Yuldashev Nurbek Normurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qashqadaryo viloyatida mehnat resurslari shakllanishining ijtimoiy-demografik omillari va hududiy xususiyatlari», 11.00.02–Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Gr39. 
Ilmiy rahbar: Tojieva Zulxumor Nazarovna, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.G.01.06.
Rasmiy opponentlar: Qayumov Abduhakim Abduhamidovich, geografiya fanlari doktori, professor; Islamov Anvar Ashirkulovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qashqadaryo viloyatida mehnat resurslari shakllanishining ijtimoiy-demografik omillari va ularning hududiy xususiyatlarini aniqlash, aholi bandlik darajasini oshirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qashqadaryo viloyati aholisining yosh-jinsiy, hududiy tarkibi va mehnatga layoqatli qismining 2030 yilga mo‘ljallangan prognoz parametrlari kogort-komponent (yosh siljitish) usuli asosida ishlab chiqilgan; 
viloyat va hududlar mehnat bozoriga kutiladigan demografik bosim, yangi ish o‘rinlariga bo‘ladigan talab (ta’lim muassasalari bitiruvchilari asosida) hamda mehnat rusurslari shakllanishi va taqsimlanishining 2025 yilga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlari ekspert baholash usulida ishlab chiqilgan;
mehnat resurslari hisobot balansining shakllanish qismi xorijiy ishchilar va mehnat migrantlarini qo‘shish orqali takomillashtirilgan; 
ilk bor mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligi ko‘rsatkichlari (iqtisodiy faollik, bandlik, ishsizlik va ish bilan ta’minlanish darajalari) aks ettirilgan «Qashqadaryo viloyati mehnat resurslari» kartasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qashqadaryo viloyati mehnat resurslari shakllanishining ijtimoiy-demografik omillari va hududiy xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Qashqadaryo viloyatida aholining yosh-jinsiy va hududiy tarkibi hamda mehnatga layoqatli aholisining kogort-komponent usulida hisoblangan 2030 yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari Davlat statistika qo‘mitasining 2018 yil 4 maydagi 13-son qarori bilan tasdiqlangan «Mehnat resurslari hisobot balansini hisoblash bo‘yicha uslubiy nizom»ni ishlab chiqishda foydalanilgan (Davlat statistika qo‘mitasining 2019 yil 5 martdagi 01/1-12-17/2-72-son ma’lumotnomasi). Natijada viloyat aholisi va mehnat resurslari, mehnatga layoqatli aholisining dinamik o‘sishi, joylashuvi, 2030 yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari inobatga olingan holda tuman va shaharlarni ijtimoiy-ijtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish imkonini bergan;
Qashqadaryo viloyatida mehnat bozoriga kutiladigan demografik bosim hamda yangi ish o‘rinlariga bo‘ladigan talab hamda mehnat rusurslari shakllanishi va taqsimlanishining 2025 yilga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Konsepsiyasi» to‘g‘risidagi qarori loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 10 apreldagi RG-3-1/69-son bilan Prezident Administratsiyasiga tegishli tartibda yuborilgan xati; vazirlikning 2019 yil 12 iyundagi BU-6-3-1/20-4-son ma’lumotnomasi). Natijada hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xususan, aholi bandligi tarkibini yanada takomillashtirish, ishsiz aholini ish bilan ta’minlash hamda kelgusida yaratiladigan ish o‘rinlarini kutiladigan demografik bosimga mutanosib holda tashkil etish imkoniyati yaratilgan;
mehnat resurslari hisobot balansining hozirda hisobga olinmayotgan xorijiy ishchilar sonini qo‘shish evaziga takomillashtirilgan shakllanish qismi Davlat statistika qo‘mitasining 2018 yil 4 maydagi 13-son qarori bilan tasdiqlangan «Mehnat resurslari hisobot balansini hisoblash bo‘yicha uslubiy nizom»ni ishlab chiqishda foydalanilgan (Davlat statistika qo‘mitasining 2019 yil 5 martdagi 01/1-12-17/2-72-son ma’lumotnomasi). Natijada respublikada mehnat resurslarini shakllanishiga ta’sir etuvchi demografik omillarni chuqur statistik tahlil etishga va tahlillarda foydalaniladigan statistik ko‘rsatkichlarning tarkibini kengayishiga olib kelish jumladan, mehnat resurslari hisobot balansining (shakllanish qismidagi mehnatga layoqatli yoshdagi aholi, ishlovchi yoshlar va keksalar) hozirda mavjud metodikasini takomillashtirish imkonini bergan;
reyting tizimi asosida ilk marta ishlab chiqilgan viloyat mehnat resurslarining rivojlanishi, kasbiy-malaka va mobillik darajasi hamda ulardan foydalanish samaradorligi ko‘rsatkichlari aks ettirilgan «Qashqadaryo viloyati mehnat resurslari kartasi» O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hududlarni baholashning reyting tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Qaror loyihasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 15 maydagi RG-3-1/6-90-son xati bilan tegishli tartibda kelishish uchun vazirlik va idoralarga yuborilgan). Natijada hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlarini shakllantirish, aholi ish bilan bandligini oshirish hamda mehnat resurslaridan samarali foydalanish imkonini bergan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish