Ro‘ziev Yarash Bozorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Nemis tili zamon shakllari transpozisiyasining pragmastilistik xususiyatlari”, 10.00.04–Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil397.
Ilmiy rahbar: Safarov Shahriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Andijon davlat universiteti, DSc.26.04.2018.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Qulmamatov Do‘smamat Sattarovich, filologiya fanlari doktori; Ismailov Yusub Niyazmetovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nasriy asarlar matnida hozirgi nemis tilida zamon shakllarining transpozisiyasi kechishini tizimli ravishda tavsiflash va ushbu hodisaning pragmastilistik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zamon shakllarining ma’nosi, struktur-semantik tartiboti, matn hosil qilish imkoniyati kabi belgilari hamda hozirgi nemis nasrida kontekstga bog‘liq holda ko‘chma ma’noda qo‘llanish chegaralari dalillangan;
zamon kategoriyasi shakllarining turli funksional uslub va matnda stilistik, jumladan, obrazlilik, ta’sirchanlik, bo‘yoqdorlik kabi xususiyatlari namoyon bo‘lishi asoslangan;
zamon sistemasidagi aniqlik mayli shakllari ma’nolarining transpozisiya muhitida qator ichida va qatorlararo   yaqinlashuvi, neytrallashuvi isbotlangan;
matnda ko‘chma ma’noda qo‘llanadigan zamon shakllari qatori aniqlanib, ularning mazmuniy-uslubiy va pragmatik-ekspressiv xususiyatlari til morfologik sathi birliklarining matn tuzilishidagi ishtirokini namoyon qiluvchi ko‘rsatkich ekanligi isbotlab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nemis tili zamon shakllari transpozisiyasining pragmastilistik xususiyatlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
nemis tili zamon shakllari transpozisiyasining pragmastilistik xususiyatlari, jumladan, zamon shakllarining nasriy matnlarda transpozision qo‘llanishi, zamon shakllari transpozisiyasining pragmatik va stilistik imkoniyatlarini tahlil qilish yuzasidan olib borilgan tadqiqot natijalaridan OT−F8−62 raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 11 yanvardagi 89-03-174-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari tilning kommunikativ aktlardagi semantik va derivatsion xususiyatini o‘rganish, zamon shakllarining o‘ziga xos xususiyati, ma’nosi, struktur-semantik tartiboti, matn hosil qilish imkoniyati, transpozisiyaning nasriy matnda voqelanish yo‘llarini sistemalashtirish, shuningdek, zamon shakllarining funksional­stilistik, pragmatik xususiyatlarini ochib berishda xizmat qilgan;
zamon shakllarining pragmastilistik xususiyatlarini ochib berishda mikro­ va makromatndan, ya’ni katta badiiy asarlardan foydalanishga, badiiy asar muallifi adabiy uslubi, asar qahramonlarining ichki kechinmalari, tasavvurlari, orzu va uy­xayollarini tasvirlashda zamon shakllarining matn hosil qilishdagi ahamiyatiga  bag‘ishlangan tadqiqot natijalaridan F­1­06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” mavzusidagi loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 11 yanvardagi 89-03-174-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari nemis va o‘zbek tillari zamon shakllarining transpozisiyasi pragmastilistik xususiyatlari o‘zaro qiyoslanishi orqali Sharqu G‘arb filologik an’analarining o‘ziga xosligini asoslash bo‘yicha xulosalar chiqarish imkonini bergan;
nemis tilida sodda va qo‘shma zamon shakllarining yasalishi, ularning grammatik, pragmatik va semantik­stilistik xususiyatlariga oid ilmiy xulosa va natijalari Buxoro viloyat teleradiokompaniyasida efirga uzatilgan «Bilag‘on bolajon», «Nemis tili saboqlari» kabi ko‘rsatuv va eshittirish ssenariylariga kiritilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1/618-son ma’lumotnomasi). Foydalanilgan natija va materiallar efirga uzatilgan ko‘rsatuv va eshittirishlarning mazmun-mohiyatini boyitgan, tomoshabinlarning nemis tiliga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirgan, turizm sohasida ishlaydigan xodimlarning nemis tili va madaniyatiga oid bilimlari kengayishiga xizmat qilgan;
Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan “Bo‘lajak nemis tili o‘qituvchilariga onlayn ta’lim berish” seminarida “Nemis tili zamon shakllarining pragmastilistik xususiyatlari” nomli dissertatsiya loyihasi taqdimot qilinib, ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokama etilgan (Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasining 2019 yil 24 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekistonda germanistika sohasidagi tadqiqotlarni boyitadi va nemis tili o‘qituvchilari bilimini oshirishga yangi turtki beradi, degan xulosaga kelgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish