Jumaev Odil Abdujalilovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Axborot oqimlarining noaniqligi sharoitida suyuq va gazsimon muhitlar sarfining parametrlarini nazorat qilish va boshqarish tizimlarini intellektuallashtirish», 05.03.01–Asboblar. O‘lchash va nazorat qilish usullari (tarmoqlar bo‘yicha) (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/T304.
Ilmiy maslahatchi: Yusupbekov Nodirbek Rustambekovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent davlat texnika universiteti va Navoiy davlat konchilik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.27.06.2017.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Ismatullaev Patxulla Raxmatovich, texnika fanlari doktori, professor; Baxromov Xoshim Shoimovich, texnika fanlari doktori; Siddikov Ilxom Xakimovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot- kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markaz.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: suyuq va gazsimon muhitlar sarfini nazorat qilish va boshqarishning intellektuallashgan o‘lchash tizimlarini ishlab chiqish va dasturiy tizimini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
axborot oqimlari noaniq bo‘lgan sharoitlarda suyuq va gazsimon muhitlar sarfini nazorat qilish va boshqarish tizimlarini intellektualashtirishning ilmiy-uslubiy asoslari shakllantirilgan;
o‘lchash kanali va umuman axborot o‘lchash tizimlari (AO‘T)ning metrologik tavsiflarini oshirishning, berilgan sxematexnik echimlarda metrologik tavsiflarning eng yaxshi ko‘rsatkichlarini ta’minlaydigan va element bazasining nominallarini o‘zgarishi bilan farqlanadigan usuli ishlab chiqilgan;
foydalanuvchi bilan o‘zaro ishlay oladigan, axborot resurslarini aniqlash imkonini beradigan ruxsat berish parametrlarini aniqlash usuli ishlab chiqilgan;
metrologik resursning berilgan qiymatlari (metrologik resurs qiymatining maksimumi va metrologik to‘g‘rilikni saqlash ehtimolligining maksimumi) mezonlari bo‘yicha AO‘T metrologik tavsiflarini yaxshilashning va ularini loyihalash bosqichida tizimning elementlar bazasini optimal nominallarini qidirishdan iborat bo‘lgan algoritmlari taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Axborot oqimlarining noaniqligi sharoitida suyuq va gazsimon muhitlar sarfining parametrlarini nazorat qilish va boshqarish tizimlarini intellektuallashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
suyuqlik sathining optik-tolali o‘zgartkichiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№IAP 04937-2014 y.). Ilmiy tadqiqotlar natijalari suyuqlik sathini o‘lchash va nazorat qilishda optik-tolali o‘lchash kanali orqali axborotlarni avtomatlashtirilgan qayta ishlash tizimini yaratish imkoniyatini bergan;
suyuqliklar sarfini nazorat qilish uchun algoritm va dasturiy-apparatli majmua «Birlashgan energetika xizmati» korxonasida joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DKning 2019 yil 1 noyabrdagi 01-01-09/13930-son ma’lumotnomasi). Natijada nazorat qilish va hisobga olish asboblarining metrologik tavsiflarini oshirish uslubiyati, shuningdek suyuqlikning intellektual elektr-magnitli sarf o‘lchagichi suvni hisobga olish va nazorat qilish aniqligi va ishonchliligini oshirish, suv sarfini pasaytirish imkonini bergan;
suyuq va gazsimon muhitlar sarfini nazorat qilish va boshqarishning intellektuallashtirilgan tizimi «Birlashgan energetika xizmati» korxonasida joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DKning 2019 yil 1 noyabrdagi 01-01-09/13930-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘lchash o‘zgartirishini yuqori differensial sezgirligi, statik tavsiflarining chiziqliligi, tezkorligi yuqoriligini ta’minlovchi sifatli yangi tizimni sintezlash imkonini bergan;
nazorat qilish va hisobga olish asboblarining metrologik tavsiflarini oshirish uslubiyati, shuningdek suyuqlik va bug‘ning intellektual elektr-magnitli sarf o‘lchagichi «Navoiy IES» AJda joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DKning 2019 yil 1 noyabrdagi 01-01-09/13930-son ma’lumotnomasi). Natijada bug‘-gaz qurilmasining turbo agregatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan bug‘ni hisobga olish va nazorat qilish aniqligi va ishonchliligini oshirish va ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi tannarxini pasaytirish imkonini bergan.