Azimov Abdulaxat Abdujabborovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning introgressiv tizmalarini biotik stresslarga tolerantligini o‘rganish asosida navlar yaratish», 03.00.09–Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/V89.
Ilmiy maslahatchi: Narimanov Abdujalil Abdusamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Rizaeva Safiya Mamedovna, biologiya fanlari doktori, professor; Rashidova Dilbar Karimovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Abdullaev Alisher Abdumavlyanovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: introgressiv tizmalar ishtirokida olingan duragay populyasiyalar avlodida viltga chidamlilik belgisini irsiylanish va avloddan-avlodga berilish xarakterini tavsiflash, shuningdek kasallik va zararkunandalarga chidamli yangi g‘o‘za navlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor yovvoyi G.trilobum Skovsted diploid turi ishtirokida olingan introgressiv shakllarning genetik potensiali va uning viltga hamda zararkunandalarga chidamlilik bilan bog‘liqligi aniqlangan;
introgressiv shakllar ishtirokida olingan duragaylarda miqdoriy belgilarning irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi, F1 duragaylarida vertisillez viltga chidamlilik dominant xarakterda irsiylanishi aniqlangan;
qimmatli seleksion ashyo yaratishda navlararo duragaylashga nisbatan yovvoyi turlarning foydali belgilarini madaniy G.hirsutum L. turi genomiga, duragaylashda introgressiv shakllar va navlardan foydalanish yo‘li bilan o‘tkazishning original sxemasi ishlab chiqilgan;
turlararo duragaylash asosida olingan introgressiv shakllar viltga, g‘o‘za bitiga (shiraga) va o‘rgimchakkanaga majmuiy chidamli, o‘zida qimmatli xo‘jalik belgilarni mujassamlashtirgan qimmatbaho donorlar ekanligi isbotlangan;
vilt, shira va o‘rgimchakkanaga chidamli, yuqori mahsuldor rekombinantlarni tanlash ishlarini ajralish ketayotgan avlodlarda o‘tkazish samarali ekanligi aniqlangan;
F2 va F3 da eng yuqori transgressiya darajasi va chastotasini ko‘rsatgan genotiplar kombinatsiyasi qolgan duragay kombinatsiyalarga qaraganda yuqoriroq seleksion qiymatga ega ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Genetik-introgressiv liniyalar yaratishda turichi va turlararo chatishtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘rta tolali g‘o‘zaning “Ishonch” g‘o‘za naviga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘iga patent olingan (№NAP00214, 2018 y.). Natijada “Ishonch” g‘o‘za navini suv tanqisligiga chidamliligi va yuqori hosildorligi hisobiga yuqori rentabellik imkonini bergan;
g‘o‘zaning introgressiv tizmalarida qimmatli xo‘jalik belgilarining va biotik stress omillarga bardoshlilikning irsiylanishi bo‘yicha olingan ma’lumotlardan QXA-8-069-2015 raqamli “G‘o‘zaning G.hirsutum L turining turli genomlari asosida suv tanqisligiga va sho‘rlanishga chidamli, tezpishar, yirik ko‘sakli, ekologik plastik navlarini yaratish” loyihasida g‘o‘za genotiplarini biotik stresslarga chidamliligini baholashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining 2019 yil 21 oktyabrdagi T-9/02-1044-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘rta tolali g‘o‘zaning biotik va abiotik omillariga bardoshli namunalarni ajratib olish imkonini bergan;
ajratib olingan introgressiv liniyalardan 20016–QNXZ-B-20 raqamli “Xitoy fanlar akademiyasi yosh talantlarni o‘stirish dasturi” (Xitoy) amaliy loyihasida sho‘rga chidamli namunalarni tanlashda foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti ma’lumotnomasi). Natijada sho‘rxoklikka chidamli liniyalar ajratib olish imkonini bergan;
kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan 21 ta introgressiv tizmalarning hamda “Ishonch” navining urug‘lik materiallari “G‘o‘za genofondi” noyob ob’ekti to‘plamiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 31 iyuldagi 4/1255-2102-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu noyob namunalar g‘o‘zaning dunyoviy genofondini boyitish, qimmatli xo‘jalik belgilarining kompleks majmuiga ega tizmalarning axborot bazasini shakllantirish imkonini bergan.