Kaxarova Iroda Sidikovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillaridagi his-hayajon gaplarning kognitiv-pragmatik talqini (Somerset Moemning asarlari misolida)”, 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil402.
Ilmiy rahbar: Boqieva Gulandom Hisamovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Siddiqova Iroda Abduzuhurovna, filologiya fanlari doktori; Nasrullaeva Nafisa Zafarovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ingliz va o‘zbek tillaridagi his-hayajon gaplarning grammatik, funksional-stilistik xususiyatlarini ingliz adibi Somerset Moem asarlari tarjimasi misolida kognitiv-pragmatik aspektda yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
emotsiya, denotatsiya, konnotatsiya, ekspressivlik va intensivlik kategoriyalarining mohiyati til – tafakkur – hissiyot ketma-ketligida kontekstual hamda chog‘ishtirma tadqiq metodlari asosida ochib berilgan;
his-hayajon gaplarning kognitiv-pragmatik, grammatik, tipologik, badiiy-uslubiy xususiyatlari tilshunoslik sohalari uzviyligida aniqlangan;
emotsiya, denotatsiya va konnotatsiya kategoriyalarining ong va tilda o‘zaro semantik bog‘liqligi, ularning his-hayajon gaplarda ifodalanish usul va turlari, leksik, grammatik, stilistik vositalari, sinkretlashish holatlarining tarjima matnlarida qo‘llanishiga xos spesifik belgilari takomillashtirilgan;
ruhiy holatlarni til va nutqda aks ettirish uchun xizmat qiluvchi maxsus emotsional lisoniy birliklar, grammatik kategoriyalar shakllangani, ularning har ikkala til tizimida his-hayajon gaplarni yaxlit sintaktik qurilma ko‘rinishida hosil qilishdagi roli dalillangan;
Somerset Moem asarlarining o‘zbekcha tarjima matnlari misolida his-hayajon gaplarning lingvokul`turologik jihatdan universal, differensial qirralari, tarjima muammolari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Somerset Moem asarlaridagi his-hayajon gaplarni kognitiv-pragmatik tadqiq etish jarayonida olingan natijalar asosida:
tadqiqotga tortilgan his-hayajon gaplarning lingvistik xususiyatlariga bag‘ishlangan tahliliy fikrlari va nazariy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining «O‘zbekiston bo‘ylab sayyohat qil!» davlat dasturi doirasida foydalanilgan (Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 23 sentyabrdagi 05-22/6993-son ma’lumotnomasi). Natijada his-hayajon gaplarning pragmatik aspektda yoritishda mehmondo‘stlik va turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar xodimlari, gid-tarjimon, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar tomonidan qo‘llanilishiga, jumladan, hozirgi kunda yangidan barpo etilayotgan turizm zonalarida turistlar bilan bevosita muomalada bo‘lish, suhbat chog‘ida bir-birlarini kognitiv aspektda tushunish orqali rivojlantirishga xizmat qilgan;
turli tizimli tillarda denotatsiya, konnotatsiya turlari va mohiyati ochib berilganligi, S.Moemning tarjima qilingan asarlarida his-hayajon gaplar va ularning o‘zbek tilida berilishining ifodasi haqidagi xulosalardan F-1-06 raqamli «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi» mavzuidagi fundamental tadqiqot loyihasining «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida jahon ilg‘or tadqiq metodlarining zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligiga tatbig‘i (psixoanaliz, germenevtika, strukturalizm, semiotika)» qismida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 7 yanvardagi 89-03-37-son ma’lumotnomasi). Natijada his-hayajon gaplarning emotsional-ekspressiv ifodalar orqali badiiy adabiyotda ifodalanishi, adabiy-estetik mohiyat kasb etishi haqidagi ilmiy-nazariy xulosalar chiqarilgan;
qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik aspektida ochib berilgan ingliz va o‘zbek tillaridagi his-hayajon gaplarning turlari, ma’nolari, qo‘llanilishi, morfologik kategoriyalari hamda ularning tipologik va pragmatik xususiyatlariga oid ilmiy xulosalar bakalavriat ta’lim yo‘nalishida «Qiyosiy tipologiya va tarjima nazariyasi» fani, shuningdek, magistratura mutaxassisligida «Qiyosiy tilshunoslik» fani bo‘yicha namunaviy dasturlar mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 15 noyabrdagi 541-04-01-son ma’lumotnomasi). Taklif qilingan tavsiya va xulosalar asosida fan dasturlari va darsliklar takomillashtirilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida emotsiyani ifodalash usullari va vositalari, his-hayajon gaplar va ularning o‘zbek tilida berilishining lisoniy hamda sintaktik-stilistik ifodasi haqidagi ma’lumotlardan «O‘zbekiston» teleradiokanalining madaniy-ma’rifiy mavzudagi «Bedorlik» radio eshittirishi, Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining «Zamondosh» (noyabr`), «Welcome to Bukhara» teleko‘rsatuvlarida hamda DUK «Ma’naviy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar» muharririyati tomonidan tayyorlangan «Ta’lim islohotlari» radioeshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining 2018 yil 12 martdagi O‘z/RS–41-son, Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2018 yil 29 dekabrdagi 01/620-son ma’lumotnomalari). Ingliz tilidagi his-hayajon gaplarning o‘zbek tilida berilish jarayonining semantik tahlili orqali aniqlangan ilmiy ma’lumotlar eshittirish mazmun-mohiyatini boyitib, saviyasini oshirishga imkon yaratgan.