni pushtali ekishga tayyorlaydigan mashinaga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan («Uyg‘unlashgan tuproqqa ishlov berish quroli», №FAP 00672-2011 y.). Natijada bir o‘tishda yo‘l-yo‘l chuqur yumshatish, tuproq palaxsalarini o‘ng va chapga ag‘darib, pushta shakllantirish va uni ekishga tayyorlashni amalga oshiradigan mashina konstruksiyasini yaratish imkonini bergan;
bir o‘tishda tuproqni kartoshka ekish uchun tayyorlashda texnologik jarayonlar bajarilishining sifat ko‘rsatkichlarini baholashga dastlabki talablar va mashinaning konstruksiyasini loyihalashga texnik topshiriq ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 oktyabrdagi 02/023-280-son ma’lumotnomasi). Natijada har biri alohida rostlanadigan o‘qyoysimon yumshatkich panja, chuquryumshatkich, chap va o‘ngga ag‘daradigan korpuslar va g‘altakmoladan tashkil topgan osma va yuqori manyovrli mashina konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
bir o‘tishda tuproqni kartoshka ekishga tayyorlash uchun ishlab chiqilgan mashina O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 oktyabrdagi 02/023-280-son ma’lumotnomasi). Natijada dalalarni kartoshka ekishga tayyorlashda yonilg‘i-moylash materiallari sarfi 38–40 foizga va foydalanish xarajatlari 35 foizgacha kamaygan.