G‘o‘dalov Mirkomil Ravshanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining landshaftlarga ta’siri», 11.00.01–Tabiiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Gr113.
Ilmiy rahbar: Sharipov Shavkat Muxamajanovich, geografiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.G.01.06.
Rasmiy opponentlar: Baxritdinov Bahodir Arifovich, geografiya fanlari doktori, professor; Hikmatov Fazliddin Hikmatovich, geografiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika unversiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining atrof landshaftlarga ta’sirini aniqlash, o‘zgarishini prognozlash, tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofidagi landshaftlarning chegaralari dala sharoitida aniqlangan, tasniflangan (2 ta sinf, 3 ta guruh, 3 ta tur, 5 ta toifa, 15 ta xil) va landshaft kartasi yaratilgan;
ko‘llar tizimining atrof tekislik landshaft sinfidagi 7 ta landshaft xiliga (1–7) grunt suvlarining sathi ko‘tarilishi orqali, 3 ta landshaft xiliga (8–10) mikroiqlimdagi namlik va yog‘in miqdorining ortishi orqali, tog‘ landshaft sinfidagi 5 ta landshaft xiliga (11–15) nisbiy namlik va tumanli kunlarning ortishi orqali namoyon bo‘ladigan ta’siri aniqlangan;
ko‘llar tizimidagi suv hajmining kamayishiga bog‘liq holda atrof landshaftlarda qisqa (3–5 yil), o‘rta (6–29 yil), uzoq (30–70 yil) muddatli davrda bo‘ladigan o‘zgarishlar prognozi ishlab chiqilgan;
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi va uning atrofidagi tekislik, past tog‘, o‘rtacha baland tog‘ landshaflarining turizm nuqtai nazaridan qulaylik darajalari (juda ham qulay, qulay, kamroq qulay, qulay emas) baholangan hamda ekoturistik marshrutlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining atrof landshaftlarga ta’siri bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofidagi landshaftlar chegaralarini aniqlash natijalari va yaratilgan landshaft kartasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududining kadastr yig‘ma jildini tayyorlash, hududning joylashishini ifodalovchi batafsil elektron xaritasini ishlab chiqishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 15 noyabrdagi 02-02-/8-1528-son ma’lumotnomasi). Natijada tabiatni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash tadbirlarini landshaftlar doirasida manzilli, ularning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib amalga oshirish orqali chora-tadbirlardan kutiladigan natijalarni ta’minlash imkonini bergan;
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida kelgusida suv hajmining kamayib borish ehtimoli yuqoriligiga bog‘liq holda atrofdagi landshaftlarda bo‘ladigan o‘zgarishlarning ishlab chiqilgan prognozi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining biologik resurslaridan oqilona foydalanish va ularni rivojlantirish, ko‘llar tizimi suv sathini saqlash tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 15 noyabrdagi 02-02-/8-1528-son ma’lumotnomasi). Natijada Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga suv beruvchi manbalardagi suv hajmini va sifatini baholash, suv miqdorini prognoz qilish hamda suv ta’minoti barqarorligiga erishish, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofida ekologik vaziyatni yaxshilash va saqlash, biologik resurslarni rivojlantirish imkonini bergan;
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining atrofdagi landshaftlarning mikroiqlimiga, grunt suvlariga, tuproqlari, o‘simlik va hayvonot olamiga ta’sirini baholash natijalari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘oqlarida Forish va Arnasoy tumanlarida beshta yangi zamonaviy dam olish zonalari qurish va kelgusida ularning turistik salohiyatlarini oshirib borishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 1 noyabrdagi 03-36/7994-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘llar qirg‘oqlarida qurilayotgan dam olish zonalarini landshaftlarning estetik ahamiyati va turistik salohiyatini hamda barqarorligini hisobga olib joylashtirish, reklama mahsulotlarini tayyorlash, turistik infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qilgan;
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi va uning atrofidagi landshaflarning estetik ahamiyati, tabiiy geografik sharoiti ko‘rsatkichlarini turizmda foydalanish nuqtai nazaridan qulaylik darajalarini aniqlash ishlari hamda ishlab chiqilgan yangi ekoturistik marshrutlari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida ichki turizmni jadal rivojlantirishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 1 noyabrdagi 03-36/7994-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi turistik yo‘nalishlar va marshrutlar ishlab chiqishga, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi va uning sohillaridagi landshaftlarning turistik salohiyatidan unumli foydalanishni yaxshilashga va ekoturizmni rivojlantirishga xizmat qilgan.