Umurzoqov Bahriddin Safarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aliy Safiyning ilmiy-adabiy merosi va uning «Rashahot aynu-l-hayot» asarining qiyosiy-tekstologik tadqiqi», 10.00.10–Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil353.
Ilmiy rahbar: [Xasanov Saidbek Rustamovich], filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ochilov Ergash Zakirovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Faxruddin Aliy Safiyning ilmiy-adabiy merosini aniqlash, uning «Rashahot aynu-l-hayot» (Hayot bulog‘i tomchilari) asarining qo‘lyozmalari va toshbosma nusxalarini qiyosiy tadqiq etish, shuningdek, mazkur asarning tasavvufiy manba sifatida mumtoz adabiyotimiz tarixida tutgan o‘rnini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Rashahot aynu-l-hayot» asarining manbashunoslar nazaridan chetda qolib kelayotgan Toshkent qo‘lyozma fondlari – O‘zR FA ShI va O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasidagi jami 96 ta, Turkiyaning Istanbul shahri Sulaymoniya qo‘lyozmalar fondidagi 11 ta, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi qo‘lyozma fondlaridagi 17 ta nodir qo‘lyozma nusxalari borligi aniqlanib, ular to‘liq tavsiflangan va ilmiy muomalaga kiritilgan;
O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi fondida saqlanayotgan eng qadimiy, noyob qo‘lyozma «Rashahot aynu-l-hayot» asarining avtograf nusxasi ekanligi isbotlangan;
«Rashahot» asarining XIX asrda Xeva xoni Muhammad Rahimxon Feruz bo‘yrug‘i bilan Domla Xudoybergan o‘g‘li tomonidan Xorazmda amalga oshirilgan o‘zbekcha tarjimasining yagona qo‘lyozmasi birinchi bor monografik tavsiflangan;
«Rashahot aynu-l-hayot» asari adabiy manbashunoslik va matnshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganilib, uning Naqshbandiya sulukiga oid mukammal va ishonchli manba ekanligi asoslangan;
Faxruddin Aliy Safiyning hayoti, faoliyati va adabiy merosi chuqur, batafsil tadqiq etilib, ijodkorning tavalludi va vafot etgan sanasi, u mansub bo‘lgan oila, faoliyat yuritgan sohalari hamda asarlari asosida uning nisbatan to‘liq tarjimai holi tiklangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Faxruddin Aliy Safiyning ilmiy-adabiy merosi va uning «Rashahot aynu-l-hayot» asarining qiyosiy-tekstologik tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Rashahot aynu-l-hayot» asarining qo‘lyozmalari, Faxruddin Aliy Safiyning hayoti, faoliyati va adabiy merosi tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar A-1-117 raqamli «Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomli Sharq qo‘lyozmalari markazi asosiy fondidagi filologiyaga oid qo‘lyozmalarni ilmiy tavsiflash» ilmiy loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 6 iyuldagi 89-03-2148-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot ilmiy natijalari XV asr Hirot adabiy maktabi namoyandalari – Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Koshifiy singari o‘nlab ijodkorlarga oid qo‘lyozma asarlar nusxalarini tavsiflash va tazkira-manoqib yo‘nalishidagi asarlarning qo‘lyozma nusxalari matnini o‘rganishga asos bo‘lgan;
«Rashahot aynu-l-hayot» asarining qiyosiy-tekstologik tadqiqi, asar badiiyati, undagi obrazlar tizimi bo‘yicha olingan natijalardan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida (2012–2016 yy.) bajarilgan «Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish, O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini ilmiy tavsif va nashr etish» mavzusidagi loyiha ishlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 11 iyuldagi 3/1255-1825-son ma’lumotnomasi). Natijada S.Xasanovning «Genetiko-tipologicheskoe issledovanie poemi «Sem` skital`sev» Alishera Navoi» (2014), A.Qayumovning «Alisher Navoi Pyaterisa izumleniy» (2015) tadqiqotlari va Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonining (2016) rus tiliga tarjimalarini tayyorlashda yordamchi manba bo‘lib xizmat qilgan;
Xojagon tariqatiga doir ma’lumotlar, Xojagon mashoyixlari hikmatlari hamda asardagi manzumalarning o‘ziga xosligi va ularning manbalari yuzasidan olingan xulosalardan «Madaniyat va ma’rifat» telekanalida efirga uzatilgan «Buxorolik etti pir» maxsus teleko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» davlat unitar korxonasining 2018 yil 5 martdagi 01-16/128-son ma’lumotnomasi). Tayyorlangan materiallar ko‘rsatuv mazmunini boyitib, teletomoshabinlarda Faxruddin Aliy Safiyning ilmiy-adabiy merosi, uning «Rashahot» asaridagi xojagon-naqshbandiya tariqati tarixi bo‘yicha tasavvurlarini hosil bo‘lishiga xizmat qilgan;
«Rashahot» asaridagi movarounnahrlik ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga doir ma’lumotlar, hikoyatlar yuzasidan olingan xulosalardan «Mahalla» radiokanalida efirga uzatilgan «Ma’rifiy suhbatlar» turkum eshittirishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» davlat unitar korxonasining 2018 yil 5 martdagi 01-16/128-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi radioeshituvchilarda sharq adabiyotida keng tarqalgan ma’naviy-axloqiy va tasavvufiy yo‘nalishdagi asarlar yaratish an’analarining mumtoz adabiyotda ham keng qo‘llanilganini aniq baholash imkonini bergan.