Otajonova Dildor Baxtiyarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Inglizcha badiiy matnlarning rus va o‘zbek tillaridagi tarjimalarini ortologik tadqiqi», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fil159.
Ilmiy rahbar: Kulmamatov Do‘smamat Sattarovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Andijon davlat universiteti, DSc.26.04.2018.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Safarov Shaxriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Yusupova Shoira Batirovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: inglizcha badiiy matnlari rus va o‘zbek tillaridagi tarjimalarida orfografik, punktuatsion, stilistik, leksik-semantik, grammatik, kommunikativ, pragmatik me’yorlarning ta’minlanishini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz badiiy matnlari va uning rus hamda o‘zbek tillaridagi tarjimalarida ifodalangan muallif va personaj nutqining aniqligi, ta’sirchanligi, sofligi, mantiqiyligi, to‘g‘riligini belgilaydigan ortologik – adabiy me’yorlarga asoslanish va chekinish holatlari aniqlangan;
inglizcha badiiy matnlari va ularning ruscha hamda o‘zbekcha tarjimalaridagi personaj nutqida ifodalangan yosh, ijtimoiy mavqe, jins, ta’lim va tarbiya, kasb kabi pragmatik xususiyatlar ochib berilgan;
ingliz badiiy matnlari, ularning ruscha va o‘zbekcha tarjimalarida so‘zlardagi harflarni tushirib qoldirish (orfografik me’yor), juft so‘zlarni alohida ifodalash (leksik me’yor), qaratqich, jo‘nalish kelishigi qo‘shimchalarining takror qo‘llanishi (grammatik me’yor) kabi adabiy me’yorlardan chekinish holatlari ortologik aspektda dalillangan;
ingliz badiiy matnlarida stilistik bo‘yoqdorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan metafora, anafora, metonimiya, jonlantirish, o‘xshatish vositalarining rus va o‘zbek tillaridagi tarjimalarda saqlab qolishning muhimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Inglizcha badiiy matnlarning rus va o‘zbek tillaridagi tarjimalarining ortologik tadqiqi asosida:
ingliz tili badiiy matnlarining rus va o‘zbek tillariga maqbul usullar asosida o‘girish haqidagi xulosalardan MUZ 2015-0725140051 raqamli “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining nutqini boyitishda inglizcha, ruscha, o‘zbekcha frazemalar lug‘atini yaratish va amaliyotga tatbiq etish” fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018 yil 22 fevraldagi 89-03-820-son ma’lumotnomasi). Leksik va frazeologik birliklarning ruscha hamda o‘zbekcha tarjimalari borasidagi takliflarning tatbig‘i ushbu tillarning lug‘atini boyitishga xizmat qilgan;
turli tizimli tillarga fonetik, orfografik, leksik, grammatik, punktuatsion va stilistik me’yorlariga amal qilgan holda nutq madaniyatini ifodalash bo‘yicha xulosalardan o‘zbek xalqining boy an’analari, nomoddiy madaniy merosi, milliy o‘zlikni anglashda jamiyatimizda tarixan shakllangan ijtimoiy qadriyatlarning o‘rniga doir “Mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida”gi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 29 martdagi 01-11-09-2088-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan materiallar matnning ifodaliligi, mantiqiyligi, tartibliligi, aniqligi, mazmunliligi sifatlarini aks ettirish imkonini bergan;
ingliz badiiy matnlari va ularning ruscha hamda o‘zbekcha tarjimalaridagi personaj nutqida ifodalangan yosh, ijimoiy mavqe, jins, ta’lim va tarbiya, kasb kabi pragmatik xususiyatlari hisobga olinigan, tadqiqot ishi natijalaridan Buxoro viloyatining turizm imkoniyatlari va salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil maydagi “2017–2019 yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turistik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijrosini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 2 oktyabrdagi 03-22/7177-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot ishida asoslab berilgan pragmatik xususiyatlarni muloqot jarayonida to‘g‘ri ifodalab, suhbatdoshning anglashiga imkon yaratish millatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etgan hamda turistlarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatini oshirgan;
ingliz tili darslarida nutqning ta’sirchanligi va aniqligini ta’minlovchi adabiy me’yorlarni o‘rgatish muhimligi bo‘yicha amaliy xulosalardan “O‘zbekiston” teleradiokanalida “Ingliz tili saboqlari” radioeshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 4 yanvardagi 0001527-son ma’lumotnomasi). Natijada eshittirish uchun tayyorlangan materiallarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan.