Parpiev Adxamjon Sobirjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «TiCx kub titan karbidining gomogenlik sohasida atomlarning o‘rtacha kvadratik siljishi», 01.04.07–Kondensirlangan holat fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/FM179.
Ilmiy rahbar: Xidirov Irsali, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Yadro fizikasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, Astronomiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM/T.33.01.
Rasmiy opponetlar: Ibragimova El`vira Memetovna, fizika-matematika fanlari doktori; Payzullaxanov Muxammade-Sultanxan Saidivalixanovich, fizika-matematika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: neytronlar difraksiyasi yordamida TiCx titan karbidi atomlarining gomogenlik sohasida (x = 0.33 ÷ 0.97) o‘rtacha kvadratik siljishlarining uglerod konsentratsiyasiga bog‘liqlik qonuniyatlarini aniqlashdan iborat.
III.   Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
TiCx kub titan karbidining gomogenlik sohasida (x=0.33÷0.97) atomlar o‘rtacha kvadratik siljishining konsentratsiyasiga bog‘liqligi murakkab xarakterga ega ekanligi, solishtirma elektr qarshilik va magnit qabul qiluvchanlikning konsentratsiyaga bog‘liqligi hamda fazaviy o‘zgarishlar orasida korrelyasiya borligi aniqlangan;
TiCx titan karbidining x=0.70÷0.97 konsentratsiyasi oralig‘ida mexanik va termofizik xususiyatlari aniqlangan;
ilk bor kub titan karbidi misolida kub kristallarining mexanik va termofizik xususiyatlarini o‘rganish uchun neytronstrukturaviy tahlilning imkoniyatlari ko‘rsatilgan;
TiC0.97 karbidi SV issiqlik sig‘imining yuqori haroratga bog‘liqligi aniqlangan va 300÷3000K harorat oralig‘ida kuzatilgan SV ning yuqori haroratga bog‘liqligini aniqlaydigan empirik formula aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
TiCx kub titan karbidining gomogenlik sohasida atomlarining o‘rtacha kvadratik siljishlarini aniqlash asosida:
300÷3000 K harorat oralig‘ida TiCx issiqlik sig‘imining yuqori haroratga bog‘liqligini aniqlash uchun tavsiya etilgan formula va kristallning ichki energiyasi erish haroratigacha kvantlanganligi to‘g‘risidagi natijalar «TATA» ilmiy-texnik markazida konstruksiyaviy materiallarni olishda foydalanilgan («TATA» ilmiy-texnik markazining 2019 yil 24 maydagi 258-son ma’lumotnomasi, Sarov sh., Rossiya Federatsiyasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi yadro energetikasida ishlatiladigan kerakli yuqori haroratli issiqlik sig‘imiga ega bo‘lgan titan asosidagi konstruksiyaviy materiallarni olish texnologiyasini ishlab chiqish imkonini bergan;
TiCx kub titan karbidining gomogenlik sohasida atomlar o‘rtacha kvadratik siljishlarining konsentratsiyaga bog‘liqligi FA-F2-F070+075 raqamli «Reaktor va yuqori haroratli o‘ta o‘tkazgich materiallarining o‘ziga xos elektrik, issiqlik va texnik xossalarini tadqiq etish» fundamental loyihasida ilk bor TiCx titan karbidi misolida ko‘rsatilgan kub singoniyali kristallarning termofizik va mexanik xossalarini neytronstrukturaviy tahlil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yilning 17 maydagi 2/1255-1480-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi reaktor konstruksiyaviy materiallarining (SAV-1 va AMG-2 kub strukturali alyuminiy qotishmalarining) turli dozalarda yadro reaktorida nurlanishidan oldin va keyin atomlarning issiqlik tebranishlari amplitudasini, atomlarning statik siljishi va Debay haroratini, shuningdek, atomlarning o‘rtacha kvadratik siljishi Mg, Cu, Mn, Fe kirishmalarning konsentratsiyalariga bog‘liqligini aniqlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish