Tungushova Dilbar Abdukayumovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Paxtachilikda noan’anaviy arorudalarni qo‘llash samaradorligi”, 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Qx51.
Ilmiy rahbar: Nazarov Renat Saidovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Tellyaev Rixsivoy Shamaxamadovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Oripov Razzoq, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Myachina Ol`ga Vladimirovna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Tuproq unumdorligini saqlash va yaxshilashda, g‘o‘za va uning izdosh ekinlaridan yuqori va sifatli hosil olishda noan’anaviy mineral xom ashyolar - agrorudalar (bentonit, glaukonit, serpentinit, gil-ko‘mir slaneslar), yonuvchi slaneslar qayta ishlab chiqarish chiqindilarini qo‘llash samaradorligini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor laboratoriya, lizimetrik, dala va ishlab chiqarish tadqiqotlari asosida tipik bo‘z va qumloq tuproqlar sharoitida g‘o‘za parvarishida N150 P105 K75 kg me’yoridagi mineral o‘g‘itlar fonida bentonit loyqalari va glaukonit qumlarini qo‘llashning maqbul muddat, me’yor va usullari aniqlangan;
bentonit loyqalari va glaukonit qumlarining tuproqning mineralogik tarkibi, agrofizik va agrokimyoviy xususiyatlariga ta’siri va so‘nggi ta’sirlari aniqlangan;
o‘simlik tomonidan NPK o‘zlashtirilishi, organik massa to‘plashi, barg yuzasi, fotosintetik mahsuldorligi va paxta hosildorligiga noan’anaviy agrorudalarni g‘o‘za va g‘o‘za majmuasidagi ekinlarda qo‘llashning ta’siri va so‘nggi ta’sirlari aniqlangan;
noan’anaviy mineral xom ashyolari qo‘llanishining tuproq mikroflorasidagi dominant mikroorganizm turlarining faolligiga va mahsuldorligiga ta’siri va so‘nggi ta’siri aniqlangan;
tipik bo‘z va qum tuproqlar sharoitida noan’anaviy agrorudalar qo‘llanilishining ilmiy asoslari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
paxtachilikda noan’anaviy agrorudalarni qo‘shimcha ozuqa manbai sifatida samarali qo‘llash hisobiga tuproq unumdorligini saqlash va oshirishda noan’anaviy agrorudalarning qo‘llash muddatlari, usullari, me’yorlari, ta’siri va so‘nggi ta’sirlarida g‘o‘za va izdosh ekinlarining o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’sirini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
fermer xo‘jaliklariga qo‘llanma sifatida “Noan’anaviy agrorudalarni qishloq xo‘jaligi ekinlarida qo‘llash bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga tavsiyalar” va “Kuzgi bug‘doy etishtirishda resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha Toshkent va Surxondaryo viloyati fermer xo‘jaliklariga tavsiyalar” nomli tavsiyanomalar tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 noyabrdagi 02/020-3465-son ma’lumotnomasi). Respublikaning paxtachilik fermer xo‘jaliklarida yuqori va sifatli paxta hosili olishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Toshkent viloyatining qadimdan sug‘orilgan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida noan’anaviy agrorudalarning g‘o‘za va izdosh ekinlari o‘sish, rivojlanish va hosildorligiga ta’siri bo‘yicha Qibray tumani O‘zPITI MTX da 10 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 noyabrdagi 02/020-3465-son ma’lumotnomasi). Natijada paxta hosili 3–4 s/ga ga yuqori bo‘lib, rentabellik darajasini 10–12 foizga oshirishga erishilgan;
Surxondaryo viloyatining qum va taqirsimon tuproqlari sharoitida 2005-2017 yillari noan’anaviy agrorudalarning g‘o‘za va izdosh ekinlari o‘sish, rivojlanish va hosildorligiga ta’siri va so‘nggi ta’siri bo‘yicha Termiz, Jarqo‘rg‘on va Qiziriq tumanlarida 501 gektar maydonda joriy qilindi (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 noyabrdagi 02/020-3465-son ma’lumotnomasi). Natijada paxta hosili 3,5–4,7 s/ga va kuzgi bug‘doyning don hosili 4,0–5,5 s/ga oshirilib, rentabellik darajasi 25% ni tashkil etgan;
tipik bo‘z, qum va taqirsimon tuproqlar sharoitida noan’anaviy agrorudalarni qo‘llash texnologiyalari jami 511 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 noyabrdagi 02/020-3465-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqning agrofizik, agrokimyoviy va biologik xususiyatlari yaxshilanishi bilan birga mineral o‘g‘itlarning samaradorligi oshirilib, me’yorini 20–25% kamaytirishga, ekinlar hosildorligini 10–12% oshirishga erishilgan.