Xasanov Temur Xalmamatovichning
falsafa doktori (PhD)  dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘g‘rilik uchun jinoiy javobgarlik va oldini olish», 12.00.08–Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Yu17.
Ilmiy rahbar: Zokirova Odina G‘ulomovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.27.06.2017.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: O‘razaliev Murod Qoraevich, yuridik fanlar doktori; Maxkamov Otabek Muxtarovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘g‘rilikning jinoyat-huquqiy va kriminologik muammolarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘g‘rilik jinoyatini neft` quvurlarida, gaz quvurlarida, neft` va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilishi og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanishi zarurligi asoslangan;
oz miqdorda talon-toroj qilish holati aniqlanganda uzog‘i bilan bir sutka ichida ma’muriy huquqbuzarlik hujjatlari rasmiylashtirilib, ma’muriy sudga yuborilishi zarurligi asoslab berilgan;
agar o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq qilmishda Jinoyat kodeksi normasining turli qismlariga oid belgilar mavjud bo‘lsa, sudlar tomonidan ushbu moddaning og‘irroq qismi bilan kvalifikatsiya qilish zarurligi asoslangan;
mulkiy tusdagi huquqbuzarliklarning viktimologik profilaktikasini amalga oshirishda aynan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan mol-mulkni qo‘riqlash sohasida xizmat ko‘rsatishni tashkil qilishi zarurligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘g‘rilik uchun jinoiy javobgarlik va oldini olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
neft` quvurlarida, gaz quvurlarida, neft` va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan o‘g‘rilikning javobgarlikni og‘irlashtiradigan holat sifatida O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismiga «g» band sifatida to‘ldirish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 7 oktyabrdagi O‘RQ–355-sonli «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi Qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 24 oktyabrdagi 06/1-05/730J-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif neft` quvurlarida, gaz quvurlarida, neft` va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan o‘g‘rilik uchun javobgarlikni differensiatsiya qilishga xizmat qilgan;
o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlarda Jinoyat kodeksi moddasining og‘irroq jazoni ko‘zda tutuvchi qismida ko‘rsatilgan qilmish sodir etilganda mazkur qilmishni tegishli moddaning boshqa qismlari bilan qo‘shimcha tavsiflanishi talab etilmasligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «O‘zgalar mulkini o‘g‘rilik, talonchilik va bosqinchilik bilan talon-toroj qilish jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi 1999 yil 30 apreldagi 6-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2018 yil 17 oktyabrdagi PL-56-18-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash hamda jinoyat qonunining odillik prinsipiga rioya etilishiga xizmat qilgan;
oz miqdorda talon-toroj qilish aniqlanganda uzog‘i bilan bir sutka ichida hujjatlar rasmiylashtirilib, ma’muriy sudga yuborilishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 2 iyuldagi 133-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlari qo‘riqlash xizmatining qo‘riqlanayotgan ob’ektlarda huquqbuzarliklarni oldini olish faoliyatini tashkillashtirish to‘g‘risida»gi nizomning 11-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashkiliy departamenti yuridik ta’minlash boshqarmasining 2018 yil 25 oktyabrdagi 33/04-01/3077-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif ichki ishlar organlari sohasida oz miqdorda talon-toroj qilish hamda o‘g‘rilik kabi ijtimoiy xavfli qilmishlarni aniqlash va ularga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish