Ayubova Indiraxon Xamidovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Texnika oliy ta’lim muassasalari talabalarida ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish tizimlari”, 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Ped131.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
Ilmiy rahbar: Mahkamov Ulfat Ilhomovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, PhD.28.03.2019.Ped.82.01.
Rasmiy opponentlar: Eshchanov Ruzumboy Abdullaevich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Avazov Sherimmat, pedagogika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: texnika oliy ta’lim muassasalari talabalarida ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish tizimlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
pedagogik jarayon loyihasini ishlab chiqish (ixtirochilik, modellashtirish va eksperiment), uning didaktik mazmunini belgilash (fasilitatsion, kontakt, kontekst, situatsion, adaptatsion) va kadrlar tayyorlash samaradorligini ta’minlash (kasbiy kompetentlikka ustuvorlik berish va hissiy intellekt) asosida ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish tizimlari takomillashtirilgan;
talabalarda ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish tizimlari imkoniyatlari ta’lim jarayonining didaktik, akmeologik, aksiologik omillari integratsiyasi (tabiiy, texnik, ijtimoiy-gumanitar fanlararo; nazariya va amaliyot uzviyligi; ta’lim va fuqarolik institutlari ta’lim funksiyalarini muvofiqlashtirish) asosida kengaytirilgan;
dars va darsdan tashqari mashg‘ulotlarni o‘zaro uyg‘unlashtirib ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish modeli ekologiyada atrof-muhit va inson himoyasiga tayangan ikki tomonlama xavfsizlikka o‘tish zaruriyati, ekologik mutaxassisliklar reestrini kengaytirish, ekoinspektorlar kompetensiyasi ekogumanitar qadriyatlarga yo‘naltirilgan;
ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish tizimining innovatsion-metodik strategiyasi, uning eksperimental darajasi, mezonlari, texnik mutaxassis kompetensiyasi, kvalimetrik xususiyatlarini ekotizim + ekogumanizatsiya + ekoetika + kvalimetrik indikatorlar = inson xavfsizligi integratsiyasi asosida ta’lim samaradorligini ta’minlash uchun tavsiya va takliflar belgilangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Texnika oliy ta’lim muassasalari talabalarida ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish tizimlari rivojlantirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
pedagogik jarayon loyihasini ishlab chiqish, uning didaktik mazmunini belgilash va kadrlar tayyorlash samaradorligini ta’minlash asosida ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga oid takliflar asosida “Atrof-muhit sifat analizi va monitoringi” nomli darsligi ishlab chiqilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2010 yil 17 iyundagi 234-son buyrug‘i, 234-102 raqamli guvohnomasi). Ushbu takliflar talabalarining atrof-muhit haqida fundamental bilimlarga ega bo‘lishlariga, oliy malakali texnik mutaxassisning ekologik motivatsiyasini ta’minlashga xizmat qilgan;
talabalarda ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish tizimlari imkoniyatlari ta’lim jarayonining didaktik, akmeologik, aksiologik omillari integratsiyasi asosida berilgan takliflardan atrof-muhit muhofazasi – 630 000; ta’lim yo‘nalishi: ekologiya va atrof-muhit muhofazasi – 5630100 bakalavriat ta’lim yo‘nalishining DTS mazmunini takomillashtirishda foydalanilgan (“O‘zstandart agentligining 2017 yil 14 sentyabrdagi 01/57852-son ma’lumotnomasi). Natijada, ekologik xavfsizlik madaniyatiga doir mutaxassislik va ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitish sifati oshirilgan, pedagog kadrlarning ekologik kompetensiyasini zamonaviy talablar asosida shakllantirishga erishilgan va ta’lim samaradorligi ta’minlashga xizmat qilgan;
ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish modeli ekologiyada atrof-muhit va inson himoyasiga tayangan ikki tomonlama xavfsizlikka o‘tish zaruriyati, ekologik mutaxassisliklar reestrini kengaytirishga oid takliflar asosida “Toksikologiya” nomli o‘quv qo‘llanma ishlab chiqilgan (Oliy va o‘r ta maxsus ta’lim vazirligining 2013 yil 20 dekabrdagi 484-son buyrug‘i, 484-029 raqam guvohnomasi). Natijada, bo‘lajak texnik muhandislarda kasbiy kompetentlikni shakllantirish samaradorligi oshirilgan, kvalimetrik talablar takomillashtirilgan;
ekologik xavfsizlik madaniyatini shakllantirish tizimining innovatsion-metodik strategiyasi, uning eksperimental darajasi, mezonlari, texnik mutaxassis kompetensiyasi, kvalimetrik xususiyatlarini integratsiyasi asosida ta’lim samaradorligini ta’minlashga oid takliflar asosida “Atrof-muhit sifat analizi va monitoringi” darslik ishlab chiqilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2010 yil 17 iyundagi 234-son buyrug‘i, 234-102 raqamli guvohnomasi). Natijada texnika oliy ta’lim muassasalari talabalarda zamonaviy variativ tafakkurning shakllanishiga erishilgan.