Bekchanov Muzaffarbek Xudaybergenovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xorazm vohasi oqish kapalaklari (Lepidoptera: Pieridae) bioekologiyasi va ularni saqlash muammolari», 03.00.06–Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/B158.
Ilmiy rahbar: Abdullaev Ikram Iskandarovich, biologiya fanlari doktori, profesor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.52.01.
Rasmiy opponentlar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori; Xusanov Alisher Karimovich, biologiya fanlari doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm vohasi oqish kapalaklari – Pieridae oilasining faunasini va turlarni bioekologik xususiyatlarini aniqlash, tabiiy va agrotsenozlardagi ahamiyatini ochib berish hamda tabaqalangan chora – tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xorazm vohasidagi tabiiy va antropogen landshaftlari oqish kapalaklari - Pieridae oilasining faunasi 21 turdan iboratligi va 3 ta kenja oila (Pierinae, Dismorphiinae, Coliadinae), 8 ta avlodga mansub ekanligi aniqlangan;
oqish kapalaklar 21 turining taksonomik tavsifi qabul qilingan sistematika asosida ochib berilgan;
ilk bor Xorazm vohasi faunasi uchun oqish kapalaklarning 16 ta turi, O‘zbekiston faunasi uchun esa, 6 ta turi (Zegris eupheme Esp., Leptidea amurensis Mén., Leptidea sinapis L., Colias myrmidone Esp., Colias eurytheme Bois., Eurema xantochlora Kol) aniqlangan;
oqish kapalak turlarining trofik aloqalari tabiiy va madaniy o‘simliklar bilan bog‘liqligi va ularning ahamiyati baholangan;
Pontia daplidice L., Colias hyale L., Colias myrmidone Esp. turlarining fenologiyasi ochib berilgan;
oqish kapalak qurtlarining oziqa ixtisoslashishi kengligiga qarab guruhlanishi Xorazm vohasi uchun ularning qishloq xo‘jaligi o‘simliklarining zararkunandalari sifatida aniqlangan;
oqish kapalaklarning estetik ahamiyatga ega guruhi aniqlangan va ularni muhofaza qilinishi asoslangan;
oqish kapalaklarning zoogeografik viloyatlar bo‘yicha tarqalishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xorazm vohasi Pieridae oilasi - oqish kapalaklari bioekologiyasi va ularni saqlash muammolari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Xorazm vohasi oqish kapalaklarning 21 turining tarqalishi bo‘yicha tasnifi va ularning GAT xaritalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi amaliyotiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2019 yil 28 yanvardagi 01/18-1-711-son ma’lumotnomasi). Natijada kam va juda kam tarqalgan 13 tur oqish kapalaklari aniqlanib, populyasiyalarini saqlab qolish va muxofaza qilish imkonini bergan;
Xorazm vohasida tarqalgan oqish kapalaklar oilasiga mansub 15 tur va kenja turlariga mansub 129 nusxa hasharot namunalari Respublikada yetakchi bo‘lgan “Zoologiya kolleksiyasi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublika Fanlar akademiyasining 2019 yil 6 avgustdagi 4/1255-2186-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu kolleksiya namunalari Respublikamizning turli hududlarida tarqalgan oqish kapalaklarning tur tarkibini, faunasi, ekologiyasi va landshaftlar bo‘yicha taqsimlanishini aniqlashda, interaktiv atlas tayyorlash imkonini bergan;
Oqish kapalaklar zaharli ayrim turlarining biologiyasi ekologiyasi va zaharining ta’sir mexanizmiga oid ma’lumot va xulosalar asosida “5140100-biologiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha “Zoologiya va zootoksinologiya asoslari” o‘quv qo‘llanmasi ishlab chiqilgan (Guvohnoma, №32-034). Natijada bakalavrlarning zoologiya va entomologiya sohalaridagi bilimlarini boyitish va mustahkamlash imkonini bergan.