Fayzulloev Otabek Muxamadovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek fol`kloridagi lingvokul`turemalarning inglizcha tarjimada berilishi (bolalar fol`klori va ertaklar misolida)”, 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil278.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Andijon davlat universiteti, DSc.26.04.2018.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor; Qambarov Nosir Mansurovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek bolalar fol`klori va ertak janrlari misolida lingvokul`turemalarning universal, milliy-madaniy, gender, leksik-semantik, stilistik xususiyatlarini aniqlab, ularni ingliz tiliga o‘girish spesifikasini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek xalqining bola hayotiga daxldor marosim va nomarosim aytimlari, alla, erkalama kabi suyish qo‘shiqlari, o‘yinlar, ertaklarda qo‘llanilgan lingvokul`turemalarning tarjima matnidagi o‘rni aniqlanib, tilning milliy-madaniy o‘ziga xosligini anglashda muhimligi isbotlangan;
o‘zbek bolalar fol`klori va ertak janrlari inglizcha tarjimalarida lingvokul`turemalarning universal, leksik-semantik, milliy-madaniy, stilistik, gender belgi-xossalari ochib berilgan;
lingvokul`turemalar bilan bog‘liq milliy koloritning tarjimada saqlanishida mutarjim mahorati, bu boradagi uslubiy imkoniyatlar va cheklanganliklar dalillangan;
o‘zbek bolalar fol`klori, ertaklarning janriy tabiati, motivlar strukturasi, obrazlar tizimidagi umumfol`kloriy jihatlarning tarjimada saqlanishi tarixiy-genetik, madaniy-estetik tomondan isbotlangan;
lingvokul`turemalar tarjimasi amaliyotida muqobilini (ekvivalentini) topish, so‘zma-so‘z (kal`kalash), so‘zlarni qo‘shib tarjima qilish yoki aksincha, so‘zlarni tushirib qoldirish, transliteratsiya, sinonim so‘zlardan foydalanish, izoh keltirish, ijodiy tarjima, generalizatsiya, konkretizatsiya (aniqlashtirish), modulyasiya, shartli muqoyasa, so‘z analogiyasi bo‘yicha yoki ma’noni yaqinlashtirib tarjima qilish usullari eng ko‘p qo‘llanadigan va samarali usullar ekani asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek bolalar fol`klorida lingvokul`turemalarning ifodalanishi bilan bog‘liq xususiyatlarni ochib berish, ularni asliyatdan tarjima qilish muammolarini bartaraf etish yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
jahon filologiya ilmidagi ilg‘or tadqiq metodlari qiyosiy adabiyotshunoslik, o‘zbek fol`klorshunosligi, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslikka keng tatbiq etilayotganini asoslash uchun o‘zbek bolalar fol`klori janrlari va ertaklarning inglizcha tarjimalarida lingvokul`turemalarning ifodalanishiga xos xususiyatlarga oid taklif va tavsiyalardan F-1-06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 25 dekabrdagi 89-03-4455-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbekcha badiiy matnlarning asliyatdan tarjima qilinishi bilan bog‘liq muammolar qiyosiy aspektda o‘rganilib, tarjimon mahoratini aniqlashga xizmat qilgan;
o‘zbek bolalar fol`klorining xorijiy mamlakatlarda o‘rganilishi, uning ingliz tiliga tarjima qilinishi, lingvokul`turemalarni o‘zida aks ettirishi, lingvokul`turemalarga xos xususiyatlar, ularning tasnifi, lisoniy, badiiiy-estetik xossalariga doir xulosa va tavsiyalar Buxoro davlat universiteti o‘quv jarayonida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 9 yanvardagi 89-03-97-son ma’lumotnomasi). Natijada “Tarjima nazariyasi va amaliyoti”, “O‘zbek fol`klori”, “Adabiy-badiiy tahlil metodlari”, “Qiyosiy adabiyotshunoslik” va “Qiyosiy tilshunoslik”, “Madaniyatlararo muloqotga o‘rgatish” fanlarini takomillashtirish hamda o‘qitish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
o‘zbek xalqining bolalar fol`klori butun bashariyatni bolajonlikka, bolaparvarlikka etaklovchi qadriyat ekanligi, ularning inglizcha tarjimalari bilan bog‘liq fikr-mulohazalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining “Assalom, Buxoro”, “O‘ziga o‘xshaydi o‘zbek”, “Til – millat ko‘zgusi” kabi turkum ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2018 yil 13 dekabrdagi 1/580-son ma’lumotnomasi). Natijada fol`klor orqali aks etgan milliy qadriyatlarimizning bir qator xorijlik etnograf olimlar tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingani, o‘zbek bolalar fol`kloriga bo‘lgan katta qiziqishni namoyon etishi kabi xulosalari teletomoshabinlarning ushbu masalalar yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘lishiga asos bo‘lgan;
o‘zbek bolalar fol`klorini xorijdan kelayotgan sayyohlarga yanada aniqroq tushuntirish, uning ingliz tiliga tarjima qilinishi, lingvokul`turemalarni o‘zida aks ettirishi, lingvokul`turemalarga xos xususiyatlar, tasnifi, lisoniy va badiiiy-estetik xossalariga doir xulosa va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Buxoro viloyati turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “Turizm o‘quv-konsalting markazi” davlat unitar korxonasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 165-son ma’lumotnomasi). Natijada turizm sohasidagi kadrlarning o‘zbek fol`klorini sayyohlarga tushuntirish va targ‘ib etish malakasini oshirishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish