Baratov Dilshod Xamidullaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Temir yo‘l avtomatika va telemexanika qurilmalarini hujjatlashtirishning avtomatlashtirish vositalarini yaratish ilmiy asoslarini takomillashtirish», 05.01.08–Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish (texnika fanlari).  
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/T307.
Ilmiy rahbar: Aripov Nazirjon Mukaramovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.27.06.2017.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Igamberdiev Xusan Zakirovich, texnika fanlari doktori, akademik; Raxmatullaev Marat Alimovich, texnika fanlari doktori; Efanov Dmitriy Viktorovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi”.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: temir yo‘l avtomatika va telemexanika qurilmalarini texnik hujjatlashtirishning avtomatlashtirish vositalarini takomillashtirishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
signallashtirish, markazlashtirish va blokirovka tizimida texnik hujjatlarni avtomatlashtirilgan holda yuritish asosida elektron hujjat aylanish tartibini qurish usuli ishlab chiqilgan;
texnik hujjatlarning elektron hujjat aylanishi tizimi, temir yo‘l avtomatika va telemexanikasi qurilmalarini hisobga olish va nazorat qilish uchun algoritmlar formal va mantiqiy sxemalarining sintezi asosida takomillashtirilgan; 
texnik hujjatlarni boshqarish va yuritishni amalga oshirish hamda texnologik jarayonlarning operatsion tavsiflarini aniqlash uchun etarli miqdorda ob’ektlarni ifodalash imkoniyatini ta’minlovchi elektron hujjat aylanishining formallashtirilgan sxemalari ishlab chiqilgan;
temir yo‘l avtomatika va telemexanika qurilmalari uchun texnik hujjatlar elektron hujjat aylanishining joriy holatini ifodalashning matrisali shakli asosida temir yo‘l avtomatika va telemexanika qurilmalarini hisobga olish va nazorat qilishning grafli modeli ishlab chiqilgan;
elektron hujjat aylanish tizimlari uchun jarayonlarni ierarxik shaklda ifodalash, mavhum yakuniy avtomat va algoritmlarning mantiqiy sxemalari bo‘yicha mikrokomandalarni shakllantirish asosida qurilmalarni hisobga olish va nazorat qilish jarayonining matematik modeli ishlab chiqilgan;
avtomat modelni minimallashtirish va kodlashni bir vaqtning o‘zida amalga oshirish uchun avtomatika qurilmalarining elektron hujjat aylanishidagi talablar xususiyatlarini hisobga olgan holda algoritmlarining mantiqiy sxemalarini soddalashtirish usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Temir yo‘l avtomatika va telemexanika texnik hujjatlarini avtomatlashtirish vositalarini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
texnik hujjatlarning elektron hujjat aylanishi tizimi, temir yo‘l avtomatika va telemexanikasi qurilmalarini hisobga olish va nazorat qilish uchun algoritmlari takomillashtirilgan formal va mantiqiy sxemalari Hamza stansiyasi hamda Toshkent signallashtirish va aloqa distansiyasi ta’mirlash-texnologik uchastkasida joriy etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2019 yil 30 sentyabrdagi N/5527-19-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida turli ishlab chiqarish vaziyatlarini bashoratlash va tahlil qilish hamda uchastka ishini rejalashtirishda maqbul qarorlar qabul qilish, profilaktika ishlarini bajarish uchun rejalashtirilgan vaqtni 15–20% ga qisqartirish imkonini bergan; 
texnik hujjatlarni boshqarish va yuritishni amalga oshirish hamda texnologik jarayonlarning operatsion tavsiflarini aniqlash uchun etarli miqdorda ob’ektlarni ifodalash imkoniyatini ta’minlovchi elektron hujjat aylanishining formallashtirilgan sxemalari Xovos stansiyasida va Xovos signallashtirish va aloqa masofasi nazorat-o‘lchash punktida joriy etilgan  («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2019 yil 30 sentyabrdagi N/5527-19-son ma’lumotnomasi). Natijada jihozlarni almashtirish jarayonida tezkor echimlar qabul qiluvchi elektrmexaniklarning tashkiliy ishlarini tezlashtirish hamda muddati o‘tgan jihozlardan foydalanishning oldini olish va ularni almashtirish uchun sarflangan vaqtni 30–35% ga kamaytirish, elektrmexaniklarning ish samaradorligini 1,24 martaga oshirishga erishilgan;
avtomat modelni minimallashtirish va kodlashni bir vaqtning o‘zida amalga oshirish uchun avtomatika qurilmalarining elektron hujjat aylanishidagi talablarning xususiyatlarini hisobga olgan holda algoritmlarning mantiqiy sxemalarini soddalashtirish usuli Hamza stansiyasidagi temir yo‘l avtomatika va telemexanika qurilmalari hamda Toshkent signallashtirish va aloqa distansiyasi ta’mirlash-texnologik uchastkasida joriy etilgan  («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2019 yil 30 sentyabrdagi N/5527-19-son ma’lumotnomasi). Natijada qurilmalarni identifikatsiya qilish jarayonini avtomatlashtirish, mavjud texnologiyani soddalashtirish va ma’lumotlarni to‘plash tezligini oshirish, axborot oqimlarini qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlarining vaqtini 1,46 barobar kamaytirish, avtomatika va telemexanika qurilmalarini almashtirish jarayonini optimallashtirish imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish