Xujanova Dilafro‘z Shakarbekovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Past o‘lchamli elektron tizimlari optik xossalarining xususiyatlari», 01.04.05–Optika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/FM278.
Ilmiy rahbar: Eshpo‘latov Barat, fizika-matematika fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.29.08.2017.FM.02.04.
Rasmiy opponentlar: Boris Leonidovich Oksengendler, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Qo‘yliev Bahron To‘xlievich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘lchamli kvantlangan yarimo‘tkazgichli iplarda yorug‘likning zonalararo kombinatsion sochilishi va magnit maydoniga joylashtirilgan kvant o‘rasida yorug‘likning zonalararo magnitoptik yutilishida magnitpolyaron effektlarni va yorug‘likning ko‘p fononli rezonansli kombinatsion sochilishini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
to‘g‘ri burchakli va silindrik shakllardagi yarimo‘tkazgichli kvant iplarda yorug‘likning zonalararo kombinatsion sochilishining anizotropik ekanligi va yorug‘likning sochilish chastotasi qator diskret qiymatlar qabul qilishi aniqlangan;
magnit maydonga joylashtirilgan kvant o‘rasidagi yorug‘likning ko‘p fononli rezonans sochilishi hajmiy yarimo‘tkazgichlardagi xuddi shunday sochilish kesimiga qaraganda ko‘p karrali kuchayishi aniqlangan;
elektron-fonon energetik holatlari bir nechta komponentalarga ajralishi fonon takrorlanish cho‘qqilarining mos komponentalarga ajralishi va bu cho‘qqilarning holatlari, intensivliklari magnit maydonga bog‘liqligidan komponentalar orasidagi masofa elektron-fonon o‘zaro ta’sirini xarakterlovchi o‘zgarmas sonning kvadrat ildiziga tengligi aniqlangan;
kuchli magnit maydonda joylashgan kvant o‘ralarida hosil bo‘ladigan magnitpolyaronlar turlarga ajratilgan;
uchlamchi va to‘rtlamchi magnitpolyaronlar hosil bo‘lishida magnitoptik yutilish piki (cho‘qqisi) mos ravishda uchta va to‘rtta komponentalarga ajralishi hamda ushbu piklarning nisbiy intensivligi va holatlari magnit maydonga kuchli bog‘liqligi aniqlangan;
“Kuchsizlangan” magnitpolyaron ta’sirida magnitoptik yutilish piki ikkita komponentaga ajralishi ko‘rsatilgan va bu piklar orasidagi masofa elektron-fonon o‘zaro ta’sirga to‘g‘ri proporsionalligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Past o‘lchamli elektron tizimlari optik xossalarining o‘ziga xosligini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yorug‘likning zonalararo magnitoptik yutilishiga uchlamchi va to‘rtlamchi magnitpolyaronlar ta’sirini aniqlashga oid natijalardan F2-FQ-0-47339 F2-015 raqamli «Kvant o‘lchamli nanostrukturalar fizikasi» fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2018 yil 25 avgustdagi 33-8/6280-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi kvant o‘lchamli nanostrukturalarning optik xossalarini tushuntirish va ular to‘g‘risidagi ilmiy tasavvurlarni kengaytirish imkonini bergan;
erkin elektron-kovak juftlari qatnashgan holda kuchli magnit maydonida, kvant o‘rasidagi yorug‘likning ko‘p fononli kombinatsion sochilishi, Landau energetik holatlarining uchtasi va to‘rttasi rezonans bog‘langan holda magnit maydonida yorug‘likning zonalararo magnitoptik yutilish pikining mos ravishda uchta va to‘rtta piklarga ajralishi natijalari BV-F4-014 raqamli «Elektromagnit moslashuvlikni hisobga olgan holda elektron qurilmalar, mikro- va nanotizimlar yupqa elementlari magnit maydonida magnitoelastik tebranishlari masalalarini echishning amaliy usullari va magnitoelastiklikning matematik asoslarini rivojlantirish» fundamental loyihasida mikro- va nanotizimli yupqa elementlarning magnit maydonida magnitoelastik tebranishlar chastotasining o‘zgarishini, elektromagnit moslashuvlik va mikro- va nanotizimlarda ekranlash muammosini tahlil qilishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2019 yil 10 oktyabrdagi 33-8/7136-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi elektromagnit moslashuvlik va mikro- va nanotizimlarda ekranlash muammosini hal qilish imkonini bergan.