Saidova Shoira Olimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Meloidogyne avlodi nematodalarining morfo-biologik xususiyatlari va xo‘jalik ahamiyati (Toshkent vohasi misolida)», 03.00.06–Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/B246.
Ilmiy rahbar: Eshova Xolisa Saidovna, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Zoologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.52.01.
Rasmiy opponentlar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori; Haydarova Pardaxol Bobokeldievna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Meloidogyne avlodi nematodalarining morfologik va biologik xususiyatlarini aniqlash hamda “o‘simlik-nematoda” tizimidagi o‘zaro munosabatlari asosida nematodalarning xo‘jalik ahamiyatini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent vohasi sharoitida Meloidogyne avlodi nematodalarining tarqalishi va qishloq xo‘jalik ekinlarining ular bilan zararlanish darajasi aniqlangan;
Toshkent vohasida bo‘rtma nematodalarining 82 tur madaniy va yovvoyi o‘simlik-xo‘jayinlari ro‘yxati tuzilgan, shulardan ilk bor 31 turi O‘zbekistonda bo‘rtma nematodalarning o‘simlik-xo‘jayini ekani isbotlangan;
issiqxona sharoitida pomidorning “TEMP” navi ildizida eryong‘oq bo‘rtma nematodasi rivojlanish jadalligi va urg‘ochi nematodalarning serpushtligi tashqi muhit omillariga bog‘liqligi ochib berilgan;
eryong‘oq bo‘rtma nematodasining o‘simlik-xo‘jayinlari bilan o‘zaro munosabatlari aniqlangan: nematodaning reproduktivlik xususiyati va zararlanishi o‘simlik xo‘jayinlariga bog‘liq holatda ekani asoslangan;
ilk bor Meloidogyne arenaria nematodasi bilan zararlangan pomidor va baqlajon ildizining gistologik o‘zgarishlari aniqlangan;
ilk bor tajriba yo‘li bilan pomidorning “Roza Vostoka”, “Avisenna”, “Toshkent tongi”, “O‘zbekiston” navlarini ildiz bo‘rtma nematodalariga beriluvchanlik xususiyatlari va parazitga chidamlilik darajasi aniqlangan;
qishloq xo‘jalik ekinlari meloydoginoziga qarshi kurash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Meloidogyne avlodi nematodalarining morfo-biologik xususiyatlari va xo‘jalik ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
issiqxona sharoitida pomidorda eryong‘oq bo‘rtma nematodasi – Meloidogyne arenaria qarshi kurashda Vidat L 24 % nematotsid preparatini 10 l/ga sarf me’yorida qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “Sho‘ralisoy Sadaf” fermer xo‘jaligi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining 2019 yil 25 iyundagi 3-30/167-son ma’lumotnomasi). Natijada ildizda bo‘rtmalar hosil bo‘lish jarayoni 79,0% ga va lichinkalarning miqdor jihatdan 96,7%ga kamaytirish imkonini bergan;
qishloq xo‘jaligi o‘simliklari meloydoginozi va unga qarshi kurash chora-tadbirlari yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar “O‘zagrokimyohimoya” AJning Toshkent viloyati hududiy bo‘limi amaliyotiga joriy qilingan (“O‘zagrokimyohimoya” AJning 2019 yil 16 avgustdagi 02-13/804-son ma’lumotnomasi). Natijada qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligini 15–20%ga oshirish imkonini bergan;
Meloidogyne arenaria turiga mansub 25 nusxa anal-vul`var plastinkali preparati, nematoda namunalari hamda nematoda bilan zararlangan pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri ildizlarining namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan “Zoologiya kolleksiyasi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 5 apreldagi 4/1255-1062-son ma’lumotnomasi). Natijada yig‘ilgan namunalar Meloidogyne avlodi nematodalarining tur tarkibini aniqlash, o‘simlik ildizi va ildiz to‘qimasiga patologik ta’siri yuzasidan ma’lumotlarni tahlil qilish imkonini bergan.