Xoliqov Tursunali Suyunovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri «Turli funksional guruhlar tutgan aromatik kislotalarning murakkab efirlari sintezi va ulardan foydalanish», 02.00.03–Organik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/K31.
Ilmiy maslahatchi: Abdushukurov Anvar Kabirovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Maxsumov Abdulxamid Gofurovich, kimyo fanlari doktori, professor; Azizov Umarxon Muxtarovich, kimyo fanlari doktori, professor; Matchanov Alimjon Davlatboevich, kimyo fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli funksional guruhlar tutgan aromatik karbon kislotalarning efirlarini sintez qilishning yangi usullarini ishlab chiqish, ularning tuzilishlarini isbotlash, fizikaviy va biologik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor karbon kislotalar tuzlarining alkilgalogenidlar bilan reaksiyasida dimetilformamidning katalitik xususiyati aniqlangan; 
karbon kislotalar tuzlarining xlorsirka kislotasi efirlari va amidi bilan reaksiyalari olib borilgan va tarkibida to‘rtta karbonil guruhisaqlagan juft anion xossali birikmalar sintez qilingan;
p-holatida turli o‘rinbosarlar tutgan benzoy kislotalar natriyli tuzlarining benzilxlorid bilan katalitik miqdordagi dimetilformamid ishtirokidagi reaksiyalarning borish mexanizmlari aniqlangan;
sanoat chiqindisidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eterifikatsiya reaksiyasi yordamida benzoy kislotasining metil- va etil efirlarini olishning selektiv usuli yaratilgan; 
turli aromatik karbon kislotalarning spirtlar bilan eterifikatsiya reaksiyasida L`yuis kislotalarining katalizatorlik xususiyatlari aniqlangan; 
ilk bor FeCl3•6H2O katalizatori ishtirokida alkilbenzoatlarning benzil spirti bilan qayta efirlanish reaksiyasi olib borilgan va yuqori unum bilan benzilbenzoat olishning preparativ usuli yaratilgan; 
benzilbenzoatni turli sharoitlarda nitrolash reaksiyalari olib borish natijasida biologik faollikni kuchaytiruvchi nitroguruh tutgan hosilalari sintez qilish sharoitlari hamda mahsulot tarkibi nitrolovchi agent tabiatiga bog‘liqligi aniqlangan; 
karbon kislotalarning natriyli va kaliyli tuzlarining alkilgalogenidlar bilan reaksiyalarini katalitik miqdordagi dimetilformamid erituvchisi va trietilamin ishtirokida olib borish xamda bu jarayonda yuqori unum bilan efirlar olish mumkinligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Turli funksional guruhlar tutgan aromatik karbon kislotalarning efirlari sintezi jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida: 
benzoy kislotasining benzil efirini olish uchun tashkilot standarti (Ts 02072392-001:2019) «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan. Natijada qo‘tir, pedikulyoz kasalligiga qarshi qo‘llash mumkin bo‘lgan preparat ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan;
aromatik karbon kislota hosilalaridan dikarbbutoksimetilftalat, dikarbetoksimetilftalatlar qurilmalardagi korroziya jarayoniga qarshi ingibitorlar sifatida Muborak gazni qayta ishlash zavodida amaliyotga joriy qilingan (Muborak gazni qayta ishlash zavodining 2019 yil 22 maydagi 680/68-19.05-son ma’lumotnomasi). Natijada neft`-gazni qayta ishlash metall konstruksiya va qurilmalaring ekspluatatsion samaradorligini oshirish imkonini bergan;
aromatik karbon kislota hosilalaridan dikarbbutoksimetilftalat, dikarbetoksimetilftalatlar qurilmalardagi korroziya jarayoniga qarshi ingibitorlar sifatida “UNG ECONN” MChJ O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasida amaliyotga joriy qilingan (“UNG ECONN” MChJning 2019 yil 28 noyabrdagi 11-462-28.11-son ma’lumotnomasi). Natijada sovutish tizimlari, metall qurilma va konstruksiyalarining korroziyaga qarshi samaradorligini oshirish imkonini bergan;
aromatik karbon kislotalarning murakkab efirlari sintezida L`yuis kislotalaridan foydalanish natijalaridan YoF-7-03 raqamli  «Aromatik birikmalarni etilolimidlar bilan proton va aproton kislotalar ishtirokida maqsadli sintezini o‘rganish» mavzusidagi loyihada almashingan benzoy kislotalar va almashingan sirka kislota hosilalarining murakkab efirlari sintezi jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil dekabrdagi 89-03-2743-son ma’lumotnomasi). Natijada grammusbat va grammanfiy bakteriya mikroorganizmlarga qarshi yuqori bakterisidlik xossaga ega bo‘lgan murakkab efirlarni olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish