Adilov Muxammadjon Masharibovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Granullangan kremniyning termoelektrik xossalari», 01.04.04–Fizik elektronika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/FM65.
Ilmiy rahbar: Ashurov Xatam Baxronovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, DSc.30.05.2018.FM./T.65.01.
Rasmiy opponentlar: Egamberdiev Baxrom Egamberdievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Isaxanov Zaynobiddin Abilpayzievich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: granullangan kremniyning elektrofizik va termoelektrik xususiyatlarini 300–1000 K temperaturalar oralig‘ida kompleks baholash va shular asosida issiqlik energiya o‘zgartirgichi qurilmasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘lchami 1-30 mkm bo‘lgan kremniy zarralarini o‘xshash bo‘lgan ikkita metall kontakt oralig‘ida mexanik siqilgan granullangan namunasi qizdirilganda elektr yurituvchi kuch va tok hosil bo‘lishi aniqlangan;
zarrachalar kattaligi 1–30 mkm bo‘lgan kremniy kukunidan tayyorlangan va qizdirilgan namunalarda erkin yurish kuchlanishining (Ue.yu.) miqdori 0–250 MRa oralig‘idagi bosimga emas, balki namunaning uzunligi bo‘ylab harorat farqiga bog‘liqligi topilgan;
zarrachalar kattaligi 1–30 mkm bo‘lgan granullangan kremniydan tayyorlangan va qizdirilgan namunalarda qisqa tutashuv tokining (Iq.t.) miqdori 0–250 MRa oralig‘ida qo‘llanilgan bosimga kuchli bog‘liqligi topilgan;
100 MRa bosim bilan siqilgan kukun shaklidagi granullangan kremniyning 300–350 K harorat oralig‘idagi issiqlik o‘tkazuvchanligi ~16 Vt/m*K ekanligi, bu esa monokristall kremniyning issiqlik o‘tkazuvchanligidan 9 marta kichikligi aniqlangan;
granullangan kremniyning Zeebek kattaligi 300–350 K harorat oralig‘ida ~500 mkV/K ekanligi, bu esa monokristall kremniyning Zeebek kattaligidan 10 marta kattaligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Granullangan kremniyning elektrofizik va termoelektrik xususiyatlarini kompleks baholash va shular asosida issiqlik energiya o‘zgartirgichi qurilmasini ishlab chiqish asosida:
issiqlik vol`taik effekti asosida issiqlik energiyasini elektr energiyasiga aylantiruvchi «Issiqlik-vol`taik energiya o‘zgartirgich» qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (27.10.2015 y., №IAP 05121). Ishlab chiqilgan qurilma granullangan kremniy asosida bir xil o‘tkazuvchanlikka ega bo‘lgan issiqlik energiyasi o‘zgartirgichini yaratish imkonini bergan;
issiqlik energiyasini elektr energiyasiga aylantirish uchun «Energiya o‘zgartirgich» qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining (22.01.2014 y., №IAP 04831) ixtiro patenti olingan. Ishlab chiqilgan qurilma granullangan kremniy asosida har xil tipdagi o‘tkazuvchanlikka ega bo‘lgan kremniy kukunlarini bir-biriga siqish orqali issiqlik energiyasi o‘zgartirgichini yaratish imkonini bergan;
energiya o‘zgartirgichlarini parallel va ketma-ket ulab foydalanish uchun «Energiya o‘zgartirgich (variantlari)» qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (05.12.2013 y., №IAP 04824). Ishlab chiqilgan qurilma granullangan kremniy asosida tayyorlangan issiqlik energiyasi o‘zgartirgichlarini parallel va ketma-ket ulab batareya sifatida ishlatish imkonini bergan;
yig‘ilgan quyosh nurini elektr energiyasiga aylantirish uchun «Quyosh nurlanishini o‘zgartirgich» qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (22.04.2014 y., №IAP 04884). Ishlab chiqilgan qurilma yig‘ilgan quyosh nurlanishining fotoaktiv bo‘lmagan qismidan foydalanib, granullangan kremniy asosida elektr energiya olish imkonini bergan.