Abduraxmonov Sodiqjon Obidovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili olish agrotexnologiyalarini takomillashtirish (Toshkent viloyatining tipik bo‘z, Surxondaryo viloyatining o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida)”, 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Qx71.
Ilmiy maslahatchi: Xalikov Baxodir Meylikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar unversiteti Andijon filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Atabaeva Xalima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Siddiqov Ravshanbek Inomjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Isaev Sobirjon Xusanboevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyati sharoitida kuzgi bug‘doyning maqbul ekish muddatlari, sug‘orish tartiblari, mineral o‘g‘itlarga talabini aniqlash hamda Toshkent va Surxondaryo viloyatlari sharoitida qo‘shimcha ravishda bentonit loyqasini qo‘llab, oziqa hamda sug‘orishga sarflanadigan suv me’yorlarini iqtisod qilish bilan birga kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili etishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining qadimdan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili olish maqsadida maqbul ekish muddatlari, ma’dan o‘g‘itlarga hamda suvga bo‘lgan talabi o‘rganilgan va aniqlangan;
Toshkent va Surxondaryo viloyatlari sharoitida bentonit loyqasi, ma’danli o‘g‘itlar me’yori hamda sug‘orish tartiblari birgalikda qo‘llanilganda tuproqning agrofizikaviy xossalariga ta’siri ilk bor aniqlangan;
mineral o‘g‘itlar hamda bentonit loyqasi me’yorlari qo‘llanilganda kuzgi bug‘doy urug‘larining unib chiqishi va o‘simlikning o‘sib-rivojlanishiga ta’siri ilk bor aniqlangan;
Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari va Surxondaryo viloyatining o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida bentonit loyqasini qo‘llab, suv va oziqa me’yorlaridan samarali foydalangan holda kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili etishtirish agrotexnologiyasi ilk bor ishlab chiqilgan;
kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli hosil etishtirishda maqbul bentonit loyqasi va ma’danli o‘g‘itlarni qo‘llash me’yori hamda sug‘orish tartiblari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kuzgi bug‘doyni etishtirishda maqbul ekish muddatlari, mineral o‘g‘itlar va suvga bo‘lgan talabini aniqlash hamda bentonit loyqasining maqbul me’yorlarini qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqarish sharoitida olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun “Kuzgi bug‘doy etishtirishda resurstejamkor texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha Toshkent va Surxondaryo viloyati fermer xo‘jaliklariga tavsiyalar” hamda “Noan’anaviy agrorudalarni qishloq xo‘jaligi ekinlarida qo‘llash bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga tavsiyalar” ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jalik vazirligining 2019 yil 10 oktyabrdagi 02/021-2949-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanomalar bugungi kunda qishloq xo‘jaligida g‘allachilik sohasi xodimlari, jumladan fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida keng foydalanilgan.
Toshkent viloyati Qibray tumanining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyni oktyabr` oyining birinchi o‘n kunligida ekib, amal davrida mineral o‘g‘itlarni gektariga (azot-200 kg, fosfor-140 kg, kaliy-100 kg) me’yorida qo‘llash, sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNSga nisbatan 75-75-70% tartibda sug‘orish texnologiyasi jami 150 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jalik vazirligining 2019 yil 10 oktyabrdagi 02/021-2949-son ma’lumotnomasi). Natijada har gektar maydondan o‘rtacha 58–60 sentner don hosili olingan va oddiy sharoitda ekilgan g‘alla maydonlariga nisbatan 10–15 sentenr qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;
tipik bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doyni ekishdan oldin haydov ostiga mineral o‘g‘itlar bilan birga gektariga 3000 va 4500 kg me’yorida bentonit loyqasini qo‘llash texnologiyasi jami 113,5 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jalik vazirligining 2019 yil 10 oktyabrdagi 02/021-2949-son ma’lumotnomasi). Natijada mavsum davomida sug‘orish uchun sarflanadigan suv me’yori gektariga 620–870 m3 gacha, mineral o‘g‘itlar me’yorlarini 15–20% gacha iqtisod qilish bilan birga gektaridan 10,5–12,8 sentner qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan, rentabellik 18,6–22,4% ga ortishi kuzatilgan;
Surxondaryo viloyati sharoitida kuzgi bug‘doyga qo‘llaniladigan mineral o‘g‘itlar me’yorlariga qo‘shimcha ravishda bentonit loyqasining 9000 kg/ga qo‘llash texnologiyasi jami 215 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jalik vazirligining 2019 yil 10 oktyabrdagi 02/021-2949-son ma’lumotnomasi). Natijada gektaridan 3,5–3,9 sentner qo‘shimcha don hosili olish bilan birga mavsumiy sug‘orish me’yori 500–600 m3/ga iqtisod qilishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish