Maxmudova Shaxnoza Abdufattaxovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Takroriy muddatda ekiladigan mosh ekinining asosiy zararkunandalari bioekologiyasi va ular miqdorini boshqarishni takomillashtirish», 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Qx302.
Ilmiy rahbar: Sulaymonov Botirjon Abdushukirovich, biologiya fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Amanov Shuxrat Baxtiyorovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Bo‘ranov Yusuf Xudoynazarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: takroriy muddatda ekiladigan moshni asosiy zararkunandalarining tur tarkibi, bioekologik xususiyatlari, tarqalishi va zararini aniqlash asosida ularni miqdorini boshqarishni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyati sharoitida takroriy muddatda ekiladigan moshning zararkunandalarining turlari sistematik tahlil qilingan;
takroriy muddatda ekiladigan moshning asosiy zararkunandalarining bioekologik xususiyatlari, tarqalishi, agrobiotsenozdagi o‘rni va zarar keltirishi aniqlangan;
takroriy muddatda ekiladigan mosh maydonlarida zararkunandalar miqdorini boshqarishda tabiiy kushandalarning samarasi aniqlangan;
moshning asosiy zararkunandalar miqdorini boshqarishda ularga qarshi biologik va kimyoviy kurash usullari ishlab chiqilgan;
tadqiqotlarda qo‘llanilgan usul va vositalarning biologik, xo‘jalik va iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Takroriy muddatda ekilayotgan moshni zararkunandalariga qarshi kurash usullari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarning natijalari asosida:
takroriy muddatda ekiladigan moshda ildiz kemiruvchi tunlamlar, tuganak uzunburunlar, shiralar, tripslar va o‘simlikxo‘r qandalalarga qarshi moshni urug‘larini ekishdan oldin urug‘dorilagich preparatlardan: 1 tonna urug‘ga 5 kg Gaucho 70% n.kuk. va Kruizer Ekstra 36,2 % sus.k., preparati bilan 3 litr sarf-me’yorda dorilab ekish Toshkent viloyati Qibray tumani «O‘simlikshunoslik ITI», Yangiyo‘l tumani «Nurmuhammad ishonch», «Hakimjon fayzli bog‘i», Oqqurg‘on tumani «Husanjon Sanjar» fermer xo‘jaliklari maydonlarida jami 101 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 oktyabrdagi 02/021-2950-son ma’lumotnomasi). Natijada urug‘lar unib chiqqandan so‘ng 25-30 kungacha asosiy ildiz zararkunandalari va yosh niholligida zarar etkazadigan so‘ruvchi zararkunandalar 84,3-93,7% gacha nazorat variantiga nisbatan kam bo‘lgan;
moshning o‘suv davrida zarar etkazadigan asosiy zararkunandalaridan g‘o‘za tunlamiga qarshi Entovant, Avaunt, Vertimek, Lamdok preparatlari, o‘rgimchakkanaga qarshi Vertimek, Nissoran preparatlarini qo‘llash Toshkent viloyati Qibray, Yangiyo‘l, Oqqurg‘on tumanlari fermer xo‘jaliklari sharoitida jami 101 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 oktyabrdagi 02/021-2950-son ma’lumotnomasi). Natijada kimyoviy preparatlar qo‘llanilgan variantda g‘o‘za tunlamiga qarshi 86,1–92,2% hamda o‘rgimchakkanaga qarshi 89,0-91,0% gacha biologik samaradorlikka erishilgan.