Mahammadiev Samad Qilichevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi  himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kuzgi bug‘doy donining sifatini oshirishda nav va o‘g‘itning ahamiyati», 06.01.04–«Agrokimyo» (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx15.
Ilmiy rahbar: Sattarov Djuraqul Sattarovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Niyazaliev Begali Irisalievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Atabaev Ma’ruf Maxmudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Don va dukkakli ekinlar ilmiy - tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarida kuzgi bug‘doy navlaridan yuqori va sifatli don hosili shakllantirishni ta’minlaydigan maqbul o‘g‘it qo‘llash tizimini ishlab chiqish, ushbu tizim fonida kuzgi bug‘doy rivojlanish fazalarining aniq muddatlarida tuproqda hosil bo‘lgan harakatchan N-NO3:P2O5:K2O va o‘simlikda umumiy N:P:K miqdorini va nisbatini aniqlash, ular asosida standart ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doy navlaridan yuqori va sifatli don hosili etishtirish bo‘yicha maqbul o‘g‘it qo‘llash tizimi ishlab chiqilgan;
yuqori va sifatli don hosili shakllantirgan kuzgi bug‘doy rivojlanish fazalarining (tuplanish, naychalash, boshoqlash, sut pishish) aniq muddatlarida tuproqda harakatchan oziq elementlarning (N-NO3:P2O5:K2O) miqdori va nisbati aniqlangan;
yuqori va sifatli don hosil shakllantirgan kuzgi bug‘doy navlarining rivojlanish fazalarining aniq muddatlarida o‘simlikda umumiy azot, fosfor va kaliy miqdori va nisbati aniqlangan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda harakatchan oziq moddalarning maqbul miqdori va nisbati, kuzgi bug‘doyning eng yaxshi o‘sib rivojlanishi, quruq massa to‘plashi, oziq moddalarni yaxshi o‘zlashtirishi, yuqori va sifatli don hosili shakllantirishini belgilaydigan mineral o‘g‘itlar qo‘llashning maqbul tizimi ilmiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kuzgi bug‘doy donining sifatini oshirishda nav va o‘g‘itning ahamiyati bo‘yicha olingan natijalari asosida:
kuzgi bug‘doyning don hosili va texnologik sifatini ko‘tarish bo‘yicha «Sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarida kuzgi bug‘doyning don hosilini oshirish va texnologik xususiyatlarini yaxshilashda mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar» tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 oktyabrdagi 02/023-274-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyanoma Toshkent viloyati Qibray tumanida kuzgi bug‘doydan yuqori hosil va sifatli don etishtirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari, jumladan, fermerlar uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarida kuzgi bug‘doyning «Tanya» navi uchun maqbul o‘g‘it qo‘llash tizimi (N250P150K150 (Fon+N100P50K100) kg/ga) Toshkent viloyati Qibray tumani fermer xo‘jaliklarining 80,02 gektar maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 25 sentyabrdagi 02/025-2571-son ma’lumotnomasi). Natijada an’anaviy o‘g‘it me’yoriga nisbatan don hosili gektariga 4,0–5,0 sentner, don oqsili 1,6–1,8%, kleykovinasi 2,5–2,8%, shishasimonligi 6,1–6,2% ga va don natura ko‘rsatkichi litriga 4,0–4,3 grammga oshgan va nonboblik qobiliyatini yaxshilashga erishilgan;
«Tanya» navining rivojlanishi fazalarini aniq muddatlarida (tuplanish, naychalash, boshoqlash, sut pishish) haydalma qatlamida harakatchan N-NO3:P2O5:K2O miqdori va nisbati, ular asosida ishlab chiqilgan standart Toshkent viloyati Qibray tumani fermer xo‘jaliklarining 9,265 gektar maydonlariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi  vazirligining 2019 yil 25 sentyabrdagi 02/025-2571-son ma’lumotnomasi). Natijada fermer xo‘jaliklarida an’anaviy sharoitga nisbatan standartdan foydalanib, kuzgi bug‘doy rivojlanish fazalari bo‘yicha tuproqda oziq elementlar miqdori va nisbati shakllantirib borilganda o‘simlik o‘sishi va rivojlanishi yaxshilanib, gektariga 4,1–5,3 sentner qo‘shimcha don hosili olingan va o‘g‘it tejalishiga erishilgan;
«Tanya» navining tuplanish, naychalash, boshoqlash, sut pishish fazalarini aniq muddatlarida o‘simlikda shakllangan N:P:Kning maqbul miqdori va nisbati aniqlanib, standartga aylantirilgan va Toshkent viloyati Qibray tumani fermer xo‘jaliklarining 10,86 gektar maydonlariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 25 sentyabrdagi 02/025-2571-son ma’lumotnomasi). Natijada fermer xo‘jaliklarida an’anaviy sharoitga nisbatan standartdan foydalanib, kuzgi bug‘doy rivojlanish fazalar bo‘yicha nazorat qilinib, o‘simlikda shakllantirib borilganda don natura ko‘rsatkichi litrga 4,0–4,3 gramm, donda oqsil 1,8–2,0%, kleykovina 2,8–3,2%, shishasimonligi 5,6–5,8% ga yaxshilash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish