Turg‘unov Muzaffar Mirzaraxmatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mirzacho‘l vohasi sug‘oriladigan tuproqlari xossalarini lazerli tekislash ta’sirida o‘zgarishi», 06.01.03–Agrotuproqshunoslik va agrofizika (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Qx404.
Ilmiy rahbar: Qurvantoev Raxmontoy, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Anvar Xaydarovich, biologiya fanlari doktori; Egamberdiev Oybek Jangirovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mirzacho‘l vohasi sug‘oriladigan o‘tloqi va bo‘z-o‘tloqi tuproqlarining xossa-xususiyatlarini lazerli tekislash ta’sirida o‘zgarishini aniqlash, sug‘orish suvlarini tejash, sho‘rli dog‘larni bartaraf etish hamda tuproq unumdorligini oshirish orqali qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori va barqaror hosil olishga qaratilgan echimlar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Mirzacho‘l vohasida tarqalgan sug‘oriladigan o‘tloqi va bo‘z-o‘tloqi tuproqlarining hozirgi davrdagi sho‘rlanish darajasi, agrokimyoviy va agrofizikaviy xossalari aniqlangan;
lazerli tekislash ta’sirida sug‘oriladigan o‘tloqi va bo‘z-o‘tloqi tuproqlarda sho‘rlanishning kamayishi va ikkilamchi sho‘rlanishning oldi olinishi isbotlangan;
sug‘oriladigan tuproqlarda lazerli tekislash, diskret, egat oralatib sug‘orish texnologiyalarini birlashtirib qo‘llash orqali sug‘orish suvlarini tejash va samaradorligini oshirish natijasida tuz zahiralarining kamayishiga ijobiy ta’siri aniqlangan;
lazerli tekslash ta’sirida sug‘oriladigan o‘tloqi va bo‘z-o‘tloqi tuproqlardagi gumus va oziqa moddalar miqdorini dastlab kamayishi keyingi yillarga kelib meliorativ holati, agrokimyoviy va agrofizikaviy xossalarining yaxshilanganligi asoslangan;
sug‘oriladigan o‘tloqi va bo‘z-o‘tloqi tuproqlarini struktura holati, umumfizikaviy va suv xossalari er maydonlari yuzasini tekislik darajasiga bog‘liq holda o‘zgarishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mirzacho‘l vohasi sug‘oriladigan tuproqlari xossalarini lazerli tekislash ta’sirida o‘zgarishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Qishloq xo‘jaligi erlaridan samarali foydalanish, lazerli tekislash orqali tuproq xossalarini yaxshilash bo‘yicha tavsiyanoma» ishlab chiqilgan (O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2019 yil 24 sentyabrdagi 01/03-2685-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyanoma Miracho‘l vohasi sug‘oriladigan o‘tloqi va bo‘z-o‘tloqi tuproqlar sharoitlarida lazerli tekislash va undan keyingi agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
sug‘oriladigan tuproqlarda erlarni lazerli tekislash texnologiyasi Mirzaobod tumanidagi “Yangiobod” massividagi “Mirzaobod Universal Trade Cluster” QK MChJning 56,5 gektar va Oqoltin tumani Bobur nomli massivdagi “INDORAMA AGRO” MChJning 112,1 gektar ekin er maydonlarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2019 yil 24 sentyabrdagi 01/03-2685-son ma’lumotnomasi). Natijada sizot suvlarini er yuzasiga yaqin ko‘tarilishi va bug‘lanishini oldini olish hisobiga o‘tloqi tuproqlarda gektariga 16,6 tonnaga, bo‘z-o‘tloqi tuproqlarda 11,4 tonna tuz zahirasining kamayishiga erishilgan;
sug‘orish suvlaridan samarali foydalanish maqsadida diskret hamda egat oralatib sug‘orish va lazer tekislash texnologiyalarini birgalikda qo‘llab sug‘orish usuli Oqoltin tumani Bobur massivi “INDORAMA AGRO” MChJning 20 ga er maydonida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2019 yil 24 sentyabrdagi 01/03-2685-son ma’lumotnomasi). Natijada sug‘orish suvini 30–35 foiz tejash, sug‘orish samaradorligini 1,5–2,0 barobar oshirish imkonini bergan.