Nafasova Vazira To‘raevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek tili paronimlarining lisoniy tahlili», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil294.
Ilmiy rahbar: Muminov Sidiqjon Mirsobirovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.30.05.2018.Fil.70.01.
Rasmiy opponentlar: Amanturdiev Anvar Jabborovich, filologiya fanlari doktori; Qilichev Bayramali Ergashevich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tili leksikasi tizimida ifodaviy va ma’noviy jihatdan kichik mikrotizimni tashkil qiluvchi paronimlarning shakliy, ma’noviy xususiyatlari, paronimik leksikaning variatsiya, polisemiya, omonimiya, sinonimiya va antonimiya singari yondosh hodisalardan o‘xshash va farqli jihatlarini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
paronimlarning variatsiya, ko‘p ma’nolilik, sinonim, omonim, antonim singari yondosh hodisalardan fonologik-fonetik, leksik-semantik o‘xshashligi va shakliy farqi aniqlangan;
paronimik leksikaning shakllanishi va taraqqiyoti, bu jarayonda o‘zbek tili leksikasining qo‘llanilish jihatdan faolligi, fors, arab tili birliklarining ishtiroki asoslab berilgan;
yozma va og‘zaki nutqda paronimlarni qo‘llash bilan bog‘liq xatolarning kelib chiqishi aniqlanib, paronimik leksikaning yozma nutqdagi grafik va orfografik o‘rnini to‘g‘ri ifodalash, ma’noviy farqini tushunishning ahamiyati ochib berilgan;
paronimlar til hodisasi sifatida leksik sath birligi ekanligi va nutqiy jarayonda paronomaziyaning yuzaga chiqishi uchun asos bo‘lishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek tili leksikologiyasi borasida olib borilgan izchil tadqiqotlarning uzviy davomi sifatida paronimlar lisoniy tahlilining ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish asosida:
paronimik leksikaning shakllanishi va taraqqiyoti, bu jarayonda o‘zbek tili yasama paronimlarining faolligi, asosdosh paronimlarning hosil bo‘lishi, asos qismida ifodalangan ma’noviy umumiylik, yasovchi birlik orqali ifodalangan xususiylik, ma’noviy farqlovchilik, turli asoslardan yuzaga kelgan yasama paronimlarda ma’noviy umumiylik, birlashtiruvchanlik yasovchilar vositasida, ma’noviy farq, tafovut esa yasalish asoslari bilan ifodalanishi haqidagi xulosalardan OT-F8-062 raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” (2007–2011 yy.) nomli fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 3 oktyabrdagi 89-03-3710-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur loyiha doirasida o‘zbek tili so‘z yasalishida paronimik leksikaning ishtirokini ta’riflashga erishilgan;
paronimlarning yuzaga kelish sabablari, variatsiya, sinonim, omonim, antonim kabi yondosh hodisalar bilan qiyoslanishi, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, o‘xshash va farqli jihatlari, nutqda qo‘llanilishi bilan bog‘liq natijalaridan I-2013-57 raqamli «Ijtimoiy ekologiya muammolari» nomli monografiya tayyorlash va chop etish» (2013–2014 yy.) mavzusidagi innovatsiya loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 3 oktyabrdagi 89-03-3710-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot ilmiy natijalaridan foydalanish loyiha bo‘yicha olib borilgan ishning sifatli va mukammal darajada bo‘lishini ta’minlagan;
paronimlarning izohlari misollar asosida «O‘zbek tili paronimlarining qisqacha izohli lug‘ati»ni yozishda foydalanilgan (Qarshi: Nasaf, 2019. –88 bet.) (ISBN 978-9943-18-245-5)da. Natijada o‘zbek tilidagi paronimlarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritilgan va lug‘atlarda berilishi takomillashtirilgan.