Xasanova Fotima Mamanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillarida qasamyod nutqiy janrining qiyosiy-tipologik tadqiqi”, 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil610.
Ilmiy rahbar: Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Safarov Shahriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori; Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ingliz va o‘zbek tillaridagi qasamyodlarning janr shakllari mavzu guruhlari, ularning matniy tuzilishidagi milliy xususiyatlarni aniqlash va qiyoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tillarida qasamyod nutqiy janrining leksik-semantik maydonida va’da nutqiy harakatida shaxslararo kelishuv, o‘z zimmasiga biror vazifa olish, ahd nutqiy harakatida qat’iy ahd qilish, ishontirish nutqiy harakatida esa o‘z so‘zlari, xatti-harakatlarining haqiqat ekanligini tasdiqlash, haqiqatga guvohlik berish (biror voqea-hodisaning rost yoki yolg‘onligini tasdiqlash) kabilar mavjudligi isbotlangan;
ahd, va’da, ishontirish nutqiy harakatlari mavjud qasamyod matnlari sodda gap, qo‘shma gap kabi lisoniy va xatti-harakat, imo-ishora singari nolisoniy vositalar yordamida aks etishi dalillangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi qasamyod nutqiy janri sohaviy, diniy, co‘zlashuv uslubiga xosudumlarga asoslangan, ijtimoiy guruh qasamyodlari kabi mavzuiy guruhlariga bo‘linishi isbotlangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi sohaviy, diniy, so‘zlashuv uslublariga oid qasamyodlarning shakliy-kompozision tuzilishidagi lisoniy va nolisoniy vositalarning milliy-madaniy xususiyatlari aniqlangan;
ingliz tilidagi qasamyod matnlarining o‘zbek tilidagi qasamyod matnlaridan rasmiy yozma qasamyod, diniy lavozim qasamyod, gipermatn hajmidagi qasamyod hamda sohaviy qasamyodning diniy bo‘lmagan shakli (affirmation)ning mavjudligi bilan farqlanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ingliz va o‘zbek tillarida qasamyod nutqiy janrining chog‘ishtirma tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
ingliz va o‘zbek tillaridagi qasamyod nutqiy janri yuzasidan berilgan ilmiy va nazariy fikrdan A-1-126 raqamli “Uzluksiz ta’limda o‘quvchilar til kompetentligini shakllantirishning zamonaviy usullari” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 4 sentyabdagi 89-03-3104-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotdan o‘rin olgan materiallar dunyo tilshunosligida til va nutq birliklarining milliy-madaniy xususiyatlarini ochib berish, shakliy-mazmuniy tuzilishidagi o‘ziga xosliklarini aniqlash bo‘yicha ma’lumotlar berishda asos bo‘lgan;
qasamyod nutqiy janrining lingvistik vositalariga oid ikki tildagi materiallardan olingan natijalardan A-1-180 raqamli “Tarjima va madaniyatlararo muloqot masalalariga oid o‘quv qo‘llanmalari yaratish” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 5 apreldagi 89-03-1334-son ma’lumotnomasi). Bu esa ingliz va o‘zbek xalqlari madaniyati, tili va an’analariga oid umumiy va xususiy nutqiy vaziyatlarni oydinlashtirishga, tarjima jarayonidagi leksik-semantik, leksik-stilistik, kompozision, uslubiy va lingvomadaniy xususiyatlarga oid muammolarni aniqlashga xizmat qilgan;
qasamyodlarning kommunikatsiya jarayonida tutgan o‘rni, ingliz va o‘zbek tillarida qasamyodlarning ahamiyati, qasamyod nutqiy janrining milliy-madaniy xususiyatlarini o‘rganish haqidagi xulosalardan Andijon teleradiokompaniyasining “Zamondosh”, “Yoshlar vaqti”, “Bugunning yoshlari”, “Ta’lim va islohat” hamda “Munosabat” eshittirishlarining ssenariysini tuzishda foydalanilgan (Andijon viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 11 apreldagi 20-24/266-son ma’lumotnomasi). Natija va materiallar efirga uzatilgan eshittirishlarni tayyorlashda va ularning mazmun-mohiyatini boyitishda manba bo‘lib xizmat qilgan;
qasamyod nutqiy janrining mavzuiy tasniflanishi, ikki tilga oid qasamyod matnlarida milliy va farqli xususiyatlarning aks etishi, qasamyod nutqiy janrining leksik-semantik maydoni kabi ilmiy-nazariy xulosalar Koreyadagi Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti tomonidan chop etilgan “Korean-Uzbek-English” lug‘atini tuzishda foydalanilgan (Osiyo madaniyati va taraqqiyoti institutining 2019 yil 10 sentyabrdagi 19-211-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘atning o‘zbekcha so‘zlarga beriladigan leksikografik izohlari mukammallashgan.