Sharipova Umida Ikramovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yangi fosfat kislotali kationitlarni oqava suvlar va sanoat eritmalarini tozalashda qo‘llash imkoniyatlari», 11.00.05 – Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/K273.
Ilmiy rahbar: Pulatov Xayrulla Lutpullaevich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.03/30.12.2019.K/T.04.02.
Rasmiy opponentlar: Kulmatov Rashid Anorovich, kimyo fanlari doktori, professor; Sayfutdinov Ramziddin Sayfutdinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yangi samarali ion-almashinuvchi polimer olish usullarini ishlab chiqish, olingan ion-almashinuvchi polimerni oqava suvlarni og‘ir metall ionlaridan tozalash va suvlarni yumshatishda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor polikondensatsion turdagi termo-kimyoviy-radiatsion barqaror fosfat kislotali kationit olingan;
asosiy fizik-kimyoviy, sorbsion va ekspluatatsion xususiyatlarning boshlang‘ich xomashyo materiallarining xususiyatlariga, fosforlantiruvchi agent konsentratsiyasiga, reaksiya temperaturasi va davomiyligiga korrelyasion bog‘liqligi aniqlangan;
monofunksional fosfat kislotali kationit stirol-furfurol polimer asosida olishning optimal sharoitlari aniqlangan;
oqava suvlarni tozalash, yumshatish va kationitni regeneratsiyalash texnologiyasi takomillashtirilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Sanoat oqava suvlarini tozalash va yumshatish uchun yangi ion almashinish qurilmasini olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
stirol-furfurol polimeri asosida yangi fosfat kislotali kationit olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti (№IAR 03886, 2009 y.) olingan. Natijada, oqava suvlarni og‘ir metall ionlaridan tozalash uchun fosfat kislotali kationit ishlab chiqarish imkonini bergan;
sintez qilingan fosfat kislotali kationit “Suvsoz” DUKga qarashli Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasida oqava suvlarni og‘ir metall ionlaridan tozalash jarayonida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof- muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 21 noyabrdagi  03-02/3-3985-son ma’lumotnomasi). Natijada, shahar oqava suvlarini og‘ir metall ionlaridan samarali tozalash imkonini bergan;  
sintez qilingan fosfat kislotali kationit “Hamkor” MChJda sanoat suvlarini deminerallashtirish jarayonida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 21 noyabrdagi  03-02/3-3985-son ma’lumotnomasi). Natijada, texnik suvni tayyorlash samaradorligi ortib, importga chiqarilayotgan kationitlarni mahalliylashtirish imkonini bergan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish