Fayziev Jamoliddin Nasirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston sharoitida uzumning urug‘siz navlari hosildorligi va sifatini oshirish texnologiyasini ilmiy asoslash”, 06.01.07–Mevachilik va uzumchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.DSc/Qx39.
Ilmiy maslahatchi: Sulaymonov Botirjon Abdushukirovich, biologiya fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Baymetov Karim Isaevich qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Berdiev Erkin Turdalievich qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xo‘jamshukurov Nortoji Abduxalikovich biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston sharoitida uzumning urug‘siz navlari hosildorligi va sifatini oshirish texnologiyasining ilmiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikada uzumning urug‘siz navlari kolleksiyasidagi o‘simliklarni xo‘jalik va agrobiologik xususiyatlari asosida eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan istiqbolli navlar tanlangan;
uzumning urug‘siz navlari hosildorligi va sifatini oshiruvchi eng maqbul tok tupi yuklamasi aniqlangan;
uzumning urug‘siz navlari hosildorligi va sifatini oshirishga imkon beruvchi eng maqbul mineral o‘g‘itlar me’yorlari ilmiy asoslangan;
uzumning urug‘siz navlari hosildorligi va sifatini oshiruvchi o‘sishni boshqaruvchi moddalar, ishlov berish muddati va uning samarali konsentratsiyasi tanlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston sharoitida uzumning urug‘siz navlari hosildorligi va sifatini oshirish texnologiyasini ilmiy asoslash bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
uzumchilik fermer xo‘jaliklari uchun «Uzumning urug‘siz navlarini etishtirish texnologiyasi» mavzusidagi tavsiyanoma ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 02/030-3858-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida uzumning urug‘siz navlari tokzorlarini barpo qilish va ularni etishtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
uzumning urug‘siz istiqbolli navlarini tanlash ishlanmasi Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi “Bobur agro innovatsiya” fermer xo‘jaligida Kishmish Sogdiana navi bo‘yicha 1,0 ga, Kishmish Samarqand navi bo‘yicha 1,0 ga, jami 2,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 02/030-3858-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida fermer xo‘jaligida istiqbolli navlarning tokzori barpo qilingan;
uzumning urug‘siz navlari hosildorligi va sifatiga tup yuklamasining ta’siri ishlanmasi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Qo‘qonov Ro‘zmat” fermer xo‘jaligida 1,5 ga, Parkent tumanidagi “Xisorak Xasan Xusan” fermer xo‘jaligida 1,5 ga, jami 3,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 02/030-3858-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida gektariga 2,3–2,5 tonna qo‘shimcha hosil etishtirishga erishilgan, rentabellik 129–138 % ni tashkil etgan;
uzumning urug‘siz navlari hosildorligi va sifatiga mineral o‘g‘itlarning ta`siri ishlanmasi Toshkent viloyati Parkent tumanidagi “Xisorak Xasan Xusan” fermer xo‘jaligida 1,5 ga, Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi “Mumtoz-Maxal Sunnatullo” fermer xo‘jaligida 1,0 ga, “Nazarboy Mamatkulov uzumzori” fermer xo‘jaligida 1,0 ga, jami 3,5 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 02/030-3858 son ma’lumotnomasi). Buning natijasida an’anaviy o‘g‘itlash me’yoriga nisbatan 3,5–4,7 tonnagacha qo‘shimcha hosil etishtirishga erishilgan, rentabellik darajasi 145% ni tashkil etgan;
uzumning urug‘siz navlari hosildorligi va sifatiga o‘sishni boshqaruvchi moddalarning ta`siri ishlanmasi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Qo‘qonov Ro‘zmat” fermer xo‘jaligida 2,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 02/030-3858 son-ma’lumotnomasi). Buning natijasida gektariga 1,8 tonna qo‘shimcha hosil etishtirishga erishilgan, rentabellik darajasi 123% ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish