Xolnazarov Baxodir Azamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kraxmal sopolimerlari asosida yuqori bo‘kuvchan gidrogellar olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.14–Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/T1283.
Ilmiy rahbar: To‘raev Xayit Xudoynazarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Termiz davlat universiteti, Toshkent kimyo texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.29.12.2018.T.78.01.
Rasmiy opponentlar: Beknazarov Xasan Soyibnazarovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Allaberdiev Farxod Xamroevich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kraxmal sopolimerlari asosida tabiiy iqlim va tuproq sharoitlariga mos bo‘lgan, suv va mineral resurslarni tejovchi, samarali, yuqori bo‘kuvchan qishloq xo‘jaligi gidrogellarini olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kraxmalning vinil monomerlari – akril kislota, akrilamid, akrilonitril, N,N-metilenbisakrilamid bilan bentonit, kaolin va montmorillonit minerallari ishtirokida sopolimerlanishidan 6 ta, glutar al`degid, limon kislota hamda natriy karboksimetilsellyuloza bilan sopolimerlanishidan 3 ta yangi gidrogellar sintez qilingan;
kraxmalning vinil monomerlari bilan sopolimerlari asosida sintez qilingan girogellarning ishqoriiy gidrolizlanishidan polimer zanjirda -ON, -SOONa, -CONH2, -COOH, -CONH, -COO- kabi yangi gidrofil guruhlar hosil bo‘lishi hisobiga gidrogellarning suvni yutish xossalarining yaxshilanishi aniqlangan;
gidrogellarni ishlab chiqarish jarayonida qo‘shilgan bentonit, kaolin, montmorillonit minerallari gidrogellarning suv yutuvchanligini 25% ga, suvni ushlab turish vaqtini 20% ga oshirish bilan birga gidrogellarning issiqlik va mexanik ta’sirga chidamliligini oshirishi hamda tannarxini pasaytirishi aniqlangan;
olingan gidrogellar bo‘kuvchanligi eritmada NaCl, CaCl2, Na2SO4 va boshqa tuzlarning konsentratsiyalari oshib borishi bilan ionlar zichligining yuqori bo‘lishi hisobiga pasayganligi aniqlangan;
kraxmal, akril monomerlari, turli mineral va bog‘lovchi reagentlar asosida mahalliy iqlim va tuproq sharoitlarida samarali, yuqori bo‘kuvchan gidrogellar olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahalliy xomashyolar asosida yuqori bo‘kvchan gidrogellar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
kraxmal sopolimerlari asosida gidrogellar ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari «Navoiyazot» AJda istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga kiritilgan («O‘zkimyosanoat» AJning 2019 yil 6 avgustdagi 01/3-4760-son ma’lumotnomasi). Natijada qishloq xo‘jaligi uchun samarali yuqori bo‘kuvchan gidrogellar ishlab chiqarish imkonini bergan;
kraxmal, vinil monomerlari, turli xil mineral va bog‘lovchilar asosida olingan gidrogellar Surxondaryo viloyati Termiz tumani, Do‘stlik hududi “Saidmurot oltin dala” fermer xo‘jaligi ekin maydonlarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 12 avgustdagi 02/022-1713-son ma’lumotnomasi). Natijada hosildorlikni 15–20%ga oshirish va suvni 20–25%ga tejash imkonini bergan.