To‘xboeva Nilufar Mamadiyorovnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Movarounnahrda temuriylar me’moriy merosini tadqiq etishning yangi aspektlari”, 18.00.01 – Arxitektura nazariyasi va tarixi. Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash (arxitektura).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/A25.
Ilmiy rahbar: Mamatmusaev Toxir Shaydulovich, arxitektura fanlari doktori
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, DSc.03/30.12.2019.A.11.02.
Rasmiy opponentlar: Shirinov Temur Shirinovich, tarix fanlari doktori, professor; Muhamedjanov Qobiljon Hojimurodovich, arxitektura fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Amir Temur va temuriylar davrining Movarounnahrdagi me’moriy merosi tarixini, ya’ni Samarqanddagi Xovand Sulton beka maqbarasi (Ishratxona), Oqsaroy maqbarasi, Shohizinda majmuasidagi ikki gumbazli Tuman oqa maqbarasi, Amir Temur maqbarasi va Shahrisabzdagi Oqsaroy yodgorliklari tarixiga oid noaniqliklarni yangi ma’lumotlar asosida boyitish va takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Amir Temur davriga mansub ko‘plab rub’a va qit’a shaklidagi shahriston tomonlarining me’moriy uyg‘unligiga mos tarzda Shahrisabz tarixiy shahri shahristonining shimoliy va janubiy devorlari orasidagi masofa hozirgi joyidan ko‘ra kattaroq bo‘lganligi aniqlangan; 
so‘nggi temuriylar davrida yarim vayrona holga kelgan chorbog‘lardagi ko‘shklar qayta ta’mirlanib maqbaraga aylantirilishi chorbog‘ tarkibida maqbara qurilgan memorial kompozisiya turini keltirib chiqarganligi aniqlangan;
Samarqanddagi Xovand Sulton beka maqbarasi (Ishratxona) tarixiy obidasining dastlab Amir Temur tomonidan Feruza bog‘ining ko‘shki sifatida bunyod etilganligi, keyinchalik uning Abu Said tomonidan maqbara sifatida kengaytirilganligi, shuningdek Shohizinda majmuasidagi ikki gumbazli maqbara dastlab chorbog‘ning bir gumbazli ko‘shki sifatida bunyod etilganligi, keyin unga go‘rxona qurilib maqbaraga aylantirilganligi asoslab berilgan;
Shahrisabzdagi Oqsaroy majmuasining dastlabki qiyofasi yuzasidan Rui Gonzales de Klavixo va Zahiriddin Muhammad Bobur ma’lumotlariga asoslanib “bosh darvozadan hovliga” emas, yo‘lakka kirilganligi isbotlangan;
tarixiy shaharsozlik bazasida turizmni rivojlantirishga qaratilgan Temuriylar davriga mansub Shahrisabzdagi Oqsaroy va Samarqanddagi Amir Temur majmualari ilk arxitekturaviy ko‘rinishlarining loyihaviy takliflari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Movarounnahrda temuriylar me’moriy merosini tadqiq etishning yangi aspektlari mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Temuriylar davriga mansub Shahrisabz shahari o‘lchamlari va undagi Oqsaroy yodgorligi bo‘yicha olingan yangicha ilmiy yondoshuvlar F.1-86 raqamli “O‘zbekiston arxitekturasining mustaqillik mafkurasi asosida shakllanish qonuniyatlarini tadqiq etish va samarali rivojlantirish tamoyillarini ishlab chiqish” (2011-2016 yy.) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasining “Majmualar me’morligi” deb nomlangan bo‘limini tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 27 martdagi 89-03-1153-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar Amir Temur va temuriylar me’morligi tarixiy asoslarining tiklanishiga hamda shaharsozlik an’analarining o‘rganilayotgan davrda yangi taraqqiyot bosqichga ko‘tarilganligini yoritishga imkon bergan;
Samarqanddagi Ishratxona yodgorligi va Amir Temur maqbarasi tarixi bo‘yicha topilgan yangi ma’lumotlar, shuningdek yodgorliklarning uch o‘lchamli ko‘rinishdagi elektron animatsiya modellari Samarqand va Jizzax viloyatlararo mintaqaviy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasi amaliyotida foydalanilgan (Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining 2018 yil 7 noyabrdagi 01-01/905-son ma’lumotnomasi). Ilmiy yangiliklar O‘zbekiston Respublikasi arxitekturashunosligini yangi bosqichga ko‘tarishga hamda turizm salohiyatini oshirishga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish