Yusupov Shoxrux Shuxratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yonoq-orbital kompleksi jarohatlarining xirurgik davosini takomillashtirish», 14.00.21–Stomatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib 962.
Ilmiy rahbar: Boymuradov Shuxrat Abdujalilovich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat tibbiyot instituti, PhD.31.10.2019.Tib.93.01.
Rasmiy opponentlar: Sultonov Mexribon Shamsievich tibbiyot fanlari doktori, professor., Xabibova Nazira Nasulloevna tibbiyot fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Kirov davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Yonoq-orbital kompleksi sinishlarida bemorlarga tashxis qo‘yishni optimallashtirish va jarrohlik davolanishni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yonoq-orbital suyak sinishlari klinik xususiyatlarini tadqiq etish;
yonoq-orbital kompleksi shikastlanishini davolashda kompyuter modellashtirish usuli samaradorligini hamda 3D dasturi yordamida suyak nuqsonini tiklashni baholash;
klinik amaliyotga orbita devorlarini tiklagan holda yonoq-orbital kompleksi suyak sinishlarida jarrohlik aralashuvi uslubini ishlab chiqish;
individual modellashtirilgan implantant yordamida yonoq-orbital kompleksi shikastlanishini jarrohlik davolash usullari samaradorligini baholashdan iborat.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yonoq-orbital kompleksi jarohatlarining xirurgik davosini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Yuz o‘rta hududi suyaklari nuqsonlarini bartaraf etish uchun individual implantatni modellashtirish algoritmi» uslubiy tavsiyanomasi ishlab chiqilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 19 sentyabrdagi 8n-r/361-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma individual implantatni kompyuterda virtual modellashtirish yo‘li bilan yuz o‘rta hududi suyaklari nuqsonlarini bartaraf etishning ishlab chiqilgan uslubi operativ jarrohlik aralashuvining bitta bosqichida suyakning yo‘qotilgan segmenti individual implantatini o‘rnatish va bemorlarning funksional hamda ijtimoiy adaptatsiya muddatini qisqartirish imkonini bergan;
«Yonoq-orbital kompleksi suyaklari sinishlarida orbita devorlarini rekonstruksiya qilish uslubi» uslubiy tavsiyanomasi ishlab chiqilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 19 sentyabrdagi 8n-r/361-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma yonoq-orbital kompleksi suyaklari singanida jarrohlik davolashdan keyingi asoratlar miqdorini 30% ga kamaytirish imkonini bergan;
yonoq-orbital kompleksi jarohatlarini xirurgik davolashni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy markazining Samarqand viloyati filiali, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi, Toshkent shahar 7-sonli klinik shifoxonasi, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi klinik amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 22 oktyabrdagi 8n-r/233-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi va jarrohlik amaliyotida virtual kompyuter modellashtirishning ishlab chiqilgan uslubi yonoq-orbital kompleksi shikastlarini aniq tashxislash, jarrohlik amaliyotini rejalashtirish hamda amalga oshirishning aniqligini ta’minlab, keyingi asoratlarning to‘liq oldini olishga va bemorlarning to‘liq tuzalish muddatini 1,6 baravarga qisqartirish imkonini bergan.