Uzakova Zarina Furkatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Alohida ehtiyojli yoshlarning ijtimoiylashuvi, mehnatga integratsiyalashuvining o‘ziga xos xususiyatlari», 22.00.02–Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi (sotsiologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Sots10.
Ilmiy rahbar: Begmatov Abdullajon Sirojiddinovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.29.12.2018.S.23.04.
Rasmiy opponentlar: Matibaev Taspolat Baltabaevich, sotsiologiya fanlari doktori; Norbekov Anvar Shamuradovich, sotsiologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: imkoniyati cheklangan yoshlarni ijtimoiylashtirish va ularning mehnatga integratsiyalashuvi jarayonlarini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijtimoiylashuvning besh mexanizmi (to‘liq, qisman, bir tomonlama, qayta ijtimoiylashuv, ijtimoiylashuv imkoniyati cheklangan) asosida imkoniyati cheklangan shaxslarni yuqori, o‘rta, quyi darajalarda bosqichma-bosqich ijtimoiylashtiruvchi ierarxik model` ishlab chiqilgan;
imkoniyati cheklangan va sog‘lom shaxslar o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlikning volontyorlik harakati orqali amalga oshirilishi ularni jamiyatga intensiv integratsiyalashuviga imkon yaratishi asoslangan;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini cheklashni bartaraf etish uchun alohida imtiyozlarni qo‘llash orqali (kirish imtihonlari o‘tkaziladigan bino va auditoriyalarda zarur shart-sharoitlar yaratish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha davlat granti kvotalari) ularda intellektual rivojlanish va o‘z-o‘zini ijtimoiy bandligini ta’minlash imkonini oshirishi asoslangan;
inklyuziv tadbirkorlik tizimini joriy etish orqali imkoniyati cheklangan shaxslarning ishlab chiqarish jarayonlariga integratsiyasi va bandligini ta’minlashning ijtimoiy imkoniyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nogironligi bo‘lgan yoshlar ijtimoiylashishi masalalari bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida:
ijtimoiylashuvning besh mexanizmi asosida imkoniyati cheklangan shaxslarning ijtimoiylashuv bosqichlarini aks ettirgan ijtimoiy modeldan Respublika bolalarni ijtimoiy moslashtirish markazi faoliyatida foydalanilgan (Respublika bolalarni ijtimoiy moslashtirish markazining 2019 yil 23 yanvardagi 01/34-son ma’lumotnoma). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiylashtirish jarayoni, modeli va bosqichlari, nogiron bolani tarbiyalayotgan oilalarni tavsiflash va nogironligi bo‘lgan yoshlarning jamiyatga ijtimoiylashuvini tahlil qilish imkonini bergan;
imkoniyati cheklangan shaxslarning jamiyatga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini ta’minlovchi ijtimoiy hamkorlikni yoshlarda ko‘ngillilar harakatini (volontyorlik) rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar orqali amalga oshirishga doir taklif va tavsiyalaridan o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida psixolog ish rejasi hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejalarini shakllantirishda, o‘quvchi-yoshlarda imkoniyati cheklangan tengdoshlariga nisbatan inklyuziv yondashuvni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 22 maydagi 89-03-2141-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalardan foydalanib, «Chegarasiz hayot» mavzusida ijtimoiy loyihalar tanlovi tashkil etilgan, unda ishtirok etgan o‘quvchilar alohida ehtiyojli shaxslarning muammolari va ularning echimlarini birgalikda hal etish, nodavlat notijorat tashkilotlardagi volontyorlik harakatlarida ixtiyoriy ishtirok etishga intilishlari oshgan;
OTMga kirishda nogiron shaxslarga nisbatan kamsitilishni bartaraf etish uchun alohida imtiyozlarni qo‘llash orqali ularda oliy ma’lumot olish va o‘z-o‘zini bandligini ta’minlash imkonini oshirishiga doir taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan 5270-sonli «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 22 maydagi 89-03-2141-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyalardan foydalanib, amaldagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar alohida ehtiyojli yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imkoniyatini kengaytirgan;
inklyuziv tadbirkorlikni tatbiq etish orqali imkoniyati cheklangan shaxslarning mehnat integratsiyasi va qisman bandligini ta’minlashga doir taklif va tavsiyalardan «O‘zbekiston nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi» NNT tomonidan “Nogiron ishbilarmon ayollarning kuchlarini birlashtirish va ular o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish” mavzusidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi grant loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan («O‘zbekiston nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi» NNTning 2018 yil 17 iyuldagi 9-son ma’lumotnomasi). Grant loyihasi doirasida nogironligi bor qizlar tomonidan yaratilgan qo‘l mehnati mahsulotlarini sotishga mo‘ljallangan do‘kon ishga tushirilishi orqali ularning qisman bandligini ta’minlash imkoniyatlari kengaygan.