Cho‘ponov Otanazar Otojonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “XVII asr Rossiya bilan Xiva va Buxoro aloqalari bo‘yicha elchilik kitoblarining tili”, 10.00.04–Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/Fil89.
Ilmiy maslahatchi: Qulmamatov Do‘smamat Sattarovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Andijon davlat universiteti, DSc.26.04.2018.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Safarov Shaxriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Omonov Qudratulla Sharipovich, filologiya fanlari doktori, professor; Narojnaya Valentina Dmitrievna, filologiya fanlari doktori, dotsent (Qozog‘iston Respublikasi).
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XVII asr Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalari bo‘yicha elchilik kitoblarida mavjud bo‘lgan turli janrga mansub rasmiy hujjatlar matnlarini ilmiy muomalaga kiritish va ularni lingvistik mazmundorligini fonetik, leksik, morfologik va sintaktik nuqtai nazardan tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XVII asr Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalariga doir ilgari chop qilinmagan elchilik kitoblarini nashrga tayyorlash va ilmiy muomalaga kiritish, lingvistik manbashunoslik nuqtai nazaridan ahamiyatliligini ko‘rsatish maqsadida rus tez yozuv matnlarini hozirgi rus harflari bilan berish, nay shaklidagi hujjat (stolbes)lar qo‘lyozmalarining grafik, orfografik va punktatsion xususiyatlarini saqlab qolish kabi yangi qoidalar ishlab chiqilgan;
nay shaklidagi hujjat (stolbes)lardan XVII asr Xiva va Buxoro elchilik kitoblariga ko‘chirib yozilgan hujjatlar matnlari, ularning o‘xshashliklari va farqlari “ma’no, janr, formulyar” tamoyillari asosida tuzilganligi isbotlangan;
faktik materiallar – ilgari chop qilinmagan rus tez yozuvida bitilgan XVII asr nay shaklidagi hujjat (stolbes)lar hamda Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalariga doir elchilik kitoblari tarkibidagi mualliflari ko‘rsatilmagan tarjimalar tahlili asosida rus tilshunosligi sohasiga “yashirin tarjima” yangi terminini kiritish maqsadga muvofiqligi dalillangan;
XVII asr Xiva va Buxoro elchilik kitoblarining katta hajmdagi matni materiali asosida rus rasmiy yozma yodgorliklarining fonetik hodisalarini aks ettiruvchi dublet, satr usti va satrdagi harflarning qo‘llanilishi hamda rus tilidagi urg‘uning o‘ziga xosligini tavsiflaydigan grafik umumiyligi aniqlangan;
tahlil qilinayotgan hujjatlar matnida mavjud, ammo rus tili lug‘atlarida o‘z aksini topmagan leksik birliklar, ba’zi so‘zlarning qayd qilinmagan ma’nolari, leksik-semantik guruhlarning sistem munosabatlari, tarixiy leksikologiya va leksikografiya bilan lingvistik manbashunoslikning o‘zaro munosabati ochib berilgan;
ilgari nashr qilinmagan XVII asr Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalari bo‘yicha elchilik kitoblari matnlarining ham Moskva yozma yodgorliklari, ham Moskva og‘zaki nutqiga xos bo‘lgan morfologik (otlarning turlanishi, sifat, olmoshlarning “roditel`niy” kelishigidagi v va g qo‘shimchalari) hamda sintaktik (o‘sha davrning ham rasmiy, ham og‘zaki-xalq rus nutqi tizimiga xos til hodisalarini aks ettiruvchi sodda gaplarning ko‘p qo‘llanilishi) xususiyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XVII asr Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalari bo‘yicha elchilik kitoblarida mavjud bo‘lgan turli janrga mansub rasmiy hujjatlar matnlarining lingvistik mazmundorligini fonetik, leksik, morfologik va sintaktik nuqtai nazardan tadqiq qilish jarayonida olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
XVII asr Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalari bo‘yicha elchilik kitoblari matnida aniqlangan leksik birliklar va leksik-semantik guruhlarning sistem munosabatlari, ba’zi bir sharqona so‘zlarning ma’nolari Toshkent davlat pedagogika universitetida bajarilgan ITD-1-07 raqamli “Tilshunoslik asoslari” fanidan darslik, o‘quv-uslubiy majmua va ularning elektron nusxalarini yaratish” fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriligining 2019 yil 26 iyundagi 89-03-2554-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari leksikologiya, morfologiya va madaniyatlararo kommunikatsiya bo‘yicha o‘quv-uslubiy majmua yaratishga xizmat qilgan;
XVII asrda nay shaklidagi hujjat (stolbes)lardan Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalari bo‘yicha elchilik kitoblariga ko‘chirilgan hujjatlar matni tadqiqi asosida olingan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bajarilgan A-1-209 “Madaniyatlararo va kommunikativ yondashuv nigohida magistratura mutaxassisligi bo‘yicha nazariy fanlardan ingliz tilida darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratish va o‘zbekcha-inglizcha-ruscha lingvistik terminlar lug‘atini tuzish” nomli amaliy loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 26 iyundagi 89-03-2554-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi XVII asr ruscha diplomatik hujjatlar matnining sintaktik xususiyatlarini aniqlash, yangi “skritiy perevod” (“yashirin tarjima”) terminini tilshunoslikning ilmiy muomala sohasiga olib kirish imkonini bergan;
nay shaklidagi hujjat (stolbes)lar va XVII asr Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalari bo‘yicha elchilik kitoblarining matnini tuzish, ularning o‘xshash va farqli jihatlarini tavsiflash tamoyillarini o‘rganish jarayonida olingan ilmiy natijalardan FA-A1-G015 raqamli “Xiva xonlari davlat arxiv hujjatlari. II jild” fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 27 fevraldagi 3/1255-533-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari XVII asr Xiva xonligi davlat arxivi hujjatlarini linvistik jihatdan o‘rganish va tahlil qilishda yangi manba va muhim ko‘makchi bo‘lib xizmat qilgan;
XVII asr Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalari bo‘yicha elchilik kitoblari matnining paleografik, fonetik, leksik va grammatik xususiyatlari bilan bog‘liq materiallardan Fanlar akademiyasi Tarix institutida bajarilgan PZ-2017098402 raqamli «O‘zbekistonning o‘rta asrlar tarixi rasmiy hujjatlarda: muammoli jihatlar, talqin va tahlil (VII–XIX asr birinchi yarmi)» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 27 fevraldagi 3/1255-533-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan materiallar tadqiq etilayotgan davrning rasmiy hujjatlarini chuqur o‘rganishga va ilmiy asoslashga imkon bergan;
ilmiy tadqiqotning XVII asr Rossiyaning Xiva va Buxoro bilan aloqalari bo‘yicha elchilik kitoblarida mavjud bo‘lgan turli janrga mansub rasmiy hujjatlar matnlarini ilmiy muomalaga kiritish va ularni lingvistik mazmundorligini fonetik, leksik, morfologik va sintaktik nuqtai nazardan tadqiq qilish bo‘yicha olingan natijalaridan “O‘zbekiston – bizning umumiy uyimiz“ festivali doirasida O‘zbekistondagi Rus madaniyati markazi Xorazm viloyat bo‘limi tomonidan tashkil qilingan seminarda foydalanilgan (O‘zbekiston Rus madaniyat markazining 2019 yil 7 sentyabrdagi 02-173-son ma’lumotnomasi). Natijada Rossiya bilan Xiva va Buxoro xonliklari o‘rtasidagi diplomatik aloqalar to‘g‘risida chuqurroq ma’lumotga ega bo‘lish, rus tili lug‘atlarida uchramaydigan so‘zlar, tahlil qilinayotgan rasmiy hujjatlardagi mavjud leksik birliklar, leksik-semantik guruhlar bilan tanishishga, shu bilan birga, seminar qatnashchilari, jumladan, rus tili va adabiyoti o‘qituvchilarining ilmiy-amaliy bilimlarini oshirish imkoniyati yaratilgan;
nashr qilinmagan hujjatlar (fotonusxalar) – Xiva xoni Anusha Muhammad Bahodirning 1672 yil 19 dekabrdagi Moskva davlati podshohi Aleksey Mixaylovichga yozgan yorlig‘i, Moskva davlati podshohi Aleksey Mixaylovichning 1673 yil 27 maydagi Xiva xoni Anusha Muhammad Bahodirga yuborgan nomasi tahlili asosida olingan nazariy xulosalar Xorazm Ma’mun akademiyasi muzeyi eksponatini tashkil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 27 fevraldagi 3/1255-533-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari aholining keng qatlamlari, shu jumladan, fan olami vakillariga XVII asrda Rossiya bilan Xiva xonligi hukmdorlari o‘rtasidagi diplomatik yozishmalar bilan yaqinroq tanishish imkonini bergan;
XVII asr Rossiya bilan Xiva va Buxoro bilan aloqalariga doir nashr qilinmagan elchilik kitoblarini ilmiy muomalaga olib kirish va ularni lingvistik nuqtai nazardan ahamiyatliligini ilmiy jihatdan tavsiflash bo‘yicha xulosalardan Xorazm teleradiokompaniyasining 2018 yil 15 sentyabrda efirga uzatilgan “Oazis” (“Voha”) ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanildi (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2018 yil 27 dekabrdagi 2130-son ma’lumotnomasi). Bu Rossiya va Xiva, Buxoro xalqlarining hamda XVII asrda iste’molda bo‘lgan tillarining o‘zaro munosabatlari tarixi haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni boyitishga xizmat qilgan.