Sariev San’atjon Matchonboevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja berilgan fan tarmog‘i nomi): “Go‘ro‘g‘li” dostonlari og‘zaki va qo‘lyozma nusxalarini qiyosiy o‘rganish”, 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fil.19.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Jo‘raev Mamatqul, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Turdimov Shomirza Ganievich, filologiya fanlari doktori;  Rahmonov Nasimxon Askarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Xoshniyazov Jalg‘asbay Xoshniyazovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: “Go‘ro‘g‘li” eposining turkiy xalqlar orasida tarqalgan qo‘lyozma va toshbosma nusxalarining jonli epik an’anada saqlanib qolgan og‘zaki variantlari bilan qiyoslash orqali epos qo‘lyozma va toshbosma nusxalarining shakllanishi tarixini yoritish hamda epik syujetlar genezisi va badiiy evolyusiyasi bosqichlarini aniqlashdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor “Go‘ro‘g‘li” eposi Sirdaryoning quyi oqimi va Orolbo‘yi mintaqasida yashagan qadimgi turkiy qavmlar fol`klorida shakllanib, o‘g‘uz qabilalarining etnik migratsiyasi natijasida Kavkazorti, Old Osiyo hududlariga yoyilganligi dalillangan;
ilk bor o‘zbek fol`klorshunosligida “Go‘ro‘g‘li” eposining turkiy xalqlar orasida tarqalgan qo‘lyozma va toshbosma nusxalari yaxlit badiiy tizim sifatida ilmiy tavsiflanib, dostonchilik an’analarining milliy xususiyatlari va o‘zaro adabiy-fol`kloriy aloqalar epik syujetlarning tadrijiy rivojiga asos bo‘lganligi aniqlangan;
“Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlarining turkiy xalqlar orasida keng yoyilishida jonli og‘zaki ijro bilan bir qatorda, qissaxonlik an’anasi ham muhim rol` o‘ynaganligi asoslangan hamda XVIII asrning oxiri – XIX asr boshlarida xalq qissalarining intensiv yaratilish jarayoni avj olishi dostonlarning kitobatlashuviga sabab bo‘lganligi dalillangan;
 “Go‘ro‘g‘li” dostonlarining turkiy qo‘lyozmalari va og‘zaki versiyalar o‘rtasidagi mushtarak hamda farqli jihatlarni aniqlash natijasida eposning kitobatlashuv jarayoni epik syujetlarning yuzaga kelishi va variantlashishiga asos bo‘lganligi ko‘rsatilgan;
qo‘lyozma va toshbosma variantlarning yuzaga kelishi tufayli og‘zaki an’anadagi badiiy matn turg‘un holatga kelganligi hamda eposning baxshilar tomonidan qo‘lyozmalar orqali o‘zlashtirilishi jarayonida doston ijrochiligiga xos asosiy xususiyatlardan biri – badihago‘ylik ikkinchi planga tushib qolganligi asoslab berilgan;
epos qo‘lyozma va toshbosma nusxalarining o‘ziga xos til xususiyatlari, badiiy ifoda vositalari hamda barqaror epik formulalarning poetik transformatsiyasi talqinlari yozma adabiyot va fol`klor aloqalarini o‘rganishning muhim manbai ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
“Go‘ro‘g‘li” dostonlari qo‘lyozmalarining shakllanishi va rivojida qissaxonlik an’anasining o‘rni, qo‘lyozma dostonlarning ilmiy tavsifi, doston og‘zaki va qo‘lyozma variantlarining qiyosiy tahlili, qo‘lyozma dostonlar badiiyati bo‘yicha olingan natijalar asosida:
“Go‘ro‘g‘li” dostonlari syujetining mifologik asoslari va doston qo‘lyozma nusxalarida mifik obrazlar talqinini o‘rganishga doir ilmiy-nazariy qarashlardan Navoiy davlat pedagogika institutida bajarilgan «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni» mavzusidagi F1-XT-0-19919 raqamli ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 6 noyabrdagi 89-03-4306-son ma’lumotnomasi). Natijada eposlarda mifologik syujetlarning aks etishi, mifopoetik tafakkur namunalarining eposlar shakllanishida tutgan o‘rnini aniqlashga erishilgan;
xalq og‘zaki ijodining yozma adabiyotga ta’siri hamda jahon va turkiy xalqlar ijtimoiy hayotida eposning o‘rnini belgilashga doir xulosalaridan Navoiy davlat pedagogika institutida bajarilgan XT-F1-004 raqamli “O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari” mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 6 noyabrdagi 89-03-4306-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq eposi va epik qahramon ibrat namunasi ekanligi borasidagi mulohazalarning boyitilishiga erishilgan, eposdagi epik qahramonlar talqini orqali badiiy-estetik tarbiyani amalga oshirishda fol`klor tarbiya vositasini bajarishi ilmiy-nazariy asoslangan;
fol`klor va yozma adabiyot o‘rtasidagi aloqalarni yoritib berish, shu asosda epos tarkibida shakllangan epik syujetlarni aniqlashga doir ilmiy xulosalaridan Buxoro davlat universitetida bajarilgan F-1-06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” mavzusidagi loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 6 noyabrdagi 89-03-4306-son ma’lumotnomasi). Natijada arxaik eposga xos mifologik tasavvurlarning poetik diffuziyasi ta’sirida shakllangan epik syujetlar transformatsiyasi xalq eposining badiiy qamrovi kengaytirilganligini isbotlashga erishilgan;
“Go‘ro‘g‘li” dostonlari qo‘lyozmalari va “Avesto”ning mushtarak va o‘ziga xos tomonlari, obrazlari haqidagi ma’lumotlarni joriy etish “Avesto” muzeyiga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlarda Vatanimizning boy madaniy merosi, qadimiy nomoddiy meros manbalari, ularni o‘rganish yuzasidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida tasavvur hosil qilish va ularga axborotlar etkazishda foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” Xayriya jamoat fondining 2019 yil 31 oktyabrdagi 01-46-30/10-19-son ma’lumotnomasi). Natijada Xalqaro “Oltin meros” hayriya jamoat fondi o‘z tasarrufidagi “Avesto” muzeyida “Avesto” mifologiyasi va Xorazm “Go‘ro‘g‘li” dostonlar turkumidagi obrazlar”ilmiy maqolasi asosida “Avesto” va “Go‘ro‘g‘li” dostonlaridagi o‘xshashliklarni ifoda etuvchi ko‘rgazma materiallari tayyorlangan;
“Go‘ro‘g‘li” dostonlarining og‘zaki va qo‘lyozma nusxalarini dunyo xalqlari epik tafakkuri konekstida tutgan o‘rni va ahamiyati, doston qo‘lyozma va toshbosmalarining xorazmlik baxshi va xalfalar epik repertuarida saqlanib qolish xususiyatlariga doir ilmiy qarashlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Xorazm” televideniesining “Kun mehmoni”, “Dolzarb mavzu”, “Munavvar kun”, “Qadriyat” teleko‘rsatuvlari va “Qadriyat” radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Xorazm” televideniesining 2019 yil 17 sentyabrdagi 1253-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘lyozma dostonlarning ma’rifiy-estetik ahamiyati, yosh avlod dunyoqarashining takomilidagi roli, yuksak etnopedagogik tarbiyaviy ahamiyati, ularning so‘z san’atidagi alohida o‘rni xususidagi xulosaviy fikr va qarashlar yanada kengroq ommalashgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish