Saimnazarova Charos Yuldashevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bug‘doy kasalliklarini bionazorat qilishda kompleks ta’sir etuvchi mikrobiologik preparatlar», 03.00.04–Mikrobiologiya va virusologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/B119.
Ilmiy rahbar: Djumaniyazova Gul`nara Ismailovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Tashmuxamedova Shoxista Sobirovna, biologiya fanlari doktori, professor; Kadirova Gulchexra Xakimovna, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bug‘doy kasalliklarini biologik nazorat qilish va “tuproq-parazit-o‘simlik” tizimini boshqarishda mikrobiologik biopreparatlarning samaradorligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor bug‘doy fitopatogenlarining 12 ta shtammiga nisbatan kimyoviy fungisidlarning Bahor, Celest Top va mikrobiologik preparatlarning Baykal EM-1, RIZOKOM-2 antagonistik faolligi qiyosiy baholangan va bug‘doy urug‘lariga ishlov berish uchun RIZOKOM-2 biopreparatidan biofungisid sifatida foydalanishning afzalligi asoslangan;
ilk bor sun’iy ravishda fitopatogen zamburug‘lari yuqtirilgan namunaviy laboratoriya tajriba tuproqlarida bug‘doy o‘simligi biometrik ko‘rsatkichlarining rivojlanishiga urug‘larni biofungisidlar bilan ishlov berishning kimyoviy fungisidlar bilan qiyosiy jihatdan samaradorligi ochib berilgan;
an’anaviy usulda ekilgan nazorat variantida bug‘doyning ildiz chirish kasalligi – 8%, qora kuya – 17%, boshoq fuzariozi – 15%, al`ternarioz – 2%, septorioz – 15% ni tashkil qilgani hamda RIZOKOM-2 va SERHOSIL biopreparatlari qo‘llanilgan variantida bug‘doyning ildiz chirishi, boshoq fuzariozi, al`ternarioz, qora kuya, septorioz, kasalliklari uchramaganligi aniqlangan;
ilk bor dala sharoitida fermer xo‘jaliklarida RIZOKOM-2 va SERHOSIL biopreparatlarining o‘simlik organlariga makro-mikroelementlarning (N,P,K,Ca,Zn,Mn,Fe) qabul qilinishiga, bug‘doyning o‘sishi va rivojlanishi biometrik ko‘rsatkichlariga ta’siri isbotlangan;
RIZOKOM-2 va SERHOSIL biopreparatlari qo‘llanilganda “tuproq-parazit-o‘simlik” tizimida bug‘doy o‘simligining kasalliklarga chidamliligi va bionazorti oshishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fungisid va biopreparatlarni “tuproq-parazit-o‘simlik” tizimida antifungal faolligini o‘rganish va bug‘doy o‘simligi zamburug‘li kasalliklarini bionazorat qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
RIZOKOM-2 va SERHOSIL biopreparatlari Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi “AGRO STIMUL TEX SERVISE” fermer xo‘jaligida 40 ga bug‘doy maydonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/021-3331-son ma’lumotnomasi). Natijada, bug‘doy o‘simligini “G‘ozg‘on” super elita navining o‘sishi va rivojlanishi yaxshilangan hamda nazorat variantiga nisbatan 35 s/ga gacha qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan;
bug‘doy kasalliklariga qarshi kurashish uchun RIZOKOM-2 va SERHOSIL biopreparatlari Toshkent viloyati fermer xo‘jaligida urug‘larga ekishdan oldin ishlov berilib, 98 gektar bug‘doy maydonlarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/021-3331-son ma’lumotnomasi). Natijada, dalalarda qora kuya, un shudring va zang kasalliklari uchramagan hamda bir gektar maydonda 65 sentner hosil olish imkonini bergan.