Iskandarov Sherzod Abdig‘anievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston arablari etnomadaniy identikligining shakllanishi va transformatsiyasi», 07.00.07–Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.1.PhD/Tar61.
Ilmiy rahbar: Ashirov Adhamjon Azimboevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Doniyorov Alisher Xudayberdievich, tarix fanlari doktori professor; Bo‘riev Ochil tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda yashovchi arab diasporasi etnomadaniy identikligining rivojlanish bosqichlarini etnosotsiologik materiallar asosida o‘rganib, uning zamonaviy O‘zbekiston jamiyatidagi transformatsiyasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston arablarining etnik tarixi, tarixiy migratsiyasi va geografik joylashuvi tarixiy manbalar va respublikaning turli mintaqalaridagi arab etnonimi bilan bog‘liq etnotoponimlar (Arabon, Arab qishloq, Arabovul, Arabsoy, Arabto‘da, Arabsho, Qum Arabxona, Arabxona bolo, Yangi Arabxona, Arabtepa, Qo‘ldosharab, Milkiarab, Chilong‘u arab kabi qishloq, mahalla, guzar nomlari) ochib berilgan;
XX asrdagi siyosiy, madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq tarzda mahalliy arablarning etnomadaniy identikligi, milliy mental xususiyatlari (tafakkurdagi o‘zgarishlar, tarixiy ong, umumiy ruhiyat) va madaniyatida transformatsion jarayonlar sodir bo‘lganligi asoslab berilgan;
mintaqadagi millatlararo munosabatlarda arablarga xos an’anaviy identiklik rivojlanishi (urug‘-qabilaviy o‘zlikni anglashdan milliy va fuqaroviy o‘zlikni anglashga) ijobiy ta’sir etganligi ko‘rsatib berilgan;
O‘zbekiston etno-madaniy landshaftiga arablar xo‘jaligi, moddiy madaniyati assimilyasiyasi va madaniyatlararo muloqot natijasida Respublikaning janubiy mintaqalarida o‘ziga xos lokal madaniyat shakllanganligi jamoaviy kod (urf-odat, an’ana, milliy o‘zlikni anglash)lar asosida aniqlangan;
O‘zbekistonda yashovchi arab diasporasi oilaviy an’analari, xususan, nikoh to‘yi va motam marosimlari asrlar mobaynida ular bilan qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yashab kelayotgan o‘zbek va tojik xalqlari bilan etnomadaniy uyg‘unlik negizida shakllanganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston arablari etnomadaniy identikligining shakllanishi va transformatsiyasi bo‘yicha olingan xulosa va takliflar asosida:
O‘zbekiston arablarining etnomadaniy xususiyatlari, milliy-madaniy qadriyatlarini yoritib berish asosida bayon qilingan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining etnik siyosat va millatlararo munosabatlar konsepsiyasini yaratishda foydalanildgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2019 yil 20 iyundagi 0-09-1040-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari polietnik O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar takomillashuviga, mamlakatimizda milliy totuvlik va hamjihatlikka, milliy-madaniy qadriyatlarni saqlab qolish va rivojlantirishda, yoshlarni milliy qadriyatlar, diniy bag‘rikenglik g‘oyalari asosida tarbiyalashga xizmat qilgan;
O‘zbekiston arablarining etnik, til xususiyatlari, etnomadaniy o‘ziga xosligi Tarix institutida bajarilgan «O‘zbeklar: etnik tarix, madaniyat va an’analar» nomli fundamental loyihaning «XX–XXI asr boshlarida etnik o‘zlikni anglash jarayonlari» nomli bobini yoritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2019 yil 26 iyuldagi 0/1255-2074-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar etnik tarix va milliy identiklik masalalarini zamonaviy nazariy-metodologik qarashlar asosida tadqiq etish hamda respublikada yashovchi turli xalqlar va diasporalar tarixini o‘rganishga manbaviy asos bo‘lgan.