Imomqulov Umidjon Boqijonovichning
falsafa doktori  (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tukli chigitlarni qobiqlaydigan ko‘chma qurilmani takomillashtirish va parametrlarini asoslash», 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/T211.
Ilmiy rahbar: Rosaboev Abduqodir To‘xtaqo‘zievich, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSs.27.06.2017.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: Rizaev Anvar Abdullaevich, texnika fanlari doktori, professor; Ergashev Rustam Raximovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘iga kimyoviy dorilar bilan sifatli ishlov beradigan hamda tabiiy himoya vositasini saqlab qolgan holda, ularni himoyalaydigan-oziqlantiradigan birikmalar bilan qobiqlab, sochiluvchanligini oshiradigan ko‘chma qobiqlash qurilmasining takomillashtirilgan variantini ishlab chiqish hamda parametrlari va ish rejimlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
urug‘larni himoyalaydigan-oziqlantiradigan birikmalar bilan qobiqlash uchun ularning barabandagi harakatini o‘zgartiradigan egri chiziq sirtli moslamaga ega bo‘lgan takomillashtirilgan ko‘chma qurilma ishlab chiqilgan;
qurilma moslamasining shakli qobiqlanayotgan chigitlarning harakat yo‘nalishini doimiy o‘zgarib borishini hisobga olgan holda asoslangan;
takomillashtirilgan ko‘chma qobiqlash qurilmasining barabaniga yuklangan urug‘larning to‘liqlik koeffisientini hisobga olgan holda ularning harakati va  yuzasida qobiq qatlami hosil bo‘lishini ifodalaydigan analitik bog‘lanishlar hamda matematik modellar keltirib chiqarilgan;
takomillashtirilgan ko‘chma qobiqlash qurilmasining maqbul texnologik, konstruktiv o‘lchamlari va ish rejimlari uning ish sifat ko‘rsatkichlarining o‘zgarishiga bog‘liq ravishda aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Takomillashtirilgan ko‘chma qobiqlash qurilmasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
qishloq xo‘jalik ekinlarining urug‘iga ekish oldidan kimyoviy dorilar bilan ishlov berish hamda himoyalaydigan-oziqlantiradigan birikmalar bilan qobiqlab sochiluvchanligini oshiradigan ko‘chma qobiqlash qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (“Ko‘chma qobiqlash qurilmasi”, №IAP 05657-2018 y.). Natijada takomillashtirilgan ko‘chma qobiqlash qurilmasining konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
takomillashtirilgan ko‘chma qobiqlash qurilmasi Toshkent viloyatining O‘rta-chirchiq, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va Yuqorichirchiq tumanlari fermer xo‘jaliklari hamda Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Oq suv” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 3 iyuldagi 02/023-972-son  ma’lumotnomasi). Natijada kimyoviy dorilar va urug‘lik sarfi 1,5–2,0 martaga kamayib, nihollar bir tekis va ravon unib chiqqan hamda ularning o‘sib-rivojlanishi 7–10 kunga tezlashib, hosildorlik 10–15 foizga ko‘paygan;
loyiha-konstruktorlik hujjatlari takomillashtirilgan ko‘chma qobiqlash qurilmasini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun «Yangiyo‘l-Agromash» AJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi  Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 3 iyuldagi  02/023-972-son ma’lumotnomasi). Natijada sochiluvchanligi past bo‘lgan urug‘larni qobiqlash uchun takomillashtirilgan ko‘chma qobiqlash qurilmasini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish