Djabbarov Ibroxim Shodmonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston janubi-g‘arbiy mintaqasidan qadimiy mahalliy bahorgi yumshoq bug‘doy nav namunalarining genetik va fiziologik xilma-xilligi», 03.00.09–Umumiy genetika; 03.00.07–O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/B99.
Ilmiy maslahatchilar: Rizaeva Safiya Mamedovna, biologiya fanlari doktori, professor; Xodjaev Jurakul Xodjaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.53.
Rasmiy opponentlar: Davronov Qodirjon Sotvoldievich, biologiya fanlari doktori, professor; Xalilov Nasriddin Xalilovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Avtonomov Viktor Aleksandrovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston janubi-g‘arbiy mintaqasidagi bahorgi yumshoq bug‘doy qadimiy nav namunalarining genetik va fiziologik xilma-xilligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor bahorgi yumshoq bug‘doy qadimiy nav namunalari belgilarining jo‘g‘rofiy tarqalganligi va xilma-xillik xususiyatlari aniqlanib, O‘zbekiston janubi-g‘arbiy mintaqasi qadimiy bahorgi yumshoq bug‘doyining morfologik va fenologik belgilari va fiziologik xususiyatlari, o‘simliklar hosildorligi ko‘rsatkichlari va joylashgan eri ma’lum beshta mikrosatellit tarkibi baholangan;
O‘zbekiston janubi-g‘arbiy mintaqasi qadimiy bahorgi yumshoq bug‘doy botanik tarkibi bo‘yicha geterogen ekanligi, bir qancha sifat va miqdoriy belgilarning majmuasi bilan farqlanadigan ikkitadan to to‘rttagacha botanik xilma-xillikdan iboratligi aniqlangan;
O‘zbekiston janubi-g‘arbiy mintaqasidagi qadimiy yumshoq bug‘doy navlari morfologik va fenologik belgilari hamda hosildorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha keng xilma-xillikka ega ekanligi isbotlangan;
ilk bor qadimiy navlardan tanlab olingan genotiplarda beshta mikrosatellit lokuslari uchun 34 ta allellar identifikatsiyalangan hamda O‘zbekiston janubi-g‘arbiy mintaqasi doirasida Xgwm 46 lokusining 121 va 260 allellari, Xgwm 199 lokusining 99 va 177 allellari va Xgwm 415 lokusining 121 va 135 allellari jo‘g‘rofiy eng ko‘p tarqalganligi aniqlangan;
bahorgi qadimiy mahalliy yumshoq bug‘doyda turli ekologik hududlarda hosildorlik ko‘rsatkichini va genetik xilma-xillikni belgilovchi genlar spektrining kuchli qayta taqsimlanishi ro‘y berishi isbotlangan;
ilk bor miqdoriy belgilarning jo‘g‘rofiy o‘zgaruvchanligi hamda o‘simliklar o‘sishi va rivojlanishining fiziologik xususiyatlarini tahlil qilish asosida bahorgi yumshoq bug‘doyning keng moslashuvchanlik potensialiga ega yuqori plastik duragaylarini olish uchun chatishtirishga tashqi muhit sharoitlarining o‘zgarishiga ta’sirchanligi turli tipda bo‘lgan nav namunalarini jalb etish maqsadga muvofiqligi aniqlangan;
bahorgi yumshoq bug‘doy tizmalarida o‘sish jarayonlarining sutkalik va ontogenetik davridagi o‘xshashlik va farq genotip hamda etishtirish sharoitlariga bog‘liqligi aniqlanib, bahorgi yumshoq bug‘doy tizmalarida hosildorlik strukturasi tarkibiy qismlarining meteorologik sharoitlarga bog‘liq ravishda shakllanishidagi farqlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bahorgi yumshoq bug‘doy qadimiy nav namunalarining genetik va fiziologik xilma-xilligini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
turichi murakkab bosqichli duragaylash usuli bilan yaratilgan bahorgi yumshoq bug‘doyning Oxalik-1 navi Samarqand viloyati Jomboy tumani “Ozodnurmevahosil”, “Laylo Tursunova erlari” va Pastdarg‘om tumani “Bek-Dil-Bex-Shoxsuvoriy” fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 19 apreldagi 02/021-253-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi yaratilgan Oxalik-1 navi yaxshi sifatli va yuqori don hosili olish imkonini bergan;
almashlab ekishga ixtisoslashgan yangi texnologiya Samarqand viloyatining Jomboy (“Ozodnurmevahosil”, “Laylo Tursunova erlari”), Pastdarg‘om (“Bek-Dil-Bex-Shoxsuvoriy”) va Nurobod (“Omonjon Jom g‘allakori”, “Imomtepa”) tumanlari fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2019 yil 29 maydagi 01/03-1437-son ma’lumotnomasi). Natijada bahorgi yumshoq bug‘doyning barqaror yuqori hosildorligini ta’minlash hamda yuqori sifatli urug‘lik olish imkonini bergan;
bahorgi yumshoq bug‘doyning qadimiy nav namunalaridan qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha ajratib olingan genotiplar Tojikiston Respublikasi Genetik resurslar markazining “Qishloq xo‘jalik ekinlari genofondini yaratish, boyitish va foydalanish” amaliy loyihasida qadimiy bug‘doy navlari genbankini yaratishda foydalanilgan (Tojikiston Qishloq xo‘jalik fanlari akademiyasi Genetik resurslar milliy respublika markazining 2019 yil 1 maydagi 1-40-son ma’lumotnomasi). Natijada donli ekinlar genbanki kolleksiyasini boyitish va bahorgi yumshoq bug‘doyning yangi istiqbolli shakllari va tizmalarini ajratish imkonini bergan.