Ashurova Umida Alisherovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Gestatsion gipertenziyada homiladorlikni olib borish va uning klinik-genetik rivojlanish xususiyatlari», 14.00.01–Akusherlik va ginekologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Tib385.
Ilmiy rahbar: Najmutdinova Dilbar Kamariddinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti DSc.27.06.2017.Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Geldieva Margarita Sobirovna, biologiya fanlari doktori; Kattaxodjaeva Maxmuda Xamdamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent vrachlar malaka oshirish instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: gestatsion gipertenziyada homiladorlikni olib borish va uning klinik-genetik rivojlanish xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor o‘zbek millatiga mansub homilador ayollarda gestatsion gipertenziya, preeklampsiya va surunkali arterial gipertenziya rivojlanishida ishtirok etuvchi (CYP11B2, AGT) genlarining allel variantlari va genotiplari bilan bog‘liqligi aniqlangan;
ilk bor gestatsion gipertenziya va surunkali arterial gipertenziya rivojlanishi al`dosteron sintaza genining (CYP11B2-344C>T) polimorfizmi allellari (T) va genotiplari (T/T va S/T) bilan bog‘liqligi isbotlangan;
al`dosteron sintaza CYP11B2 geni 344C>T polimorfizmining gomozigot S/S genotipi gestatsion gipertenziya va surunkali arterial gipertenziyada protektivlik namoyon qilishi aniqlangan;
ilk bor AGT geni T704C (Met235Thr) polimorfizmi (T/T genotipi) uchun nisbiy xavf ko‘rsatkichi (OR) gestatsion gipertenziyada preeklampsiyaga nisbatan ortishi (GG) kasallik rivojlanishining sababi ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Gestatsion gipertenziyada homiladorlikni olib borish va uning klinik-genetik rivojlanish xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Gestatsion arterial gipertenziya rivojlanish xavfini aniqlash usullari» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 24 dekabrdagi 8n-d/320-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma homiladorlarda gestatsion gipertenziyani rivojlanish xavfi va og‘irlik darajasini erta aniqlash, kasallik kechishini bashorat qilish va o‘z vaqtida davolash chora-tadbirlarini qo‘llashga xizmat qilgan;
Homiladorlarda gestatsion gipertenziya rivojlanish xavfi va uning klinik-genetik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari perinatal markazlari amaliyotlariga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 12 fevraldagi 8n-z/20-son ma’lumotnomasi). Joriy qilingan natijalar homiladorlik davrida gipertenziv o‘zgarishlarning oldini olish, kasallik asoratlarini kamaytirish hisobiga onalar o‘limi ko‘rsatkichlarini pasaytirish hamda ularning statsionarda davolanish muddatini qisqartirish bilan birga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirishga imkon yaratgan.