Axmedov Sherzodbek Anvarxon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Klirensi o‘zgartiriladigan paxtachilik traktorlarining oldingi ko‘prigi parametrlarini (o‘lchamlarini) asoslash», 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/T811.
Ilmiy rahbar: Axmetov Adilbek Agabekovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSs.27.06.2017.T.10.01
Rasmiy opponentlar: Xudayberdiev Tolibjon Solievich, texnika fanlari doktori, professor; Ravutov Shavkat Tajievich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent avtomobil` yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: paxtachilik traktorining agrotexnik o‘tuvchanligini oshirish va harakatlanish tizimining tuproqqa salbiy texnogen ta’sirini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
paxta etishtirishda bajarilayotgan agrotexnologik tadbirlarning shart va talablariga moslashuvchan, klirensi o‘zgartiriladigan old ko‘prik bilan jihozlangan universal-chopiq traktori konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
montaj va demontaj ishlarisiz, ko‘tarish qurilmalaridan foydalanmagan holda tashqaridan yordamsiz faqat mashinist-operator kuchi bilan old ko‘prik klirensini o‘zgartiradigan mexanizm konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
klirensi o‘zgartiriladigan old ko‘prik balkasi parametrlari traktor dala sharoitida ishlaganda yuzaga keladigan ekstremal yuklanishlarga uning bardoshligi shartidan aniqlangan;
old ko‘prik klirensini o‘zgartiradigan mexanizmi uzel va detallarining parmetrlari agrotexnik o‘tuvchanlikka va dala ishlari sharoitida ushbu mexanizm ishining turg‘unligiga, uning uzellarining puxtaligiga bog‘liq holda asoslangan;
g‘ildirak shinasidagi bosim, old ko‘prikka ta’sir ko‘rsatuvchi yuklanish va har xil yurish tezliklaridagi g‘ildirakning tuproqqa ko‘rsatayotgan bosimiga bog‘liq holda 4K2 g‘ildirak formulasidagi yurish qismining 3K2 g‘ildirak formulasidagi yurish qismiga nisbatan tuproqqa salbiy texnogen ta’sirining kamligi asoslangan;
g‘ildirak shinasidagi bosim, old ko‘prikka ta’sir ko‘rsatuvchi yuklanish va yonlama kuch ta’siriga bog‘liq holda 4K2 g‘ildirak formulasidagi yurish qismiga ega traktorning 3K2 g‘ildirak formulasidagi yurish qismiga ega traktorga nisbatan harakat yo‘nalishi turg‘unligi yuqoriligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Klirensi o‘zgartiriladigan paxtachilik traktorining old ko‘prik parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida:
klirensi o‘zgartiriladigan old ko‘prik bilan jihozlangan universal chopiq traktoriga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga, foydali modelga va sanoat namunasiga patentlari olingan (“Klirensi o‘zgaruvchan g‘ildirakli traktor”, №IAP 05840-2019 y.; “Universal chopiq traktori”, №FAP 00894-2013 y; “Universal chopiq traktori”, №FAP 00903-2014 y; “Universal chopiq traktori”, №FAP 00963-2014 y; “Universal chopiq traktori”, №SAP 01334-2015 y). Natijada paxta etishtirishda bajarilayotgan agrotexnologik tadbirlarning shart va talablariga moslashuvchan, klirensi o‘zgartiriladigan old ko‘prik bilan jihozlangan universal-chopiq traktorining konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
klirensi o‘zgartiriladigan old ko‘prik bilan jihozlangan universal-chopiq traktorining tajriba nusxasi “Traktor” MKB UXda yasalgan va “Qishloq xo‘jalik texnika va texnologiyalarini sertifikatlash va sinovdan o‘tkazish markazi”da dala-laboratoriya sinovlaridan o‘tgan, shuningdek, Qibray, Yangiyo‘l tumanlaridagi “Firuza adolat sari” va “Islombek-Baraka” fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 7 avgustdagi 02/023-1626-son ma’lumotnomasi). Natijada bir gektar maydonga sarflanadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar 14 foizga, kapital qo‘yilmalar 40 foizga kamaytirilgan;
klirensi o‘zgartiriladigan old ko‘prik bilan jihozlangan universal-chopiq traktorini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) «QXMKTM» MChJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 23 maydagi 02/023-327-son ma’lumotnomasi). Natijada paxta etishtirishda bajarilayotgan agrotexnologik tadbirlarning shart va talablariga moslashuvchan, klirensi o‘zgartiriladigan old ko‘prik bilan jihozlangan universal-chopiq traktorini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.